(Birinchi maqola)
Oʻz vaqtida V.G.Belinskiy «Yevgeniy Onegin» romanini «rus hayotining ensiklopediyasi» deb atagani kabi, «Oʻtgan kunlar»-ni «oʻzbek hayotining ensiklopediyasi» deyishga toʻla asos borligiga hech bir ziyoli oʻzbek shubha qilmasa kerak. Zero, milliy turmushni, oʻzbekka xos milliy xarakter xususiyatlarini, milliy tafakkur tarzini bu qadar yorqin tasvirlagan ikkinchi bir asarni topish mushkul. Faqat bunday xulosa endilikda isbot talab qilmaydigan aksiomaga aylanib qolayotgandek tuyuladi. «Xoʻsh, buning nimasi yomon? Axir, asarning buyukligi-yu milliy ahamiyati soʻzsiz eʼtirof etilsa, yaxshi emasmi?!» – dersiz, ehtimol. Hech kim inkor etmasa kerakki, «Oʻtgan kunlar»ni hijjalab oʻqigan holda jozibasiga asir boʻlish bilan oʻqimasdanoq «oʻzbek hayotining ensiklopediyasi» oʻlaroq eʼtirof etish orasida yer bilan osmoncha farq bor. Afsuski, yoqsa-yoqmasa, bir haqiqatni tan olishga majburmiz: hozir «Oʻtgan kunlar»ning buyukligini isbot talab qilmaydigan haqiqat sifatida hamma eʼtirof etadi, biroq uning oʻqilganlik va uqilganlik darajasi hamon koʻngildagidek emas. Bu esa mazkur hol sabablari muhokamasini adabiyot shunoslik, xususan, qodiriyshunoslik oldidagi muhim va dolzarb masalalardan biriga aylantiradiki, shu haqda mulohaza yuritishga jazm qilamiz.
Eng avval, roman yozilganiga qariyb bir asr boʻlgani, oʻshanda navqiron adib yetmish yillar ilgarigi «moziyga qaytgani»ni ham yodga olish kerak boʻladi. Shuni oʻylaganda beixtiyor «Bugungi oʻquvchi asar badiiy voqeligini qiynalmay tasavvurida qayta yarata oladimi? Roman voqeligidagi hamma narsa unga tanishmi? Turfa hayotiy holatlar tasviri qatida botin nozik maʼno jilvalarini ilgʻay oladimi?» qabilidagi savollar safi tiziladi. Oʻzimni oʻylatgan mazmundagi shunday savollarni joyini topib talabalarga ham, hamkasblarga ham, adabiyot ixlosmandlariga ham berib koʻrdim. Javoblardan shunga amin boʻldimki, bu masalada oʻzimizga boridan koʻra balandroq baho qoʻyamiz ekan, yaʼni hammamiz «Oʻtgan kunlar»ni hech bir qiyinchiliksiz tushuna olishimizga amin ekanmiz. Holbuki, romanni sinchiklab oʻqish chogʻi qarshimizda oʻnlab savollar qalqib chiqishi ham ayni haqiqat. Mutolaa chogʻi shuning neligini bilishga qiziqish ham, zarurligini his qilish ham tugʻiladi, lekin umumiy maʼnosi tushunarli boʻlgani bois qunt qilinmaydi, keyin yana unutilib ketadi. Haqiqatda esa, agarki matndagi soʻzni, uning ortidagi narsa, hodisa yo tushunchani bilmas ekanmiz, tasavvurimizda oʻsha matn asosida yaraluvchi badiiy voqelik ham, unda mujassam topgan maʼni ham kemtik boʻlib qolishi shubhasiz. Qulayligi uchunmi yo durustroq tartib hadeganda aqlimga kelavermaganigami, hartugul, fikr-mulohazalarim bayonini asarni oʻqish asnosidagi duch kelish tartibida boshlaganim oʻngʻayga oʻxshadi.
Qonida savdogarlik bor emasmi, Otabekni saroyga yoʻqlab borgan Rahmat uning Toshkentdan nimalar keltirgani bilan qiziqadi. Otabekning javobi ham loʻndagina: «Arzimagan narsalar: gazmol, qalapoy afzali va biroz qozon». Xoʻp, «gazmol» bilan «qozon» tushunarli, «qalapoy afzali» nima? Qizigʻi, roman nashrlarida bu soʻz birikmasi turlicha koʻrinishda uchraydi: «Inqilob» jurnali nashrida «qala poy afzali» ( )قاال پاى افضلىshaklida berilib, bu yerda qismlarning aniq ajratib yozilgani eski oʻzbek yozuvi qoidasiga muvofiq. 1925-yil nashrida «qala» va «poy» qismlarining bir-biriga yaqin ( )قاالپاىekanligi bois (yozuvda qoʻshilmagani uchun qoʻshib yozilgan deyishdan tiyilib turamiz) bitta soʻzdek koʻrinadi, «afzali» qismi esa alohida ajratib yozilgan. Holbuki, keyingi holda («afzal»ning «poy»dan ajratilishida) ham «Inqilob»da amal qilingan qoidadan kelib chiqilgan. Yaʼni bir oʻrinda qoidaga amal qilib, ikkinchi oʻrinda inkor qilish holati kuzatilayotirki, bu mazkur hol texnik sabablar bilan yuzaga kelgan boʻlishi ham mumkin degan andishaga olib keladi.
1933-yil nashrida «qalapoy afzali» («qalapaj әfzәli») tarzida aynan 1925-yil nashridagi shaklda, 1958-yil nashrida esa «qolapoy afzali» (7-bet) shaklida berilgan, keyingi nashrlarda ham, asosan, shu shakl ustuvorlik qiladi. Jumladan, Xondamir Qodiriy tomonidan tayyorlanib, 2014-yilda «Sharq» nashriyoti chop etgan «Tanlangan asarlar»da ham birikma «qalapoy afzali» shaklida berilsa-da, sahifa ostida: «Qalapay afzali – poshnasi baland, randli kovush» (9-bet), – deya izohlanganki, bunda birinchi soʻzning uchinchi boʻgʻinida ham «a» yozilgan. Xullas, aytmoqchimizki, bugungi kun oʻquvchisiga shundoq ham tanish boʻlmagan soʻzlarning tushunilishi turlicha yozilish hisobiga yanada qiyinlashgan. Boz ustiga, izohdagi «randli»1 sifatlovchisining oʻzi ham izohga muhtoj, bugungi oʻquvchi uning neligini tushunmaydi, aksari tushunishga harakat ham qilmaydi. Mabodo tushunmoq qasdida «Oʻzbek tilining izohli lugʻati»ga murojaat qilib qolgudek boʻlsa, unga bu soʻzning kiritilmaganiga amin boʻladi. Ilojsiz qolib, u ham gap nima haqdaligini chala tasavvur qilgan holda oʻqishda davom etadi. Keyinroq, Kumushbibi bilan ilk bor tanish tirilgach, adibning u haqda «Kichkina latif oyoqlarigʻa otasining yaqindagʻina olib bergan qala kavshini kiydi va oshxona yumishi bilan qorishib yotqan onasining oldigʻa bordi» degan gapini oʻqigach, zehn solsaki, bunda «qalapoy» emas, koʻproq «qala»ning oʻzi sifatlovchiga oʻxshaydigandek. Sal keyinroq, kuyovnakarlar hamrohligida kirib kelgan Otabekning «boshida simobi shohi salla, ustidan qora movut sirilgan sovsar poʻstin, ichida oʻzining Shamayda tiktirgani osmoni rang movut kamzul, movut shim, oyogʻida qalapoy afzali» koʻrgach, andishasi yana kuchayadi. Darvoqe, 1958-yil nashrining ayni oʻrnida qolapoyafzali shaklida qoʻshib yozilgan (55).
«Oʻzbek tilining izohli lugʻati»da «qalapoy» soʻzi boʻlmasa-da, «qala» soʻziga gʻoyat muxtasar izoh berilgan: «Qala shv. Shahar, qalʼa».2 Biroq lugʻatda bizni qiziqtirgan soʻzga yaqin «qalacha soʻziga: «Qalacha esk. Shaharga xos, shaharcha» tarzida izoh berilgan-da, Sobir Abdullaning «Mavlavi Mirsiddiqning ijodlari» hikoyasidan mana bu gap misol qilingan: «Kuz, dehqon bozorini moʻljallab besh yuz par amirkon xirom zaifona mahsi va yuz par qalacha kavush gʻamlagan edim».3 Aytilganlardan kelib chiqsak, Otabekning gapidagi «qala» soʻzi ham ayni shu maʼnoda, yaʼni «shaharcha fasondagi poyafzal», «shaharbop poyafzal» maʼnolarida qoʻllangan boʻlishi, bizningcha, mantiqan toʻgʻriroq koʻrinadi. Shunga koʻra, romanning keyingi nashrlarida mazkur soʻz birikmasining «qalapoy afzali» shaklida emas, «qala poyafzali» shaklida yozilgani maqsadga muvofiq, zero, chindan ham, Otabekning Margʻilonga «gazmol, qala poyafzali va biroz qozon» keltirgani haqiqatga yaqinroq boʻladi. Xoʻp, bu-ku mayli, savdogar keltirib saroy hujralariga bosib qoʻygan turfa mollarning biri-da dermiz-qoʻyarmiz. Biroq, agarki «qala poyafzali» neligi-yu qandayligini bilmas ekanmiz, demak, «qala kovush» kiygan Kumushni ham, kuyov saruposidagi Otabekni ham chala tasavvur qilayotgan boʻlishimiz tayin.
Shunga oʻxshash, roman yaratilgan davr oʻquvchisi tasavvurida Qodiriy birgina chizgi bilan uygʻota olgan tasvir hozirgi oʻquvchi nigohiga judayam xira boʻlib koʻrinadi – bamisoli aslida suratga rangli olingan filmni televizor nosozligi sabab oq-qora tasvirda koʻrayotgan kabi. Masalan, ilk oʻquvchi «ichidan atlas koʻynak, ustidan odmi xon atlas guppi kiygan, boshigʻa oq dakanani xom tashlagʻan, oʻttuz besh yoshlar chamaliq goʻzal, xush bichim bir xotin» deya tanishtirilgan Oftob oyimni aniq-tiniq koʻz oldiga keltirgan. Hozirgi oʻquvchi tasavvuridagi surat esa bir qadar mavhum. Zero, uning uchun Oftob oyim egnidagi koʻylak matosi bilan guppi matosi farqli emas – u, umuman, atlasni tasavvur qiladi. Holbuki, romanda xonadonlar-u oʻrdadagi atlas koʻrpa-toʻshak, Oftob oyim ustidagi «odmi xon atlas guppi», Azizbek yuzboshilariga inʼom etgan «atlas chopon»dan tashqari yana bir necha oʻrinda shu mato tilga olinadiki, ayrimlarini eslatib oʻtamiz:
1) ilk bor koʻrganimizda Kumushning egnidagi «sariq rupoh atlas»;
2) yoʻl qarab oʻtirgan Kumush kuyovi yoqtirgani uchun tanlab kiygan «sovsar gulli qora atlas»;
3) usta Alim fitr roʻza bahona olib borgan «Saodat uchun sakkiz tepki xon atlas»;
4) Oʻzbek oyim «oʻz uyida oʻlturgʻanida ham» ustida boʻluvchi «atlas koʻynak»;
5) «Kumush bilan Zaynabka atalib olingʻan xon atlas».
Avvalo, bular atlasning universalligi, uning milliy turmushda gʻoyat keng oʻrin tutganini koʻrsatadi: u roʻzgʻorda ham, erkag-u ayol, yosh-u qarining yozlig-u qishlik kiyimida ham ishlatilgan. Ayni chogʻda, har bir konkret oʻrinda atlas shunga mos boʻlgani ham aqlga tayin: Kumush kiygan atlas bilan Oʻzbek oyimning koʻylak matosi boshqa, yuzboshilarga tuhfa etilgan chopon matosi bilan Otabek oʻtirgan toʻshak matosi boshqa. Atlas marosimlardagina kiyiladigan libosga aylangan bugungi kun oʻquvchisi shu farqlarni yorqin tasavvur eta oladimi? Oʻylashimizcha, yoʻq. Shunday ekan, romandagi tasvir ranglarining tussizlashuvi ham muqarrar ekan-da?!
Oftob oyim engil-boshidagi tagʻin bir muhim detal – «bo shigʻa oq dakanani xom tashlagʻan»cha oʻtirgani. Koʻp qatori men ham buni «boshiga katta oq roʻmolni tashlab» oʻtiribdi deb tushunaman, koʻz oldimga bolaligimda koʻp koʻrganim shunday holat keladi. Shu tasavvurimda qolaversam ham boʻlardi, lekin bunga bir jiddiy mone bor. U ham boʻlsa dakananing koʻproq dokadan boʻlishi haqidagi maʼlumot bilan ham tanishligim: «Tosh kent va uning atrofida katta yoshli xotinlarning lokki, peshona band ustidan bosh uzra tashlab yuriladigan oq doka roʻmoli dakana deyiladi».4 Agar Oftob oyim eri va onasi bilan «chorxari ayvonning oʻrta bir yerida, ustiga atlas koʻrpalar yopilgʻan tancha»da oʻtirganlari, buning «1264-inchi hijriy, dalv oyining oʻn yettinchisi»dan keyingi bir hafta-oʻn kun orasiga, yaʼni fevral oyining oʻrtalariga toʻgʻri kelishi eʼtiborga olinsa, hartugul, bo shiga doka roʻmol tashlab oʻtirishga biroz ertaroq emasmi degan andisha keladi. Shundan forigʻ boʻlish niyatida Milliy ensiklopediyani varaqlayman: «DAKANA – ayollar roʻmoli; odatda, qora yoki oq satindan tayyorlanadi va soch farqini berkitib, sochni tutib turishga xizmat qiladi. Koʻproq oʻrta yoshli va keksa ayollar katta (koʻpincha oq doka) roʻmol tagidan oʻraydilar. Ayrim joylar (Fargʻona vodiysi)da durra, durracha ham deyiladi».5 Koʻrib turganingizdek, tasavvurim oydinlashish oʻrniga battar chalkashdi. Avvalgi manbada «lokki, peshonaband ustidan» deyilgan boʻlsa, bunisida «roʻmol tagidan oʻraydilar» deyilmoqda, yaʼni avvalgisida tilga olingan peshonabandning xuddi oʻzi boʻlib chiqayotir. Dakananing ayrim manbalarda «roʻmolning kichik hajmdagi turlari» qatorida sanalgani6 ham shunga dalolat qiladi. Xoʻp, shunday boʻlsa va yana Fargʻona vodiysida dakana «durra, durracha» deb ham atalsa, unda fevralning oʻrtalarida Oftob oyim boshiga «oq durra (durracha)ni xom tashlab» ayvonda oʻtirgan chiqadimi? Esli-hushli ayol bunday qilmasa kerak, buning ustiga, «durrachani xom tashlab» deyish ham, bizningcha, gʻaliz boʻladi. Zero, bu oʻrinda «xom» ravish boʻlib, roʻmolning qay tarzda tashlanganini anglatayotganini sezish qiyin emaski, «xom tashlamoq»ni «durracha»ga bogʻlash mushkul. «Oʻzbek tilining izohli lugʻati»dagi taʼrif mazkur andishalarimiz bejiz emasligini, Oftob oyim portretidagi detal biroz oʻzgacharoq boʻlsa kerak degan ishtibohimizni quvvatlaydi: «Dakana. Oʻrta yashar va keksa ayollarning (koʻpincha oq dokadan) sallaga oʻxshatib oʻraladigan roʻmoli». Oʻzbek oyim toʻyga boradigan xotinlardek yasangan, egnida odmi xonatlas koʻylak, boshida oq shohi dakana, koʻzida surma edi. A.Qodiriy, Oʻtgan kunlar. Boshida koʻkimtir shoxidan sallacha – dakana, bu dakana Xadicha begimning boʻyi-qomatini baland koʻrsatar edi. Oybek, Navoiy».7
Bir qarashda, «Oʻtgan kunlar»dan misol qilingan parchada dakanani «Toshkent va uning atrofida» deb boshlanuvchi yuqoridagi taʼrifga mos, yaʼni Oʻzbek oyimni boshiga oq roʻmol tashlagan holda tasavvur qilish mumkindek. Biroq u holda «dakana» deb taʼkidlashga zarurat boʻlarmidi? Shunday «boshida oq shohi roʻmol» deyish kifoya qilmasmidi? Buning ustiga, «dakana» deb nomlashning oʻzida «dokadan qilinganlik» maʼnosi bor, oʻzgacha holda esa biz koʻrayotgan epizoddagi kabi «shohi dakana» deb aniqlashtirish zarurati tugʻiladi. Yana bir jihati, «boshida oq shohi dakana» bilan Oʻzbek oyim qudalarni kutishga tayyorlanayotgan boʻlsa, uning xonadoniga ilk bor qadam qoʻyayotgan Kumushning boshida ham «oq shohi roʻymol» edi. Yaʼni agar qaynona bilan kelin boshida turlicha bosh kiyimi boʻlmasa, adib birini «oq shohi dakana», ikkinchisini «oq shohi roʻymol» deb atarmidi? Bizningcha, yoʻq. A.Qodiriy ham xuddi Oybek kabi «dakana» deganida sallachani nazarda tutgani haqiqatga yaqinroq. Etnografiyaga oid manbalarda ham XIX asrning oʻrtalariga qadar oʻrta yoshli va keksa ayollarning sallacha oʻrashlari kengroq ommalashgani taʼkidlanadi.8 «Oʻtgan kunlar»da esa, maʼlumki, ayni shu davr qalamga olingan.
Aytilganlardan kelib chiqilsa, «dakanani xom tashlab» birikmasida «sallachani chala oʻralgan holda kiyib» qabilidagi maʼno koʻzda tutilgan emasmikan degan andisha keladi. Fikrimizcha, bu holda chala oʻralgan salla boshni sovuqdan himoya qilish uchun kifoya qila oladi, yaʼni Oftob oyimning fevral oʻrtalarida «dakanani xom tashlab» ayvonda oʻtirishi gʻayritabiiy koʻrinmaydi. Albatta, manbalardagi yuqoridacha turlichalik nazarda tutilsa, bu fikrimiz ham taxmin maqomida boʻlib qoladi, yaʼni turlichalikni tagʻin bir daraja orttiradi, xolos.
Ehtimol, kimgadir muammoni nooʻrin koʻpirtirayotgandek koʻrinarman, biroq hozirgi oʻquvchi «darbozaning ikki burjida alachami, boʻzdanmi uzun choponlar kiyib, boshlarigʻa quloqchin qoʻndirgʻan» yigitlar haqidagi xabarni koʻproq «umuman, chopon kiygan yigitlar» sifatida qabul qiladi. Holbuki, yuqorida tilga olinganlardan tashqari roman personajlari yana «kimxob», «duxoba», «adras», «movut» yo «Buxoroning ola bayroq matasi»dan tikilgan, xullas, xilma-xil ust kiyimlarda oʻquvchiga roʻbaroʻ boʻlishadi. Shu eʼtiborga olinsa, asarda tasvirlangan badiiy voqelikning toʻlaqonli qayta yaralishi uchun oʻquvchining, masalan, Azizbekning egnidagi «yoqa va etaklariga oltin uqa tutilgan kimxob toʻn»ni, uning oʻng qoʻli boʻlmish Rayimbek dodxoh kiygan «zangori movutdan uqalik toʻn»ni yoki ulardan orqaroqda kelayotgan Yusufbek hoji ustidagi «Buxoroning ola bayroq matasidan» tikilgan va kamar bogʻlash oʻrniga «tugmalangan» choponni qay darajada aniq koʻz oldiga keltira bilishi muhim ekanini anglash qiyin emas. Ravshanki, asar yozilgan davr oʻquvchisi ushbu matolar va ulardan tikilgan kiyimlarni aniq tasavvur qila bilgan, yaʼni har bir personaj uning koʻz oldida konkret jonlangan. Hozirgi oʻquvchining tasavvuri esa bu kabi konkretlilikdan yiroq, demak, uning tasavvuridagi badiiy obraz, roman badiiy voqeligi xiralashgan.
Yana bir jihati, portret detallari sifatida qaraluvchi personaj kiyim-boshi xarakterologik xususiyatga ega. A.Qodiriy romandagi koʻplab personajlarni taqdim etarkan, ularning kiyimlari haqida loʻnda, lekin oʻzida juda zich informatsiya saqlovchi maʼlumot berib oʻtadi. Masalan, darbozabon haqidagi shunday maʼlumot: «oshlangan qoʻy poʻstagidan poʻstun kiyib, beliga butun bir boʻzdan belbogʻ bogʻlagʻan va belbogʻigʻa yarim gaz chamaliq kalid osqan, turkman popoqlik bir kishi». Ushbu kiyim darvozada qorovul maqomida turadigan, vazifasi ham uni ochib-yopishdangina iborat boʻlgan oddiy bir odamga tegishli. Egnidagi poʻstin – «oshlangan qoʻy poʻstagi»dan, yaʼni eng arzon materialdan, shunga muvofiq ravishda ishlari mahalladan chetga chiqmagan qoʻlbola poʻstindoʻz tomonidan tikilgan chiqadi. Poʻstini tugmali ham emas, beliga kamar ham bogʻlanmagan – «butun bir boʻzdan belbogʻ bogʻlagan»i uning maqomi va moddiy imkoniyatini taʼkidlab turadi. Shunga oʻxshash, boshidagi «turkman popogʻi» ham qoʻlbola, mahalliy mahsulot – oshlangan qoʻy terisidan, ehtimolki, oʻsha poʻstindoʻzning oʻzi tikkan boʻlishi haqiqatga yaqinroq, zero, shu holiga Xiva xonligidan buyurtirib kelishi amri mahol. Xullas, personaj oʻzining vazifasi – qishning ayozida uzzukun darvozada turishi kerakligini hisobga olgan holda va oʻz imkoni darajasida kiyingan. Yoki Toshkent mudofilari safini aylanib yurgan Azizbek aʼyonlari orasida Yusufbek hojining kiyimi yaqqol ajralib turishini qarang: «ustiga Buxoroning ola bayroq matasidan chopon kiyib, kamar oʻrniga choponini tugmalagan, boshigʻa katta salla oʻrab, qamchi sopi bilan egarning qoshigʻa takya qilgʻan». Ushbu detallar aʼyondan koʻra mullo odamga xos boʻlib, Otabek Ziyo shohichinikidagi majlisda u haqda aytgan gaplarni tasdiqlaydi. Kiyimlarning odmiligi darveshnamo, dunyoga koʻngil bermagan, el-yurt tashvishi bilan yashayotgan odamga xos. Shu yerning oʻzida Toshkent mudofilarining tayanchi boʻlgan Rayimbek dodxoning ust-boshi mana bunday tasvirlangan: «zangori movutdan uqalik toʻn kiygan, kumush kamarning oʻng tomonigʻa qilich, soʻligʻa toʻfangcha qistirgʻan, boshigʻa barra popoq kiygan». Koʻrib turganimizdek, Rayimbek dodxo harbiy odamga xos, uqasini (u haqda quyiroqda toʻxtalamiz) aytmasa, hashamsiz, jangga kirishga qulay tarzda kiyingan: avvalo, movutdan tikilgan toʻn, kimxob yoki silliq ipak matodan tikilgan libosdan farqli oʻlaroq, jang olib borishga qulay; popoq esa boshda mustahkam oʻrnashib turadi. Kiyinishini hashamat emas, zarurat belgilagani dodxoni ish odami sifatida tavsiflaydi. Xuddi shu kabi kiyinish uslubi Musulmonqulga ham xos, u: «Oʻratepa chakmani ustidan qayish kamar bogʻlab, soddagʻina qilich taqingʻan, boshigʻa oq barra popoq kiygan». Musulmonqul koʻproq zolim sifatida tanilgan boʻlsa-da, uning xonlik ravnaqi yoʻlida koʻp kuch-gʻayrat sarflagani ham eʼtirof etiladiki, kiyinishi ham shunday ishchan tabiatiga mos keladi. Xususan, «soddagina qilich taqingani» uning uchun qilich hashamat yo savlat emasligi, kerak boʻlsa, soʻqishga kirishishga ham tayyorligini koʻrsatadi.
Sirasini aytganda, hozirgi oʻquvchi xonlik xizmatida boʻlgan ota-bobolarimizning engil-boshidan koʻra qirollik xizmatidagi koreyslar yoki xalifalik xizmatidagi turklarning kiyimlarini yax shiroq tasavvur qiladi. Holbuki, xonlik xizmatidagilar kiyim-bo shi ham har birining rutbasiga yarasha boʻlgan. Masalan, romanda XIX asr oʻrtalaridagi sipohiylar kiyimi – hozirchasiga harbiy formasi Toshkent qalʼasini aylanib yurgan Azizbekka hamroh sipohiylar misolida mana bunday tasvirlangan: «... zangor movutdan tizzagacha tushkan kalta kamzul, qizil movutdan shim, oyogʻida sagʻri etik, boshda Rayimbek dodxoning boshidagʻidek popoq, ammo ust tomoni qizil movutdan, oq qayishdan kamar, soʻligʻa qilich osilib, oʻng tomoniga toʻfangcha qistirilgʻan har qatorda toʻrttadan otliq kelmakda edilar». Biroz keyinroq, Xudoyorxon oʻrdasida «Toshkandda koʻrib tanishqan ravishcha kiyimlik» qilich solish mashqi bilan mashgʻul sipohlarga duch kelamiz. Sipohiylar kiyimi taʼrifidagi bir muhim nuqtaga alohida eʼtibor berish zarur: ularning boshida «Rayimbek dodxoning boshidagʻidek popoq, ammo ust tomoni qizil movutdan». Rayimbek dodxo bilan Musulmonqulning ust-boshida ham umumiylik bor: ikkisida ham boshida barra popoq, ust kiyimi ham harb ishiga – soʻqishga qulay: birida movut toʻn, ikkinchisida chakman. Yaʼni, bir tomondan, qoʻmondonlarning popogʻi sipohlar popogʻiga oʻxshash (harbiy libosdagi umumiy jihat), ikkinchi tomondan, ularda koʻzga yaqqol tashlanib (harbiyning maqomini koʻrsatib) turadigan farq ham bor. Shunga oʻxshash, sipohlar bilan dodxoning ust kiyimi bir xil mato – zangori movutdan tikilgan, dodxo toʻnining uqali ekanligi esa uning darajasini koʻrsatib turadi. Bular, bizningcha, harbiy kiyim-bosh xonlikda muayyan tartibga mos ishlab chiqilgani, tikilgani va kiyilganidan darak beradi. Maʼlum boʻlyaptiki, xonning muntazam qoʻshini oʻzining sohaga xos bichimdagi harbiy kiyimiga ega boʻlgan, afsuski, buni hozir koʻpchilik xayoliga ham keltirmaydi. Holbuki, oʻquvchi ommaning buni aniq tasavvur qilishi nafaqat «Oʻtgan kunlar»ning oʻqilishi, balki tarixning anglash nuqtayi nazaridan ham gʻoyat muhim. Oʻquvchi ommada bu haqda vizual tasavvur hosil qilish, jumladan, «Oʻtgan kunlar» va boshqa manbalardan foydalangan holda suratlar ishlash va ommalashtirish, ayniqsa, filmlar uchun tarixiy-etnografik jihatdan hujjatli asosga ega kostyumlar bi chib-tikish zarur.
Darvoqe, sipohlar va dodxo boshidagi «barra popoq»dan tashqari romanda yana bir necha turli bosh kiyim tilga olinganki, ularni shunchaki eslatib oʻtamiz:
1) «kimxob toʻn kiyib, simobi salla oʻragʻan ... bir bek»;
2) «boshigʻa simobi shohi salla oʻragʻan» (Xudoyorxon);
3) «turkman popoqlik bir kishi»;
4) «boshigʻa eski telpak ... kiyib» (Qovoq devona);
5) «yigit boshidagʻi qalpogʻini qoʻligʻa oldi-da» (Sodiq);
6) «boshlarigʻa quloqchin qoʻndirgʻan ... ikki yigit»;
7) «sallalik, qalpoqlik va popoqlik Toshkand mudofilari»;
8) «kelinligidan oʻralmay qolgʻan qalmoqi sallachasi» (Oʻzbek oyim).
Hozirgi kun oʻquvchilarining aksariyatida mazkur «telpak», «qalpoq», «popoq», «quloqchin» kabi soʻzlar atayotgan bosh kiyimlar oʻziga xos bichimi, alohida detallari bilan namoyon boʻluvchi jonli tasavvur yoʻq. Shuning uchun ham mutolaa jarayonida ularni koʻz oldiga keltirolmasligi turgan gapki, bu hol toʻlaqonli badiiy obrazni tasavvur qilishga xalal berishi tabiiy. Aytmoqchimizki, romanning ilk oʻquvchilari bilan bugungi kun oʻquvchilari asar badiiy voqeligini qayta yarata olish imkoni nuqtayi nazaridan bir-biridan keskin farqlanadi. Bu esa bizda hozirga qadar jiddiy eʼtibor va ahamiyat bermay kelinayotgan retseptiv muammodir. Fikrimizcha, bu muammo ildizlarini madaniy-maʼrifiy hayotimizdagi kemtiklardan izlash kerak. Toʻgʻri, mustaqillikka erishganimizdan beri tarixni oʻrganishga eʼtibor nihoyatda kuchaygani hammaga maʼlum. Biroq bunda, taʼlim tizimi misolida qarasak, diqqat markazida koʻproq tarixiy voqealar, shaxslar turgani holda, milliy madaniyat, milliy turmush tarzini tarixiy aspektda oʻrgatishga kam eʼtibor qaratilayotgani ham sir emas. Ikkinchi muhim jihati, kino va televideniyeda tarixiy mavzudagi asarlarni suratga olishda tasvirlanayotgan davrga xos turmush tarzi, kiyim-bosh, urf-odat kabi muhim detallarni asliga monand aks etirish hanuz qatʼiy qoidaga aylanganicha yoʻq. Filmlar, turli koʻrsatuvlarda tarixiy oʻtmish bilan bogʻliq detallar mualliflar bilgancha va xarajatlar smetasi imkon bergan darajada aks ettiriladi. Masalan, 1997-yilda suratga olingan «Oʻtgan kunlar» filmida romanda aytilgan «har qatorda toʻrttadan otliq» boʻlib Azizbek ortidan kelayotgan sipohiylar umuman yoʻq. Yoʻq, bu oʻrinda kino ijodkorlarini ayblash toʻgʻri boʻlmaydi. Buni anglash uchun bisotimizdagi haminqadar arifmetik bilim yetarli: har qatorida toʻrttadan otliq boʻlib kelayotgan sipohiylar safi hech boʻlmasa oʻnta boʻlganda ham, qirq kishiga libos tiktirish kerak boʻladi, bu esa xarajat, xarajat boʻlganda ham ozmuncha emas. Yuqorida koʻrdikki, xon xizmatidagi harbiylar oddiy sipohiysidan tortib mingboshi qadar barra popoq kiygan edi. Filmda esa Musulmonqul mingboshi suvsar quloqchin kiygan holda gavdalanadiki, natijada romandagi tasvir tufayli erishilgan samara butkul yoʻqqa chiqadi. Yoki, yozuvchi Yusufbek hojining mullanamo kiyinishini taʼkidlagan boʻlsa, filmda Azizbek huzuriga chaqirtirilgan hoji ertalabdan uqali va orqasiga ham zarrin gul tikilgan choponda boʻladi. Holbuki, Yusufbek hoji tunni oʻgʻlining boshiga kelgan balodan behad qoʻrquv-u tashvishda, uni qutqarishga ojizligidan ezilib-oʻrtanib oʻtkazgan. Buning ustiga, sizga qanday bilmadim-u, kamina el-yurt tashvishida yashagan Yusufbek hojining shahar ahli gʻoyat ogʻir kun kechirayotgan bir paytda zar chopon kiyishni oʻziga ep koʻrishiga ishona olmayman. Xullas, kiyim-boshga eʼtibor berilmasligi oqibatida badiiy haqiqatga ham, tarixiy haqiqatga ham putur yetadi, anaxronizm holatlari yuzaga keladi.
Shuncha gapdan keyin «Xoʻsh, nima qilmoq kerak?» degan savolning oʻrtaga tushishi turgan gapki, shu haqda ham ikki ogʻiz. Avvalo, «Oʻtgan kunlar» bilan bevosita bogʻliq holda. Romanni qabul qilishdagi mavjud holning yechimi bitta – yuqorida koʻrib oʻtilgan kabi oʻrinlarini mufassal izohlar bilan taʼminlash, toki oʻquvchi ularni koʻz oldiga keltira bilsin. Albatta, izohlar oʻzbek milliy liboslari tarixi boʻyicha mutaxassislashgan etnograflar tomonidan tayyorlanishi lozim. Agar libos nomlariga yozilgan izohlarga illyustratsiyalar ham ishlansa, nur ustiga nur boʻladi. Xuddi shunday mufassal izohlar romanda tasvirlangan davr hayoti bilan bogʻliq boshqa detallar (imoratlar, narsa-buyumlar, odatlar va b.)ga ham berilishi kerak. Zero, biz kiyim-bosh misolida bildirgan fikr-mulohazalar ularga ham toʻla taalluqlidir. Xullas, «Oʻtgan kunlar»ning shunday izoh va sharhlar bilan taʼminlangan katta tirajdagi nashrlarini chiqarish kerak boʻladi. Shoyad ki, «Oʻtgan kunlar» shunday nashrlar turkumini boshlab bersa, sababi, hozirda bunday turkumga oʻtkir ehtiyoj yetilgan. Sezgan boʻlsangiz, bu oʻrinda ruslar bir paytlar chop ettirgan «Maktab kutubxonasi» turkumining bugungi kunimiz talab va imkonlari darajasida takomillashgan koʻrinishi nazarda tutilmoqda.
Masalani hal qilishning ikkinchi muhim yoʻnalishi ommaga taqdim etilayotgan tarixiy mavzudagi vizual mahsulot bilan bogʻliq. Hozirda vizual informatsiyaning tarqalish koʻlami va tezligi eʼtiborga olinsa, ahamiyati jihatidan bu yoʻnalishning qanchalik muhimligini tasavvur qilish qiyin emas. Bizningcha, eng avval tarixiy oʻtmishimizning har bir bosqichi haqida tarixchi, etnograf mutaxassislar ishtirokida ilmiy asoslangan tasavvurni ishlab chiqish, ommaga taqdim etilajak vizual materiallarda dekoratsiya va kostyumlar shunga qatʼiy muvofiq tarzda tayyorlanishini belgilab qoʻyish kerak boʻladi. Shu yoʻl bilan tariximiz haqida oʻquvchi ommada jonli, detallashtirilgan tasavvur hosil qila olsak, tarixiy asarlar mutolaasidan olinajak samara ham, hech shubhasiz, ortadi.
Izohlar
(Биринчи мақола)
Ўз вақтида В.Г.Белинский «Евгений Онегин» романини «рус ҳаётининг энсиклопедияси» деб атагани каби, «Ўтган кунлар»-ни «ўзбек ҳаётининг энсиклопедияси» дейишга тўла асос борлигига ҳеч бир зиёли ўзбек шубҳа қилмаса керак. Зеро, миллий турмушни, ўзбекка хос миллий характер хусусиятларини, миллий тафаккур тарзини бу қадар ёрқин тасвирлаган иккинчи бир асарни топиш мушкул. Фақат бундай хулоса эндиликда исбот талаб қилмайдиган аксиомага айланиб қолаётгандек туюлади. «Хўш, бунинг нимаси ёмон? Ахир, асарнинг буюклиги-ю миллий аҳамияти сўзсиз эътироф этилса, яхши эмасми?!» – дерсиз, эҳтимол. Ҳеч ким инкор этмаса керакки, «Ўтган кунлар»ни ҳижжалаб ўқиган ҳолда жозибасига асир бўлиш билан ўқимасданоқ «ўзбек ҳаётининг энсиклопедияси» ўлароқ эътироф этиш орасида ер билан осмонча фарқ бор. Афсуски, ёқса-ёқмаса, бир ҳақиқатни тан олишга мажбурмиз: ҳозир «Ўтган кунлар»нинг буюклигини исбот талаб қилмайдиган ҳақиқат сифатида ҳамма эътироф этади, бироқ унинг ўқилганлик ва уқилганлик даражаси ҳамон кўнгилдагидек эмас. Бу эса мазкур ҳол сабаблари муҳокамасини адабиёт шунослик, хусусан, қодирийшунослик олдидаги муҳим ва долзарб масалалардан бирига айлантирадики, шу ҳақда мулоҳаза юритишга жазм қиламиз.
Энг аввал, роман ёзилганига қарийб бир аср бўлгани, ўшанда навқирон адиб етмиш йиллар илгариги «мозийга қайтгани»ни ҳам ёдга олиш керак бўлади. Шуни ўйлаганда беихтиёр «Бугунги ўқувчи асар бадиий воқелигини қийналмай тасаввурида қайта ярата оладими? Роман воқелигидаги ҳамма нарса унга танишми? Турфа ҳаётий ҳолатлар тасвири қатида ботин нозик маъно жилваларини илғай оладими?» қабилидаги саволлар сафи тизилади. Ўзимни ўйлатган мазмундаги шундай саволларни жойини топиб талабаларга ҳам, ҳамкасбларга ҳам, адабиёт ихлосмандларига ҳам бериб кўрдим. Жавоблардан шунга амин бўлдимки, бу масалада ўзимизга боридан кўра баландроқ баҳо қўямиз экан, яъни ҳаммамиз «Ўтган кунлар»ни ҳеч бир қийинчиликсиз тушуна олишимизга амин эканмиз. Ҳолбуки, романни синчиклаб ўқиш чоғи қаршимизда ўнлаб саволлар қалқиб чиқиши ҳам айни ҳақиқат. Мутолаа чоғи шунинг нелигини билишга қизиқиш ҳам, зарурлигини ҳис қилиш ҳам туғилади, лекин умумий маъноси тушунарли бўлгани боис қунт қилинмайди, кейин яна унутилиб кетади. Ҳақиқатда эса, агарки матндаги сўзни, унинг ортидаги нарса, ҳодиса ё тушунчани билмас эканмиз, тасаввуримизда ўша матн асосида яралувчи бадиий воқелик ҳам, унда мужассам топган маъни ҳам кемтик бўлиб қолиши шубҳасиз. Қулайлиги учунми ё дурустроқ тартиб ҳадеганда ақлимга келавермаганигами, ҳартугул, фикр-мулоҳазаларим баёнини асарни ўқиш асносидаги дуч келиш тартибида бошлаганим ўнғайга ўхшади.
Қонида савдогарлик бор эмасми, Отабекни саройга йўқлаб борган Раҳмат унинг Тошкентдан нималар келтиргани билан қизиқади. Отабекнинг жавоби ҳам лўндагина: «Арзимаган нарсалар: газмол, қалапой афзали ва бироз қозон». Хўп, «газмол» билан «қозон» тушунарли, «қалапой афзали» нима? Қизиғи, роман нашрларида бу сўз бирикмаси турлича кўринишда учрайди: «Инқилоб» журнали нашрида «қала пой афзали» ( )قاال پاى افضلىшаклида берилиб, бу ерда қисмларнинг аниқ ажратиб ёзилгани эски ўзбек ёзуви қоидасига мувофиқ. 1925-йил нашрида «қала» ва «пой» қисмларининг бир-бирига яқин ( )قاالپاىэканлиги боис (ёзувда қўшилмагани учун қўшиб ёзилган дейишдан тийилиб турамиз) битта сўздек кўринади, «афзали» қисми эса алоҳида ажратиб ёзилган. Ҳолбуки, кейинги ҳолда («афзал»нинг «пой»дан ажратилишида) ҳам «Инқилоб»да амал қилинган қоидадан келиб чиқилган. Яъни бир ўринда қоидага амал қилиб, иккинчи ўринда инкор қилиш ҳолати кузатилаётирки, бу мазкур ҳол техник сабаблар билан юзага келган бўлиши ҳам мумкин деган андишага олиб келади.
1933-йил нашрида «қалапой афзали» («қалапаж әфзәли») тарзида айнан 1925-йил нашридаги шаклда, 1958-йил нашрида эса «қолапой афзали» (7-бет) шаклида берилган, кейинги нашрларда ҳам, асосан, шу шакл устуворлик қилади. Жумладан, Хондамир Қодирий томонидан тайёрланиб, 2014-йилда «Шарқ» нашриёти чоп этган «Танланган асарлар»да ҳам бирикма «қалапой афзали» шаклида берилса-да, саҳифа остида: «Қалапай афзали – пошнаси баланд, рандли ковуш» (9-бет), – дея изоҳланганки, бунда биринчи сўзнинг учинчи бўғинида ҳам «а» ёзилган. Хуллас, айтмоқчимизки, бугунги кун ўқувчисига шундоқ ҳам таниш бўлмаган сўзларнинг тушунилиши турлича ёзилиш ҳисобига янада қийинлашган. Боз устига, изоҳдаги «рандли»1 сифатловчисининг ўзи ҳам изоҳга муҳтож, бугунги ўқувчи унинг нелигини тушунмайди, аксари тушунишга ҳаракат ҳам қилмайди. Мабодо тушунмоқ қасдида «Ўзбек тилининг изоҳли луғати»га мурожаат қилиб қолгудек бўлса, унга бу сўзнинг киритилмаганига амин бўлади. Иложсиз қолиб, у ҳам гап нима ҳақдалигини чала тасаввур қилган ҳолда ўқишда давом этади. Кейинроқ, Кумушбиби билан илк бор таниш тирилгач, адибнинг у ҳақда «Кичкина латиф оёқлариға отасининг яқиндағина олиб берган қала кавшини кийди ва ошхона юмиши билан қоришиб ётқан онасининг олдиға борди» деган гапини ўқигач, зеҳн солсаки, бунда «қалапой» эмас, кўпроқ «қала»нинг ўзи сифатловчига ўхшайдигандек. Сал кейинроқ, куёвнакарлар ҳамроҳлигида кириб келган Отабекнинг «бошида симоби шоҳи салла, устидан қора мовут сирилган совсар пўстин, ичида ўзининг Шамайда тиктиргани осмони ранг мовут камзул, мовут шим, оёғида қалапой афзали» кўргач, андишаси яна кучаяди. Дарвоқе, 1958-йил нашрининг айни ўрнида қолапояфзали шаклида қўшиб ёзилган (55).
«Ўзбек тилининг изоҳли луғати»да «қалапой» сўзи бўлмаса-да, «қала» сўзига ғоят мухтасар изоҳ берилган: «Қала шв. Шаҳар, қалъа».2 Бироқ луғатда бизни қизиқтирган сўзга яқин «қалача сўзига: «Қалача эск. Шаҳарга хос, шаҳарча» тарзида изоҳ берилган-да, Собир Абдулланинг «Мавлави Мирсиддиқнинг ижодлари» ҳикоясидан мана бу гап мисол қилинган: «Куз, деҳқон бозорини мўлжаллаб беш юз пар амиркон хиром заифона маҳси ва юз пар қалача кавуш ғамлаган эдим».3 Айтилганлардан келиб чиқсак, Отабекнинг гапидаги «қала» сўзи ҳам айни шу маънода, яъни «шаҳарча фасондаги пояфзал», «шаҳарбоп пояфзал» маъноларида қўлланган бўлиши, бизнингча, мантиқан тўғрироқ кўринади. Шунга кўра, романнинг кейинги нашрларида мазкур сўз бирикмасининг «қалапой афзали» шаклида эмас, «қала пояфзали» шаклида ёзилгани мақсадга мувофиқ, зеро, чиндан ҳам, Отабекнинг Марғилонга «газмол, қала пояфзали ва бироз қозон» келтиргани ҳақиқатга яқинроқ бўлади. Хўп, бу-ку майли, савдогар келтириб сарой ҳужраларига босиб қўйган турфа молларнинг бири-да дермиз-қўярмиз. Бироқ, агарки «қала пояфзали» нелиги-ю қандайлигини билмас эканмиз, демак, «қала ковуш» кийган Кумушни ҳам, куёв сарупосидаги Отабекни ҳам чала тасаввур қилаётган бўлишимиз тайин.
Шунга ўхшаш, роман яратилган давр ўқувчиси тасаввурида Қодирий биргина чизги билан уйғота олган тасвир ҳозирги ўқувчи нигоҳига жудаям хира бўлиб кўринади – бамисоли аслида суратга рангли олинган филмни телевизор носозлиги сабаб оқ-қора тасвирда кўраётган каби. Масалан, илк ўқувчи «ичидан атлас кўйнак, устидан одми хон атлас гуппи кийган, бошиға оқ даканани хом ташлаған, ўттуз беш ёшлар чамалиқ гўзал, хуш бичим бир хотин» дея таништирилган Офтоб ойимни аниқ-тиниқ кўз олдига келтирган. Ҳозирги ўқувчи тасаввуридаги сурат эса бир қадар мавҳум. Зеро, унинг учун Офтоб ойим эгнидаги кўйлак матоси билан гуппи матоси фарқли эмас – у, умуман, атласни тасаввур қилади. Ҳолбуки, романда хонадонлар-у ўрдадаги атлас кўрпа-тўшак, Офтоб ойим устидаги «одми хон атлас гуппи», Азизбек юзбошиларига инъом этган «атлас чопон»дан ташқари яна бир неча ўринда шу мато тилга олинадики, айримларини эслатиб ўтамиз:
1) илк бор кўрганимизда Кумушнинг эгнидаги «сариқ рупоҳ атлас»;
2) йўл қараб ўтирган Кумуш куёви ёқтиргани учун танлаб кийган «совсар гулли қора атлас»;
3) уста Алим фитр рўза баҳона олиб борган «Саодат учун саккиз тепки хон атлас»;
4) Ўзбек ойим «ўз уйида ўлтурғанида ҳам» устида бўлувчи «атлас кўйнак»;
5) «Кумуш билан Зайнабка аталиб олинған хон атлас».
Аввало, булар атласнинг универсаллиги, унинг миллий турмушда ғоят кенг ўрин тутганини кўрсатади: у рўзғорда ҳам, эркаг-у аёл, ёш-у қарининг ёзлиг-у қишлик кийимида ҳам ишлатилган. Айни чоғда, ҳар бир конкрет ўринда атлас шунга мос бўлгани ҳам ақлга тайин: Кумуш кийган атлас билан Ўзбек ойимнинг кўйлак матоси бошқа, юзбошиларга туҳфа этилган чопон матоси билан Отабек ўтирган тўшак матоси бошқа. Атлас маросимлардагина кийиладиган либосга айланган бугунги кун ўқувчиси шу фарқларни ёрқин тасаввур эта оладими? Ўйлашимизча, йўқ. Шундай экан, романдаги тасвир рангларининг туссизлашуви ҳам муқаррар экан-да?!
Офтоб ойим энгил-бошидаги тағин бир муҳим детал – «бо шиға оқ даканани хом ташлаған»ча ўтиргани. Кўп қатори мен ҳам буни «бошига катта оқ рўмолни ташлаб» ўтирибди деб тушунаман, кўз олдимга болалигимда кўп кўрганим шундай ҳолат келади. Шу тасаввуримда қолаверсам ҳам бўларди, лекин бунга бир жиддий моне бор. У ҳам бўлса дакананинг кўпроқ докадан бўлиши ҳақидаги маълумот билан ҳам танишлигим: «Тош кент ва унинг атрофида катта ёшли хотинларнинг локки, пешона банд устидан бош узра ташлаб юриладиган оқ дока рўмоли дакана дейилади».4 Агар Офтоб ойим эри ва онаси билан «чорхари айвоннинг ўрта бир ерида, устига атлас кўрпалар ёпилған танча»да ўтирганлари, бунинг «1264-инчи ҳижрий, далв ойининг ўн еттинчиси»дан кейинги бир ҳафта-ўн кун орасига, яъни феврал ойининг ўрталарига тўғри келиши эътиборга олинса, ҳартугул, бо шига дока рўмол ташлаб ўтиришга бироз эртароқ эмасми деган андиша келади. Шундан фориғ бўлиш ниятида Миллий энсиклопедияни варақлайман: «ДАКАНА – аёллар рўмоли; одатда, қора ёки оқ сатиндан тайёрланади ва соч фарқини беркитиб, сочни тутиб туришга хизмат қилади. Кўпроқ ўрта ёшли ва кекса аёллар катта (кўпинча оқ дока) рўмол тагидан ўрайдилар. Айрим жойлар (Фарғона водийси)да дурра, дуррача ҳам дейилади».5 Кўриб турганингиздек, тасаввурим ойдинлашиш ўрнига баттар чалкашди. Аввалги манбада «локки, пешонабанд устидан» дейилган бўлса, бунисида «рўмол тагидан ўрайдилар» дейилмоқда, яъни аввалгисида тилга олинган пешонабанднинг худди ўзи бўлиб чиқаётир. Дакананинг айрим манбаларда «рўмолнинг кичик ҳажмдаги турлари» қаторида саналгани6 ҳам шунга далолат қилади. Хўп, шундай бўлса ва яна Фарғона водийсида дакана «дурра, дуррача» деб ҳам аталса, унда февралнинг ўрталарида Офтоб ойим бошига «оқ дурра (дуррача)ни хом ташлаб» айвонда ўтирган чиқадими? Эсли-ҳушли аёл бундай қилмаса керак, бунинг устига, «дуррачани хом ташлаб» дейиш ҳам, бизнингча, ғализ бўлади. Зеро, бу ўринда «хом» равиш бўлиб, рўмолнинг қай тарзда ташланганини англатаётганини сезиш қийин эмаски, «хом ташламоқ»ни «дуррача»га боғлаш мушкул. «Ўзбек тилининг изоҳли луғати»даги таъриф мазкур андишаларимиз бежиз эмаслигини, Офтоб ойим портретидаги детал бироз ўзгачароқ бўлса керак деган иштибоҳимизни қувватлайди: «Дакана. Ўрта яшар ва кекса аёлларнинг (кўпинча оқ докадан) саллага ўхшатиб ўраладиган рўмоли». Ўзбек ойим тўйга борадиган хотинлардек ясанган, эгнида одми хонатлас кўйлак, бошида оқ шоҳи дакана, кўзида сурма эди. А.Қодирий, Ўтган кунлар. Бошида кўкимтир шохидан саллача – дакана, бу дакана Хадича бегимнинг бўйи-қоматини баланд кўрсатар эди. Ойбек, Навоий».7
Бир қарашда, «Ўтган кунлар»дан мисол қилинган парчада даканани «Тошкент ва унинг атрофида» деб бошланувчи юқоридаги таърифга мос, яъни Ўзбек ойимни бошига оқ рўмол ташлаган ҳолда тасаввур қилиш мумкиндек. Бироқ у ҳолда «дакана» деб таъкидлашга зарурат бўлармиди? Шундай «бошида оқ шоҳи рўмол» дейиш кифоя қилмасмиди? Бунинг устига, «дакана» деб номлашнинг ўзида «докадан қилинганлик» маъноси бор, ўзгача ҳолда эса биз кўраётган эпизоддаги каби «шоҳи дакана» деб аниқлаштириш зарурати туғилади. Яна бир жиҳати, «бошида оқ шоҳи дакана» билан Ўзбек ойим қудаларни кутишга тайёрланаётган бўлса, унинг хонадонига илк бор қадам қўяётган Кумушнинг бошида ҳам «оқ шоҳи рўймол» эди. Яъни агар қайнона билан келин бошида турлича бош кийими бўлмаса, адиб бирини «оқ шоҳи дакана», иккинчисини «оқ шоҳи рўймол» деб атармиди? Бизнингча, йўқ. А.Қодирий ҳам худди Ойбек каби «дакана» деганида саллачани назарда тутгани ҳақиқатга яқинроқ. Этнографияга оид манбаларда ҳам ХИХ асрнинг ўрталарига қадар ўрта ёшли ва кекса аёлларнинг саллача ўрашлари кенгроқ оммалашгани таъкидланади.8 «Ўтган кунлар»да эса, маълумки, айни шу давр қаламга олинган.
Айтилганлардан келиб чиқилса, «даканани хом ташлаб» бирикмасида «саллачани чала ўралган ҳолда кийиб» қабилидаги маъно кўзда тутилган эмасмикан деган андиша келади. Фикримизча, бу ҳолда чала ўралган салла бошни совуқдан ҳимоя қилиш учун кифоя қила олади, яъни Офтоб ойимнинг феврал ўрталарида «даканани хом ташлаб» айвонда ўтириши ғайритабиий кўринмайди. Албатта, манбалардаги юқоридача турличалик назарда тутилса, бу фикримиз ҳам тахмин мақомида бўлиб қолади, яъни турличаликни тағин бир даража орттиради, холос.
Эҳтимол, кимгадир муаммони ноўрин кўпиртираётгандек кўринарман, бироқ ҳозирги ўқувчи «дарбозанинг икки буржида алачами, бўзданми узун чопонлар кийиб, бошлариға қулоқчин қўндирған» йигитлар ҳақидаги хабарни кўпроқ «умуман, чопон кийган йигитлар» сифатида қабул қилади. Ҳолбуки, юқорида тилга олинганлардан ташқари роман персонажлари яна «кимхоб», «духоба», «адрас», «мовут» ё «Бухоронинг ола байроқ матаси»дан тикилган, хуллас, хилма-хил уст кийимларда ўқувчига рўбарў бўлишади. Шу эътиборга олинса, асарда тасвирланган бадиий воқеликнинг тўлақонли қайта яралиши учун ўқувчининг, масалан, Азизбекнинг эгнидаги «ёқа ва этакларига олтин уқа тутилган кимхоб тўн»ни, унинг ўнг қўли бўлмиш Райимбек додхоҳ кийган «зангори мовутдан уқалик тўн»ни ёки улардан орқароқда келаётган Юсуфбек ҳожи устидаги «Бухоронинг ола байроқ матасидан» тикилган ва камар боғлаш ўрнига «тугмаланган» чопонни қай даражада аниқ кўз олдига келтира билиши муҳим эканини англаш қийин эмас. Равшанки, асар ёзилган давр ўқувчиси ушбу матолар ва улардан тикилган кийимларни аниқ тасаввур қила билган, яъни ҳар бир персонаж унинг кўз олдида конкрет жонланган. Ҳозирги ўқувчининг тасаввури эса бу каби конкретлиликдан йироқ, демак, унинг тасаввуридаги бадиий образ, роман бадиий воқелиги хиралашган.
Яна бир жиҳати, портрет деталлари сифатида қаралувчи персонаж кийим-боши характерологик хусусиятга эга. А.Қодирий романдаги кўплаб персонажларни тақдим этаркан, уларнинг кийимлари ҳақида лўнда, лекин ўзида жуда зич информация сақловчи маълумот бериб ўтади. Масалан, дарбозабон ҳақидаги шундай маълумот: «ошланган қўй пўстагидан пўстун кийиб, белига бутун бир бўздан белбоғ боғлаған ва белбоғиға ярим газ чамалиқ калид осқан, туркман попоқлик бир киши». Ушбу кийим дарвозада қоровул мақомида турадиган, вазифаси ҳам уни очиб-ёпишдангина иборат бўлган оддий бир одамга тегишли. Эгнидаги пўстин – «ошланган қўй пўстаги»дан, яъни энг арзон материалдан, шунга мувофиқ равишда ишлари маҳалладан четга чиқмаган қўлбола пўстиндўз томонидан тикилган чиқади. Пўстини тугмали ҳам эмас, белига камар ҳам боғланмаган – «бутун бир бўздан белбоғ боғлаган»и унинг мақоми ва моддий имкониятини таъкидлаб туради. Шунга ўхшаш, бошидаги «туркман попоғи» ҳам қўлбола, маҳаллий маҳсулот – ошланган қўй терисидан, эҳтимолки, ўша пўстиндўзнинг ўзи тиккан бўлиши ҳақиқатга яқинроқ, зеро, шу ҳолига Хива хонлигидан буюртириб келиши амри маҳол. Хуллас, персонаж ўзининг вазифаси – қишнинг аёзида уззукун дарвозада туриши кераклигини ҳисобга олган ҳолда ва ўз имкони даражасида кийинган. Ёки Тошкент мудофилари сафини айланиб юрган Азизбек аъёнлари орасида Юсуфбек ҳожининг кийими яққол ажралиб туришини қаранг: «устига Бухоронинг ола байроқ матасидан чопон кийиб, камар ўрнига чопонини тугмалаган, бошиға катта салла ўраб, қамчи сопи билан эгарнинг қошиға такя қилған». Ушбу деталлар аъёндан кўра мулло одамга хос бўлиб, Отабек Зиё шоҳичиникидаги мажлисда у ҳақда айтган гапларни тасдиқлайди. Кийимларнинг одмилиги дарвешнамо, дунёга кўнгил бермаган, эл-юрт ташвиши билан яшаётган одамга хос. Шу ернинг ўзида Тошкент мудофиларининг таянчи бўлган Райимбек додхонинг уст-боши мана бундай тасвирланган: «зангори мовутдан уқалик тўн кийган, кумуш камарнинг ўнг томониға қилич, сўлиға тўфангча қистирған, бошиға барра попоқ кийган». Кўриб турганимиздек, Райимбек додхо ҳарбий одамга хос, уқасини (у ҳақда қуйироқда тўхталамиз) айтмаса, ҳашамсиз, жангга киришга қулай тарзда кийинган: аввало, мовутдан тикилган тўн, кимхоб ёки силлиқ ипак матодан тикилган либосдан фарқли ўлароқ, жанг олиб боришга қулай; попоқ эса бошда мустаҳкам ўрнашиб туради. Кийинишини ҳашамат эмас, зарурат белгилагани додхони иш одами сифатида тавсифлайди. Худди шу каби кийиниш услуби Мусулмонқулга ҳам хос, у: «Ўратепа чакмани устидан қайиш камар боғлаб, соддағина қилич тақинған, бошиға оқ барра попоқ кийган». Мусулмонқул кўпроқ золим сифатида танилган бўлса-да, унинг хонлик равнақи йўлида кўп куч-ғайрат сарфлагани ҳам эътироф этиладики, кийиниши ҳам шундай ишчан табиатига мос келади. Хусусан, «соддагина қилич тақингани» унинг учун қилич ҳашамат ё савлат эмаслиги, керак бўлса, сўқишга киришишга ҳам тайёрлигини кўрсатади.
Сирасини айтганда, ҳозирги ўқувчи хонлик хизматида бўлган ота-боболаримизнинг энгил-бошидан кўра қироллик хизматидаги корейслар ёки халифалик хизматидаги туркларнинг кийимларини ях широқ тасаввур қилади. Ҳолбуки, хонлик хизматидагилар кийим-бо ши ҳам ҳар бирининг рутбасига яраша бўлган. Масалан, романда ХИХ аср ўрталаридаги сипоҳийлар кийими – ҳозирчасига ҳарбий формаси Тошкент қалъасини айланиб юрган Азизбекка ҳамроҳ сипоҳийлар мисолида мана бундай тасвирланган: «... зангор мовутдан тиззагача тушкан калта камзул, қизил мовутдан шим, оёғида сағри этик, бошда Райимбек додхонинг бошидағидек попоқ, аммо уст томони қизил мовутдан, оқ қайишдан камар, сўлиға қилич осилиб, ўнг томонига тўфангча қистирилған ҳар қаторда тўрттадан отлиқ келмакда эдилар». Бироз кейинроқ, Худоёрхон ўрдасида «Тошкандда кўриб танишқан равишча кийимлик» қилич солиш машқи билан машғул сипоҳларга дуч келамиз. Сипоҳийлар кийими таърифидаги бир муҳим нуқтага алоҳида эътибор бериш зарур: уларнинг бошида «Райимбек додхонинг бошидағидек попоқ, аммо уст томони қизил мовутдан». Райимбек додхо билан Мусулмонқулнинг уст-бошида ҳам умумийлик бор: иккисида ҳам бошида барра попоқ, уст кийими ҳам ҳарб ишига – сўқишга қулай: бирида мовут тўн, иккинчисида чакман. Яъни, бир томондан, қўмондонларнинг попоғи сипоҳлар попоғига ўхшаш (ҳарбий либосдаги умумий жиҳат), иккинчи томондан, уларда кўзга яққол ташланиб (ҳарбийнинг мақомини кўрсатиб) турадиган фарқ ҳам бор. Шунга ўхшаш, сипоҳлар билан додхонинг уст кийими бир хил мато – зангори мовутдан тикилган, додхо тўнининг уқали эканлиги эса унинг даражасини кўрсатиб туради. Булар, бизнингча, ҳарбий кийим-бош хонликда муайян тартибга мос ишлаб чиқилгани, тикилгани ва кийилганидан дарак беради. Маълум бўляптики, хоннинг мунтазам қўшини ўзининг соҳага хос бичимдаги ҳарбий кийимига эга бўлган, афсуски, буни ҳозир кўпчилик хаёлига ҳам келтирмайди. Ҳолбуки, ўқувчи омманинг буни аниқ тасаввур қилиши нафақат «Ўтган кунлар»нинг ўқилиши, балки тарихнинг англаш нуқтайи назаридан ҳам ғоят муҳим. Ўқувчи оммада бу ҳақда визуал тасаввур ҳосил қилиш, жумладан, «Ўтган кунлар» ва бошқа манбалардан фойдаланган ҳолда суратлар ишлаш ва оммалаштириш, айниқса, филмлар учун тарихий-этнографик жиҳатдан ҳужжатли асосга эга костюмлар би чиб-тикиш зарур.
