← Dilmurod Quronov
|

Oʻylash undaydigan roman

Dilmurod Quronov

Maqola

“Boqiy darbadar”ning janrini muallif roman deb belgilabdi. Ehtimol, ayni hol didi anʼanaviy romanlar ruhida tarbiyat topgan oʻquvchida eʼtiroz uygʻotar ham. Axir, bunda yaxlit bir voqea boʻlmasa, koʻp planli syujet asosida voqelikning keng epik manzarasi tasvirlanmagan boʻlsa, markazida qahramon turmasa... – nimasi roman?!.. Jahon adabiyoti tajribalaridan, xususan, Gʻarbda yarim asrlar ilgari boshlangan “yangi roman” bobidagi izlanishlardan ozmi-koʻpmi xabardor oʻquvchida eʼtiroz tugʻilmasayam kerak. Zero, “Boqiy darbadar”da anʼanaviy eposga xos voqeaband syujet oʻrnida sirtdan bir-biriga bogʻlanmay turli makon va zamonda, goh reallik gohi xayolotda kechuvchi voqealar tasvirlangan, markazida risoladagidek qahramon turmagan boʻlsa-da, ularni bir narsa – hayotning maʼnisiyu bashariyat taqdiri haqida oʻyga tolgan muallif shaxsi birlashtiradi, yaxlit butunlikka – romanga aylantiradi...

Isajonning bitigi anʼanaviy yoʻlda yozilmagani aqlga tayin, lekin uni modernizm yo postmodernizmga taalluqli etishga-da qiynaladi kishi. Modernistik asar deyin desa, unda ham turfa uslublar – koʻxna diniy rivoyatlardan tortib hozirgi “internet tili”gacha, ham turfa janrlar – qadim diniy didaktikadan tortib urfdagi “boyevik”kacha... quroq-qorishiq birbutunlik kasb etayotibdi. Hay, postmodernistik asar deb qoʻya qolay desa, muallif olamu odam haqidagi oʻy-tashvishlarini ifoda etmoq uchun badiiy model – postmodernistlar inkor qilgan metarivoyat yaratib qoʻyibdi... Holatdan chiqishga urinish demang-u, nazarimda Isajon oʻzi bilgan bizdagiyu xorijdagi ijodiy tajribalarning barini ichdan oʻtkazibdi – bugun oʻzini qiynab turgan muammmolarning badiiy idrokiyu ifodasi uchun maqbul shakl izlapti, izlanishlari sintezga olib kelibdi.

Darvoqe, gʻarbda urf boʻlgan “izm”lar maʼnaviyatimiz uchun zararli deguvchilarning tashvishlari, albatta, asossiz emas. Margʻub tomoni shuki, Isajon oʻsha “izm”lardan maqbul shaklni olgani holda oʻzi milliy zaminda sobit turibdi. Jillaqursa bir jihatni olaylik: postmodern kayfiyat degani millatlaru milliy madaniyatlar qorishuvini koʻzda tutadi, shunday zamindan unib chiqadi. Yozuvchimiz esa bu ruh-kayfiyatni butun vujudi bilan inkor qiladi, professor Ziyoning oʻgʻli kabi “oʻzi sevgan, amallaridan Oʻzi rozi boʻladigan xalq orasida” yaralganiga shukrona keltiradi, roʻzi mahsharda “oʻz jonajon tuprogʻida, oʻz jonajon millati bilan birga boʻlishni orzu qiladi”; Vatanni “iymonining qoʻrgʻoni” deb biladi, “dilining ildizlari shu yer osti buloqlariga bogʻlab qoʻyilganday, uzilsa quriydigandek” his qiladi oʻzini. Ha, asl ijod, agar u milliy-madaniy zaminda voqe boʻlsa, aslo koʻr-koʻrona taqlid boʻlmaydi. Zero, ijodiy sintez degani bir jihatdan alximiyaga monand: kimyogar turli moddalarni qorishtirib sar oltin olishga intilarkan, singishmagan moddalar choʻkindi boʻlib shishada qolaveradi.

