← Sa'dullo Quronov
|

"Oʻtmishdan ertaklar" qissasining yuragi

Saʼdullo Quronov

Maqola

Yozuvchi yangi bir asar yaratarkan, idealidagi oʻquvchi bilan "muloqotda" boʻladi. Muallif asarning oʻquvchiga taʼsiri yuzasidan atrofdan nusxa koʻchirmaydi, aksincha, uni oʻz tafakkurida qayta ishlaydi, maqsad va gʻoyalariga toʻyintiradi. Asar syujeti shunday boʻlsinki, oʻquvchi undan zerikmasin, voqealar shunday ketma-ketlikda berilsinki, asar mohiyatini oʻquvchi toʻla anglab yetsin. Hech qanday ortiqcha voqea, ortiqcha detal boʻlmasin, ularning bari asar kompozitsiyasini hosil qilishda ishtirok etsin.

Abdulla Qahhorning oʻtmish hayotidan soʻzlovchi "Oʻtmishdan ertaklar" qissasi adib ijodiy kamolotining mahsuli boʻlgani holda, uning syujeti, hikoyalarning tutgan oʻrni, asar qahramonlari oʻta mohirlik bilan keltirilganki, ular yozuvchi maqsadi, asar qurilishi uchun toʻla xizmat qila oladi.

A. Qahhor voqelikni bir necha mustaqil syujetga ega boʻlgan hikoyalardan foydalanib tasvirlaydi. Adib asarni yozarkan, uning maqsadi qoloq, oʻz-oʻziga choh qaziyotgan xalq tasvirini yaratish va buning ayanchli oqibatidan kelib chiqib, xulosa chiqarish edi. Yozuvchi oʻz maqsadi yoʻlida jamiyatni bir qancha tipdagi obrazlar orqali barpo etadi.

Bu qahramonlar-usta Abduqahhor: adib idealiga yaqin, yangicha fikrga ega shaxs. Usta zamonaning boshqa kishilaridan farqli holda yangiliklarni toʻgʻri qabul qila oladi, kezi kelganda nohaqliklarni, xatoliklarni tap tortmay ayta oladi. Shu xislatlari tufayli zamon uni xushlamaydi. Har yoqqa koʻchib yurishga majbur qiladi. Yolgʻiz otning changi chiqmaganiday, endi usta Abduqahhor ham boshqalarday boʻlishga, ularday fikrlashga mahkum etiladi.

Ustaning onasi boʻlmish kampir, qariyalarning tipik vakili sifatida keltirilgan, u bir muhitda qotib qolgan, oʻzgarishlarga koʻnikolmaydi va boshqalarni ham shunga majburlaydi.

Toʻraqul vofurush "oʻlikni yogʻini" yalagan, oʻz manfaatini koʻzlab ish tutuvchi, ziqna va mugʻambir inson edi.

Valixon soʻfi davrning "ilmli" shaxslaridan boʻlib, odamlarga soʻzi oʻtguday edi. Koʻpchilik orasida obroʻyi baland odamlarning, "ilm" kishilarining bunday xudbinligi, oʻquvchida zamona haqidagi tasavvurni yanada kengaytiradi.

Yana shunday odamlar ham bor ediki, ular zamona yigitlarini hezalaklikda ayblab, barchani oyoqqa turgʻizgan, lekin yuzboshining xuni uchun yigirma dehqonni olib ketishayotganda jim qarab turavegan kishilar edi. Ali-laylak kabi yigitlar nohaqliklarni koʻrib, bilib turar, bunga nafrat koʻzi bilan qarar, lekin biror chora koʻrishga kelganda yuraklaridagi qoʻrquv bunga yoʻl qoʻymas edi.

Jamiyat qurilishida yozuvchi nazdidagi oxirgi bosqich odamlari "Teshiktosh" hikoyasidagi Babar tipiga kirardi. Babar davrning umumiy koʻrinishi, unda oʻsha zamonni ortga tortuvchi barcha: jaholat, mutelik, qoloqlik, kabi illatlar mavjud edi.

"Oʻtmishdan ertaklar" qissasi turli rangdagi goʻzal toshlardan terilgan mozaika kabidir. Agar mozaikani juda yaqindan turib kuzatsak, goʻzal toshlarni-yu, ularni ulab turgan choklarnigina koʻra olamiz, xolos. Lekin unga uzoqdan qaraganimizda, u bor goʻzalligi bilan butun bir sanʼat asarini ifodalaydi. Ammo oʻsha butunlikni birdaniga yuqoridan kuzata olmaymiz. Avvalo, qismlarni oʻrganib, oʻzimizni butunlik sari tayyorlashimiz kerak boʻladi.

Agar yuqoridagi qahramonlar vositasida syujetga nazar tashlasak, "Teshiktosh" hikoyasi adib bolaligiga bogʻliq syujet voqealariga bevosita taʼsir etmasligi bilan boshqa hikoyalardan ajralib turadi. Yaʼni hikoya qahramoni Babar, ungacha yaratilgan boshqa obrazlardan (Kampir, Toʻraqul vofurush, Valixon soʻfi va h.k) farqli oʻlaroq adib hayot yoʻliga aloqasizday tasavvur beradi. Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: Yozuvchi nima uchun bu hikoyani asar tarkibiga kiritadi?

Ha, bir qarashda hikoyaning asardagi oʻrni u qadar ahamiyatli tuyulmas, lekin yaxshiroq mulohaza yuritsak, bu hikoya asarning eng muhim nuqtalaridan ekanligini anglab yetamiz.

"Teshiktosh" hikoyasidagi voqelik adib bolaligining yorqin, uning uchun eng taʼsirli damlaridan boʻlgan desak, adashmaymiz. Asardagi birinchi "Bir-ikki soʻz" bobi soʻzimizni tasdiqlab turibdi. Babar bilan boʻlgan voqelik yozuvchiga bogʻliq hodisalar ichida boʻlmasa-da, A. Qahhor bolaligini, yaratilajak asarini usiz tasavvur eta olmaydi. Demak, hikoyaning asarga kiritilishi avvalambor hissiy ehtiyoj yuzasidandir. Ammo voqea faqat hissiy ehtiyoj natijasida olinsa, sanʼat asarining saviyasiga putur yetgan boʻlar edi. Shu bois, ulkan mahorat sohibi orginal bir syujet qurilishini yaratadiki, oqibatda oʻz yuragini larzaga solgan voqea, qissaning yuragi darajasiga koʻtarila oladi.

Qissadagi har bir bob oʻzining muhim vazifasiga ega. Ammo "Teshiktosh" hikoyasining asardagi vazifasi oʻz-oʻzidan anglashilmaydi. Uning oʻrni asar mohiyati va strukturasi bilan bogʻlangan holda oydinlashadi. Hikoyalar oʻzining tuguni, kulminatsiyasi, yechimiga ega. Lekin barcha hikoyalarga yaxlit bir holatda, bir voqelikning ketma-ketligi sifatida qarasak, ular bir syujet chizigʻiga jamlanadi. Bu oʻrinda "Teshiktosh"ning vazifasi nimadan iborat?

“Teshiktosh"da laqma "otqorovul yur desa yurgan, tur desa turgan, ustidan oshirib oʻq uzganda kiprik qoqmagan" Babar obrazi tasvirlanadi. Yozuvchi uni tuhmat bilan otqorovul qoʻliga tushib qolishida ham, sovuqdan muzlab oʻlishida ham, asosan oʻzi aybdor ekanligini takidlaydi. Ayni paytda asardan koʻzlangan maqsad ham (Babarga oʻxshash qahramonlar vositasida) oʻtmishdagilarning turmush tarzi, maʼnaviy-madaniy hayoti, siyosiy, ijtimoiy qarashlarini koʻrsatish orqali, jamiyatning naqadar qoloq va jaholatga botib ketganligini koʻrsatish edi. Jaholatga botgan zamon koʻrinishini yaratarkan, yozuvchi qahramonlarning ketma-ket asarga kirib kelishi vositasida holatni pastdan yuqoriga qarata oʻstiradi. Har bir qahramon umumlashmaning maʼlum bir qismini toʻldiradi va zamonani jaholat sari tortadi. Endi shunday bir tip boʻlsinki, unda zamonaning umumiy koʻrinishi mujassamlashsin. U esa Babar edi. Asarga "Teshiktosh"ning kiritilishi asar mazmuni va yozuvchi yaratayotgan jamiyatning toʻlaqonli boʻlishini taʼminlaydi.

Asar kompozitsiyasidagi hikoyalar ketma-ketligida ham "Teshiktosh"ning oʻrni yuqori. Har bir hikoya oʻz kulminatsiyasiga ega, lekin umumiy voqelikning ham kulminatsion nuqtasi mavjud. Agar biz yozuvchining maqsadi oʻsha davr umumiy koʻrinishini yaratish deb bilsak, va shu maqsaddan kelib chiqqan holda fikrlasak, "Teshiktosh" hikoyasi maʼlum bir maʼnoda asarning kulminatsion nuqtasi ekanligini anglab yetamiz.

"Oʻtmishdan ertaklar" qissasida jami oʻn sakkizta bob mavjud boʻlib, fikrimiz nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda asarni shartli ravishda ikki qismga: "Teshiktosh"gacha va "Teshiktosh"dan keyingi hikoyalar tarzida tahlil qilamiz. "Teshiktosh" hikoyalarning oʻn birinchisi, ungacha "Bir-ikki soʻz", "Falokatning sharofati", "Indamas", "Zingerli boy", "Hur qiz", "Xudo", "Toʻraqul vofurush", "Bir palla tarvuzning poʻchogʻi", "Valixon soʻfi", "Odam zavodi" kabi hikoyalar joy olgan. Hikoyalarning bu tarzdagi tartibi bir maqsad sari yoʻnaltiriladi. Yaʼni, yozuvchi shu hikoyalar vositasida davr umumiy koʻrinishini hosil qiladi. U maqsadidagi tubanlikka botgan jamiyat tasviriga ana shu oʻn bir hikoya vositasida erishadi. Hikoyalar birin-ketin yoritilarkan, jaholatga botgan jamiyat koʻrinishi oʻsaveradi. Hikoya qahramonlari jamiyat ahlining maʼlum boʻlaklari sifatida keltiriladi, soʻngida jaholatning eng yuqori choʻqqisi, kulminatsiyasi sifatida "Teshiktosh" hikoyasining qahramoni Babar asarga kiritiladi. Endi undan yuqorisi, undan ortigʻi boʻlmaydi.

"Teshiktosh" asarning kulminatsiyasi ekan, dastlabki oʻn hikoya tugun, voqealar rivojini tashkil etadi. Keyingi hikoyalar esa yechim vazifasini oʻtaydi. Dastlabki hikoyalarda oʻsish, rivojlanish mavjud boʻlib, buni qahramonlarimizning uzluksiz koʻchib yurishi va asarga kirayotgan qahramonlarning juda ham sermahsulligi bilan izohlash mumkin. Asardagi tugunni birinchi koʻchishga sababchi boʻlgan, "Falokatning sharofati" bobida Olim buvaning opasi, ustaning "shayton aravasidan" choʻchib oʻlgani va buvaning qizi ustani hayosizlikda ayblab, otasiga aytib bergan voqea yaratadi. Konflikt usta Abduqahhor oilasini turli joylarga koʻchishiga sababchi boʻlarkan, oʻz-oʻzidan voqealar rivojlana boradi, shu koʻchib yurish asosida yozuvchi niyatidagi jamiyatni tasvirlaydi.

"Teshiktosh" asarning markazida. Mohiyatan dastlabki oʻn hikoya bir taraf-"Teshiktosh" bir taraf. U ana shu hikoyalarni umumlashtiruvchi, ulardagi mazmun-mohiyatni oʻzida jamlovchi bobdir. "Teshiktosh" oʻzicha mustaqil boʻlib, umumiy mazmunga birika olmayotgan boblarni birlashtiradi. Yaʼni oʻn hikoyaning mustaqil maʼnodagi tartibi, haqiqatan ham oʻquvchida tubanlikka botgan jamiyat tasvirini yaqqol gavdalantira olsa-da, muayyan xulosa chiqarishiga baribir nimadir kamdek tuyuladi. Syujetdagi shu gʻalizlik buyuk isteʼdod sohibining eʼtiboriga tushgan boʻlsa ajab emas.

Dastlabki hikoyalarni oʻqirkanmiz, tuban jamiyat tasvirining turli koʻrinishdagi, bir qancha boʻlaklari hayolimizdan tarqoq, oʻzaro bogʻlanmagan holida joy oladi. Jamiyat haqida maʼlum bir tasavvurga erishsak-da, yozuvchi uqtirmoqchi boʻlgan xulosadan yiroqda qolaveramiz. Asarga "Teshiktosh"ning kirib kelishi oʻquvchida qatʼiy xulosa chiqarib, bundan ortigʻi boʻlmasligiga ishontiradi va keyingi, yozuvchi mulohazalariga tayyorlaydi.

Aynan "Teshiktosh" hikoyasidan keyin asar mazmuni va strukturasidagi burilishni sezish mumkin. Bu kulminatsiyadan keyingi yechimga tomon burilish edi. "Teshiktosh"dan keyin "Oqposhshoning arzandasi", "Dukchi eshon koʻlankasi", "Arafa", "Koʻza"lar", "Muhammadjon qori", "Bir boshga ikki oʻlim", "Qoʻqon xarobalari orasida", hikoyalari oʻrin olgan. Endigi hikoyalar ham yuqoridagilarga oʻxshasa-da, A. Qahhor ulardan oʻzga maqsadlar sari foydalanganligi yaqqol seziladi. Hikoyalarda qahramonlarning koʻchib yurishi, yangi obrazlarning kiritilish holatlari kuzatilsa ham ularni yozuvchi maqsadi bilan emas, balki boshidan oʻtkazganlarining shartli bayoni sifatida sharhlash lozim. Yaʼni ular vositasida jaholatga botgan jamiyatni tasvirlash endilikda yozuvchining asl maqsadi boʻlmay qoldi. Adib oʻsha mavjud jamiyatning maʼlum hodisalarga boʻlgan munosabati orqali, vaziyatni tahlil qila boshlaydi. Mardikor olish, "bosmachilar" harakati, inqilobdan keyingi holatlarga munosabat-bularning barchasi jamiyatning oʻta qoloqlashib ketganligidan dalolat berib, yozuvchi "Bunday xalq bilan nimaga ham erishish mumkin edi?" degan savol atrofida mulohazalar yuritadi...

Shu tariqa "Teshiktosh" yozuvchi mahorati evaziga asarning ajralmas qismi, kompozitsiyaning asosiy unsurlaridan biri sifatida keltiriladi.

Qissani oʻqir ekanmiz, adibning”Teshiktosh”ga boʻlgan oʻzgacha munosabati yaqqol seziladi. Babar adibning umri davomida oʻylantirgan, qiynab kelgan odamlaridan boʻlsa ajab emas. Zero, asarning boshlanish nuqtasidayoq ( “Bir- ikki soʻz” bobida ) Abdulla Qahhor Babarni tilga oladi: " " Oʻttizinchi yillarning oʻrtalarida bolaligimni oʻylaganimda chalakam-chatti tush koʻrganday boʻlgan edim: dumli yulduz chiqqan edi; Babar (Bobir boʻlsa kerak) yigitni otqorovul miltiq bilan otganda oʻlmagan edi, shunda otqorovul odamlarga yuzlanib: " Yopiray, bunaqa battol oʻgʻrini umrimda koʻrgan emasman, ustidan oshirib oʻq uzibmanu kiprik qoqmaydi-ya!" degan edi". Voqeani koʻrib turgan Abdullaning jajji yuragi bundan taʼsirlangandir? Hayoti davomida bunday odamlarni koʻp kuzatgandir? Boshqa bir qancha asarlaridagi qahramonlar ham shuning aksidir? Balki asarning yaralishiga sababchi boʻlgan omillardan biri ham shu Babardir?..

Hozirgi she'riyatning tasviriy imkoniyatlari haqida

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Saʼdullo Quronov