Дарвоқе, сипоҳлар ва додхо бошидаги «барра попоқ»дан ташқари романда яна бир неча турли бош кийим тилга олинганки, уларни шунчаки эслатиб ўтамиз:
1) «кимхоб тўн кийиб, симоби салла ўраған ... бир бек»;
2) «бошиға симоби шоҳи салла ўраған» (Худоёрхон);
3) «туркман попоқлик бир киши»;
4) «бошиға эски телпак ... кийиб» (Қовоқ девона);
5) «йигит бошидағи қалпоғини қўлиға олди-да» (Содиқ);
6) «бошлариға қулоқчин қўндирған ... икки йигит»;
7) «саллалик, қалпоқлик ва попоқлик Тошканд мудофилари»;
8) «келинлигидан ўралмай қолған қалмоқи саллачаси» (Ўзбек ойим).
Ҳозирги кун ўқувчиларининг аксариятида мазкур «телпак», «қалпоқ», «попоқ», «қулоқчин» каби сўзлар атаётган бош кийимлар ўзига хос бичими, алоҳида деталлари билан намоён бўлувчи жонли тасаввур йўқ. Шунинг учун ҳам мутолаа жараёнида уларни кўз олдига келтиролмаслиги турган гапки, бу ҳол тўлақонли бадиий образни тасаввур қилишга халал бериши табиий. Айтмоқчимизки, романнинг илк ўқувчилари билан бугунги кун ўқувчилари асар бадиий воқелигини қайта ярата олиш имкони нуқтайи назаридан бир-биридан кескин фарқланади. Бу эса бизда ҳозирга қадар жиддий эътибор ва аҳамият бермай келинаётган рецептив муаммодир. Фикримизча, бу муаммо илдизларини маданий-маърифий ҳаётимиздаги кемтиклардан излаш керак. Тўғри, мустақилликка эришганимиздан бери тарихни ўрганишга эътибор ниҳоятда кучайгани ҳаммага маълум. Бироқ бунда, таълим тизими мисолида қарасак, диққат марказида кўпроқ тарихий воқеалар, шахслар тургани ҳолда, миллий маданият, миллий турмуш тарзини тарихий аспектда ўргатишга кам эътибор қаратилаётгани ҳам сир эмас. Иккинчи муҳим жиҳати, кино ва телевидениеда тарихий мавзудаги асарларни суратга олишда тасвирланаётган даврга хос турмуш тарзи, кийим-бош, урф-одат каби муҳим деталларни аслига монанд акс этириш ҳануз қатъий қоидага айланганича йўқ. Филмлар, турли кўрсатувларда тарихий ўтмиш билан боғлиқ деталлар муаллифлар билганча ва харажатлар сметаси имкон берган даражада акс эттирилади. Масалан, 1997-йилда суратга олинган «Ўтган кунлар» филмида романда айтилган «ҳар қаторда тўрттадан отлиқ» бўлиб Азизбек ортидан келаётган сипоҳийлар умуман йўқ. Йўқ, бу ўринда кино ижодкорларини айблаш тўғри бўлмайди. Буни англаш учун бисотимиздаги ҳаминқадар арифметик билим етарли: ҳар қаторида тўрттадан отлиқ бўлиб келаётган сипоҳийлар сафи ҳеч бўлмаса ўнта бўлганда ҳам, қирқ кишига либос тиктириш керак бўлади, бу эса харажат, харажат бўлганда ҳам озмунча эмас. Юқорида кўрдикки, хон хизматидаги ҳарбийлар оддий сипоҳийсидан тортиб мингбоши қадар барра попоқ кийган эди. Филмда эса Мусулмонқул мингбоши сувсар қулоқчин кийган ҳолда гавдаланадики, натижада романдаги тасвир туфайли эришилган самара буткул йўққа чиқади. Ёки, ёзувчи Юсуфбек ҳожининг мулланамо кийинишини таъкидлаган бўлса, филмда Азизбек ҳузурига чақиртирилган ҳожи эрталабдан уқали ва орқасига ҳам заррин гул тикилган чопонда бўлади. Ҳолбуки, Юсуфбек ҳожи тунни ўғлининг бошига келган балодан беҳад қўрқув-у ташвишда, уни қутқаришга ожизлигидан эзилиб-ўртаниб ўтказган. Бунинг устига, сизга қандай билмадим-у, камина эл-юрт ташвишида яшаган Юсуфбек ҳожининг шаҳар аҳли ғоят оғир кун кечираётган бир пайтда зар чопон кийишни ўзига эп кўришига ишона олмайман. Хуллас, кийим-бошга эътибор берилмаслиги оқибатида бадиий ҳақиқатга ҳам, тарихий ҳақиқатга ҳам путур етади, анахронизм ҳолатлари юзага келади.
Шунча гапдан кейин «Хўш, нима қилмоқ керак?» деган саволнинг ўртага тушиши турган гапки, шу ҳақда ҳам икки оғиз. Аввало, «Ўтган кунлар» билан бевосита боғлиқ ҳолда. Романни қабул қилишдаги мавжуд ҳолнинг ечими битта – юқорида кўриб ўтилган каби ўринларини муфассал изоҳлар билан таъминлаш, токи ўқувчи уларни кўз олдига келтира билсин. Албатта, изоҳлар ўзбек миллий либослари тарихи бўйича мутахассислашган этнографлар томонидан тайёрланиши лозим. Агар либос номларига ёзилган изоҳларга иллюстрациялар ҳам ишланса, нур устига нур бўлади. Худди шундай муфассал изоҳлар романда тасвирланган давр ҳаёти билан боғлиқ бошқа деталлар (иморатлар, нарса-буюмлар, одатлар ва б.)га ҳам берилиши керак. Зеро, биз кийим-бош мисолида билдирган фикр-мулоҳазалар уларга ҳам тўла тааллуқлидир. Хуллас, «Ўтган кунлар»нинг шундай изоҳ ва шарҳлар билан таъминланган катта тираждаги нашрларини чиқариш керак бўлади. Шояд ки, «Ўтган кунлар» шундай нашрлар туркумини бошлаб берса, сабаби, ҳозирда бундай туркумга ўткир эҳтиёж етилган. Сезган бўлсангиз, бу ўринда руслар бир пайтлар чоп эттирган «Мактаб кутубхонаси» туркумининг бугунги кунимиз талаб ва имконлари даражасида такомиллашган кўриниши назарда тутилмоқда.
Масалани ҳал қилишнинг иккинчи муҳим йўналиши оммага тақдим этилаётган тарихий мавзудаги визуал маҳсулот билан боғлиқ. Ҳозирда визуал информациянинг тарқалиш кўлами ва тезлиги эътиборга олинса, аҳамияти жиҳатидан бу йўналишнинг қанчалик муҳимлигини тасаввур қилиш қийин эмас. Бизнингча, энг аввал тарихий ўтмишимизнинг ҳар бир босқичи ҳақида тарихчи, этнограф мутахассислар иштирокида илмий асосланган тасаввурни ишлаб чиқиш, оммага тақдим этилажак визуал материалларда декорация ва костюмлар шунга қатъий мувофиқ тарзда тайёрланишини белгилаб қўйиш керак бўлади. Шу йўл билан тарихимиз ҳақида ўқувчи оммада жонли, деталлаштирилган тасаввур ҳосил қила олсак, тарихий асарлар мутолаасидан олинажак самара ҳам, ҳеч шубҳасиз, ортади.
Изоҳлар
Dilmurod Quronov