Yozuvchi hayotning maʼnisiyu bashariyat taqdiri haqida oʻyga tolgan, dedik. Axir, inson hayotidan maʼni izlash soʻnggi ikki asr mobaynida adabiyotning markaziy muammosiga aylanmadimi? Ha, hatto modernizmning ayrim oqimlari inson hayotini har qanday maʼnidan ayro tushadi deb daʼvo qildi ham, ozmi-koʻpmi shu kayfiyatga tushdik ham. Xayriyatki, islom nuri bilan yorishgan dillar bu kayfiyatni oʻziga sigʻdirolmadi, sigʻdirmadi. Jumladan, Isajon ham. Yozuvchi muammoning ildiziga nazar soladi va koʻradiki, Yaratganidan uzoqlashishi barobari inson hayotining mazmuni yoʻqolib borayotganini teranroq his qilgan, bu his muttasil kuchayib borgan. Va bu nihoyasiz jarayon. Shuning uchun ham romanda yaralmish – inson “tangrining irodasiga isyon oʻlaroq” yaratgan eng oliy mavjudot – klon ham olamning nechogʻli mukammal yaratilganini idrok etgach, “mazkur silsila aro oʻz oʻrnini topishga harakat qiladi”. Ammo xayhot... topmaydi, topolmaydi.

Shu bois ham dunyolarga sigʻmaydi, olamni bunchalar mukammal yaratgan Zotni “izlab topish va butun olam yaratilishining sabablarini Oʻzidan soʻrash uchun” bosh olib chiqib ketadi. U koʻzlagan manzil belgili: izlagani – “Uning irodasiga va mening yaratilishimdan maqsadiga mos... keladigan makon va zamon”. Biroq, xayhot... u tushgan yoʻl qayon eltadi, koʻzlagan manziliga yetadimi va yo oʻsha mangu darabadarga qismatdosh boʻlib qoladimi?.. Kim biladi, “butun olam ilgarilab borayotgan turli-tuman yoʻllar”ning qay biri haq yoʻl? Sobit ishonch bilan “qismatimiz shu sahroda yashab Parvardigorga ibodat qilish va ajalimiz yetganida jonimizni Oʻziga topshirishdir” deya kundalik yumushlariga mashgʻul badaviylarmi? Va yo yorugʻ olamga etak silkib, butun borligʻi – qalbiyu aqli bilan Yaratganga yuzlangan avliyoning yoʻlimi?..

Asarda savollar qoʻyilgan, javob esa imkondan tashqarida, zero, uchinchi parvona misoli “alanga ichiga kirib otash ichra gʻoyib boʻlgan”gina – BILADI va... oʻzi “erishgan bilim haqida gapira olish imkoniyatidan mahrum boʻladi”...

Aslida, professor Ziyoning oʻgʻli aytmoqchi, “tevaragimiz rumuzlarga va timsollarga toʻladir”. Va shu rumuzu timsollar “aql qulogʻiga baland ovoz bilan xitob qilib turibdi”. Biroq biz, biz eshityapmizmi shu xitoblarni?! Mabodo, dovonga koʻtarilgan sari quloqlar bitgani kabi, bashariyat safida yuksalishimiz barobari “aql qulogʻi”miz ham bitib bormayaptimi?!..

Qadimgilar adabiyotni tabiatga taqlid deganlar. Chamasi, Isajonga ham shu yoʻldan borish maʼqul koʻrinibdi – romanni rumuzu timsollarga toʻldiribdi. Bu ramzu timsollar tafakkurimizga qaratilgan – fikr bilan ularni chaqishimiz tafakkurimizni charhlashiga imonim komil. Asarni oʻqiganda bir-biridan murakkab savollar ketma-ket qalqib chiqaversa ham, ehtimol. Lekin ular ichida eng muhimi, bugungi taraqqiy darajasiyu ertangi imkonlari ufqining chamasidan masruru magʻrur turgan XXI asr kishisi uchun eng joʻn va eng murakkabi mana bulardir, balki:

A.Oripovning 60-yillar sheʼriyatida tarix konsepsiyasi

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov