Gʻafur Gʻulomning 100 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan maqola va tadqiqotlar orasida Baxtiyor Nazarovning “Gʻafur Gʻulom olami” monografiyasi ilmiy salmogʻi bilan alohida oʻrin tutadi. Aytmoqchimanki, uning toʻyona asarlar sirasida emas, adabiyotshunosligimiz metodologiyasini belgilovchi asarlar qatorida koʻrilgani adolatli va ilmiy jihatdan toʻgʻriroq boʻladi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, avval shunday xulosaga asos beradigan nuqtalarga toʻxtalish lozim.
Eslaysiz, bir vaqtlar “oʻz vaqtida yozilgan asar” degani oʻta yuksak baho, uning “Ona” romanidan boshqasiga berilishi esa bamisoli “kufr” sanalgan. Holbuki, adabiyotshunoslikning ayni tushunchaga oʻtkir ehtiyoji bor, zero, adabiy taqdiri “oʻz vaqtida yozilgani” bilan belgilangan asarlar koʻplab topiladi. “Gʻafur Gʻulom olami” monografiyasi ham shunday – oʻz vaqtida yozilgan asardir. Yoʻq, yubileyni nazarda tutmadim, sal avvalroqdan boshlab kelishimiz kerak. Qizil imperiyaning qulashi muqarrar boʻlib qolgan 80-yillarning oxirlarida shoʻro davri adabiyotiga munosabat masalasi qalqib chiqib, biroz vaqt, ehtimol, adabiyotshunosliknnig “eng dolzarb” muammosi maqomini egallab oldi. Ayrimlar mayakovskiychasiga shiddat bilan Gʻ.Gʻulom, Oybek, A.Qahhor, H.Olimjon – qoʻyingki, butun shoʻro davri adabiyotini ulgurjisiga “zamona kemasidan uloqtirib” yangi adabiyot yaratishga, kimlar esa kechagi “tirik klassiklar” oʻtirgan shohsupaga qatagʻon qilingan adibu shoirlarni chiqarishga chogʻlandi. Xullas, adabiy tanqid inkor ruhiga bir choʻmib oldi-yu, yangi asr boshlariga kelib ayrilishda qay tomon yurishini bilmay turgan yoʻlchi misol depsinib qoldi. Shunday bir vaziyatda tanqid tarixi va nazariyasi boʻyicha yirik mutaxassisning shoʻro davri adabiyotining ulkan namoyandasi haqidagi asarida oʻn-oʻn ikki yillab kechib kelayotgan bahs umumlashtirilib, yaqin oʻtmish adabiy merosiga munosabat tamoyillari belgilab berildiki, “oʻz vaqtida yozilgan asar” deganim shundan.
Toʻgʻri, monografiyada bu tamoyillar alohida taʼkidlab koʻrsatilgan emas, biroq olimning tadqiqot obyektiga yondashuvini mulohaza qilganki odam ularni farqlay oladi. Endigi muddao shulardan oʻzim farqlay olganlarini muxtasar tavsiflab oʻtishdan iborat.
Birinchisi, shoʻro davri ijodkorlari “tarjimai holi ham yangidan, sinchiklab oʻrganilishi kerak... Gap shundaki, shoʻro tuzumidagi shaxs hatto tarjimai holidagi tuzum manfaatiga mos kelmaydigan nuqtalarni yashirishga, bejashga, ular oʻrnida shoʻro koʻrsatgan taʼsirni koʻklarga koʻtarishga majbur boʻlgani sir emas”. Shu tamoyildan kelib chiqqan holda ilgari Gʻ.Gʻulomning “shoʻrocha” biografiyasida urgʻulanmagan, eʼtibordan qoldirib kelingan uch-toʻrttagina muhim fakt sanab oʻtilgan: 1) “jadidlar taʼlim bergan “Hayot” maktabida oʻqigan”, 2) “zamonasining mashhur boylaridan biri Mulla Muborak Siddiqmuhammedov xonadonida maʼlum muddat tarbiya topgan”, 3) “Baroqxon” madrasasida oʻqigan... mudarris Saidahror...“bir sandiq nodir kitoblar” taqdim etgan”. Aniqki, bu uchala fakt ham shoʻro davrida yaratilgan Gʻ.Gʻulom “imij”iga muvofiq emas. Zero, shoʻro uning timsolida “ota-onadan yosh yetim qolgan va oktyabr tufayligina songa kirgan” insonni koʻrishni istagan, adabiyotshunoslik ayni shu qiyofani yaratgan, taʼlim tizimi ommalashtirgan. Oʻz-oʻzidan ayonki, Gʻ.Gʻulomning keng ommalashtirilgan asarlari ham shu qiyofaga muvofiq, unga oʻtirishmaydigan asarlarini esa, asosan, mutaxassislar va ayrim xos oʻquvchilar, shoirning chin muxlislari bilgan, xolos. Holbuki, shoirning “ayrim sheʼrlari, hikoyalari bagʻriga jo boʻlgan armonlari” koʻp, ularni anglash, his etish uchun “Gʻafur Gʻulom asarlariga yangicha yondashuv” talab etiladi. Xullas, B.Nazarov ijodkor tarjimai holini yangidan oʻrganish zaruratini birgina Gʻ.Gʻulom misolida aytgan, biroq bu shoʻro ijodkorlarining bariga birdek tegishliki, tamoyil deb urgʻulashga asosimiz yetarli.
Ikkinchisi, “eʼtibor hozirgi talablarimizga javob beradigan va biz uchun zarur asarlarga qaratilishi muhimdir”. Darhaqiqat, B.Nazarov aytganidek, Gʻ.Gʻulom ijodiy merosida shoʻrocha ruhdagi asarlar koʻpligi ham, “shoʻroviy, firqoviy asarlar bizga kerak emas”ligi ham hammaga maʼlum. Shunaqa ekan, bunga endi shoʻro tuzumining hosilasi, “... oʻtilgan bosqich. Adabiyotning oʻtmishda qolgan tarixiy bosqichi” sifatida qarab, shoirning badiiy baquvvat, “hatto kelgusida yaratilajak asarlar silsilasida” oʻz oʻrni boʻladigan asarlarga tayanish lozim. Fikrimizcha, bu ilmiy jihatdan eng toʻgʻri va asosli yondashuv. Zero, birinchidan, ijodkorning qiymatini yaratgan asarlarining bari emas, “durdona” sanalishi mumkin boʻlgan asarlari belgilaydi; ikkinchidan, hech bir ijodkor yoʻqki, yozganlari yaksara shedevr – “durdona” boʻlsa. Yaʼni, agar shoʻro ruhida yozilgan boʻlmaganida ham, milliy badiiy bisotimizga Gʻ.Gʻulom asarlarining eng saralarigina saylab olingan boʻlardi. Yana bir jihati, yangi oʻzbek adabiyoti – ijtimoiylashgan adabiyot, uning har bir namunasi muayyan darajada oʻz davri ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlariga javobdir. Mazkur ehtiyojlar esa davrning oʻzi bilan oʻtguvchi – oʻtkinchidir, bas, asar ularga qanchalik kuchli va bevosita bogʻlangan boʻlsa, eskirishi ham shunchalik tez va muqarrardir. Demak, Gʻ.Gʻulom merosidagi “shoʻroviy, firqoviy” asarlar bir chetga surilib qolayotgani kimningdir ixtiyori bilan emas, qonuniyat maqomida yuz berayotgan hodisadir. Modomiki qonuniyat ekan, bunday qismatdan, masalan, jadid adabiyoti yoki mustaqillik davri adabiyotining ayrim namunalari ham qochib qutulolmasligi ayon. Faqat mafkura va siyosat zugʻumi ostida shoʻro adabiyoti oʻta ijtimoiylashgani bois unda vaqt elagidan oʻtmay qoladigan asarlarning koʻproq boʻlishi tabiiydir.
Taʼkidlash kerak, mazkur tamoyilning izohi uchun B.Nazarov shoirning vaqt sinovidan oʻtgan va oʻtajak sheʼrlari, shohbaytlarini tanlay olganki, bu muallifga xos nozik did va oʻtkir idrokdan dalolatdir. Olim bu siraga koʻproq Gʻ.Gʻulomning milliy ruhga yoʻgʻrilgan, oʻzida milliy turmush tarzi va milliy xarakter xususiyatlarini aks ettirgan sheʼrlari, teran falsafiy lirikasi, bolalarga atalgan samimiy satrlarini kiritadi. Eng muhimi, ayni shu nav sheʼrlarda shoirning poetik mahorati bor boʻyini rostlagani, mangu mavzulardagi bitilgan sheʼrlardagi taxayyulning yuksak parvozi koʻrsatib berilganki, bu ahli qalam uchun bir ibratdir.
Uchinchisi, shoʻro ruhida yozilgan “asarlarga umuman, yoki hozirgi kun nuqtai nazaridangina emas, balki tarixan va, asosan, yaratish davri xususiyatlaridan (bor kamchiligi va ijobiy tomonlari bilan) kelib chiqib baho berish toʻgʻri boʻladi”. Mazkur fikrlar “Koʻkan” poemasi munosabati bilan aytilgan boʻlsa-da, fikrimizcha, ularni “shoʻro ruhida yozilgan” barcha asarlarga tatbiqan ham aytish mumkin. Sirasi, bu oʻrinda yangi gap yoʻq ham, adabiyotshunoslik ilmining ustunlaridan sanaluvchi tarixiylik tamoyili eslatilmoqda, xolos (koʻpchilik buni goʻyo butkul unutib, biryoqlama hukm-xulosalarga chalgʻigan paytlar shuyam katta gap!). Olim “Koʻkan”ning zamirida “baxtli hayotga faqat jamoa xoʻjaligi orqali erishish mumkin” degan gʻoya yotishini, lekin bu “nazariya oʻzini oqlamaganini” juda yaxshi biladi. Biroq, ayni paytda, tarixiylik tamoyili “jamoa xoʻjaligiga oʻtish, oʻtkazishda”gi salbiy holatlar bilan birga jamoalashtirish muayyan ijobiy samaralar berganini ham eʼtiborda tutishni taqozo etishini, olimlikning bosh talabi xolislik ekanini ham faromush qilmaydi. Adabiy merosga munosabatda shu tamoyildan ogʻishmagani, xolis turolgani bois “Koʻkan” poemasiga “oʻzbek dehqoni tafakkuri, dunyoqarashi va yashash tarzidagi keskin oʻzgarishlarning badiiy hujjati” tarzida obyektiv ilmiy baho beradi.
Xolislik talabini qoʻyarkan, B.Nazarov “oʻtmishni qoralab, bugunni ulugʻlash” davri oʻtganini bejiz taʼkidlamaydi. Zero, u kitobda qoʻyilgan muammoni yuzaga keltirgan ijtimoiy-tarixiy sharoitni, jamiyatda hukmron ruh-kayfiyatni yaxshi biladi. Shoʻro davriyu unga aloqador har neni ayovsiz qoralash bilan mashgʻul boʻlingan paytlarni koʻpchilik eslasa kerak. Oʻylasam, bu bilan goʻyo mustaqillikni ulugʻlamoqchi boʻlgan ekanmiz-u, aslida buning boisi mustaqillik oʻz holicha ham ulugʻligini anglamaganimiz ekan. Aniqki, bunday yondashuv ilmiylikdan yiroq, zero, predmetga avvaldan belgilangan maqsad bilan yondashilgan joyda xolislik yoʻqoladi. Jumladan, muallif “Netay” qissasi “sinfiylik nuqtai nazaridan baholab kelingan”i, holbuki, unda tasvirlangan kabi hodisa “kapitalistik jamiyatda ham, sotsialistik jamiyatda ham” boʻlishi mumkinligini urgʻulaydi. Ayni urgʻu zamirida esa mutaxassis-oʻquvchi shoʻro adabiyotshunosligining qismatini belgilagan bosh omilni yana bir karra koʻrib ibratlanadi, “umuminsoniy qadriyatlarning nechogʻlik badiiy teran, goʻzal va haqqoniy aks ettirilgani” badiiy asarni baholashning bosh mezoni degan ishonchida sobitlashadi.
Toʻrtinchisi adabiy tanqidning mohiyati borasidagi bahsli masalada egallangan mavqedan kelib chiqadi. B.Nazarov adabiy tanqidni ilm, “undagi badiiy mushohada, taxayyul, tasavvur esa janrning maqbul oʻziga xos xususiyatlari tarzida zohir topadi, busiz adabiy tanqid oʻzining tom maʼnodagi fazilatini namoyon eta olmagan boʻlur edi” deb biladi. Shunga koʻra, muallif tahlil va talqin matnda aniq koʻrinib turgan narsalarga tayanishi kerak degan qarashni yoqlamaydi, aksincha, gipotetik fikrlar tanqid va adabiyotshunoslikning “tabiati, fazilati va mohiyati uchun zid boʻlmaydi” deb hisoblaydi. Mazkur qarashga asoslangan holda olim Gʻ.Gʻulom merosini yangidan oʻqish va tahlil qilish zarur deb biladiki, shu bois ham ayni vazifani bajarish kitobda bosh maqsad qilib qoʻyilgan. Maqsadning mohiyati esa “Gʻafur Gʻulom sheʼriyatidagi yashirin dardlarni oʻqish, tagmaʼnoli fikrlarni ochishga harakat qilish, matnning oʻzidan tashqari, uning zamiridagi gʻoyalarni aniqlashga urinish”dan iboratdir.
Aytish kerakki, sanalgan tamoyillarning dastlabki uchtasi Gʻ.Gʻulom ijodiy merosi tadqiqiga toʻrtinchisini tatbiq etishga tayyorlash, asoslash vazifasini oʻtagan. Yaʼni muallifning ilmiy yondashuvida oxirgi tamoyil asosidagi tahlil va talqin ustivorlik qiladi. Bunday yondashuvda esa, bizningcha, Gʻ.Gʻulom yashagan davr xususiyatlarini bilish va shu zamonda yashab ijod qilishga mahkum isteʼdodning qalbi, dard-alamlarini his eta olish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ayni shu hamdardlik, hamfikrlik tuygʻusi satrlar orasidagini oʻqish, ifodaga oʻzgacha maʼnolar yuklashga imkon va maʼnaviy huquq beradi. Shu tuygʻu asosida shoirning umr shomida yozilgan sheʼridagi “Koʻpincha haq yozdim, baʼzida ozdim” satrini yozayotganlarining “hammasi ham toʻgʻri va haqiqat emasligini” his etish deb tushunadi. Yoki shu sheʼrdagi “Soch, soqol oqardi, munkayish, tishlar... Bilinur baʼzida yashirin dard izi” misralaridagi “yashirin dard” birikmasini “Vatanning erki, ozodligi, istiqloli, mustaqilligi haqida ochiq-oydin gapirilmay qolgan dildagi dardlar” mazmunida talqin qiladi.
B.Nazarov chinakam sheʼriyat hamisha har turli yoʻllar bilan haq gapni aytishga imkon qidirganiga ishonadi. Jumladan, 1936 yilda yozilgan “Konstitutsiyamiz” sheʼridagi quyidagi misralarni shunday “yoʻl”lardan biri sifatida koʻradi:
Biz birovga baxt yaratib, karaxt qolgan,
Biz oʻzgaga taxt yaratib, badbaxt qolgan.
Olimning fikricha, bu “kabi misralardan ham oʻquvchi nainki oʻtgan zamon, balki, oʻz zamonasi uchun ham tegishli xulosa chiqara oladi”. Boshqacha aytsak, shoir oʻtmish haqida gapirayotir-u, ayni choqda aytganlari zamonasiga ham toʻla taalluqlidir. Albatta, bunday talqinni empirik faktlar bilan asoslab boʻlmaydi, ayni chogʻda, xuddi shunday ishonchli inkor qilish ham imkondan tashqarida. Negaki, matn va shoirning ijod onlaridagi munaqqid tasavvur (his) qilib turgan holati shunday talqinga izn beradi. Boz ustiga, mazkur tasavvur osmondan olingan emas – shoir biografiyasi, yashagan davri va ijodiy merosidan kelib chiqqan holda hosil qilingan. Tabiiyki, bunga mutlaq zid talqinlar ham xuddi shu asoslarga tayanadi, oʻrtadagi farq esa, birinchidan, ulardan xabardorlik darajasining turlicha ekani; ikkinchidan, qaysi faktlar diqqat markaziga qoʻyilayotganiga bogʻliq boʻlib qoladi, xolos. Yaʼni muallifning oʻzi “gipotetik” deb atagani bilan, bu talqin muallif xayoloti mahsuligina emas, bas, ilmiy qiymatini aslo kamsitib boʻlmaydi.
Yuqoridagi mulohazalardan ayon boʻlyaptiki, talqinning qanday boʻlishi koʻp jihatdan shoirni, aniqrogʻi, uning ijod onlaridagi holatini qanday tasavvur qilishimizga bogʻliq boʻlar ekan. Deylik, Gʻ.Gʻulom timsolida faqat shoʻro maddohini koʻrgan kishi oʻyiga, masalan, Pol Robsonga bagʻishlangan sheʼrda:
Har xalqning oʻz xohishi, irodasi, huquqi,
Tuzumi va toʻzimi – oʻz-oʻzining ishidir, – deyilgani “bir jihatdan, shoir yuragidagi davosini topmagan dardlar va qanoti qirqilgan orzularning ifodasi, ikkinchi bir jihatdan, bizning davrimizga kelib, mustaqillikka erishilgandan soʻng qoʻlga kiritilgan abadiy niyatlarning badiiy ifodasidek taʼsir etmaydimi?” qabilidagi andisha aslo kelmaydi. Holbuki, oʻzga xalqqaki oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini sogʻingan odamning oʻz xalqiga buni tilamasligi mumkin emasdek. Xoʻp, shoirning Pol Robson va u mansub xalq haqida aytganlarini B.Nazarov zamonamizga moslab yo oʻzi istaganidek talqin qilyapti ham deylik. Biroq yuqoridagicha talqinlarga izn beradigan satrlarga bot-bot duch kelinsa-chi, masalan, Koreya va Vyetnam haqida soʻzlay turib:
Har xalqning oʻz raʼyi bor, bu sheriklik jahonda,
Har xalqning oʻz ijodi, oʻz tugʻma inqilobi, – deyilgani kabi. Munaqqid buni shoʻroning proletar inqilobigina birdan-bir toʻgʻri degan daʼvoga “gʻafurona poetik raddiya” deb biladi. Uningcha, bu “har bir xalqning yangi hayotga, avvalgisidan boshqacharoq yangi bosqichdagi turmushga oʻtishda oʻzining mustaqil yoʻli, oʻziga xos yoʻli boʻladi va bu muqaddas oʻzgarishni birov, oʻzgalar, chetdan kelib emas, shu xalqning oʻzigina amalga oshirishi mumkin, deganidir”. Kimga qanday, bilmadim-u, kamina shu talqinga qoʻshilgim, hindixitoyliklar haqida yozayotgan shoir oʻz xalqini bir zumgina boʻlsin xayolidan nari qilmaganiga ishongim keladi. Negaki, agar shoirning oʻzga xalqlar, uzoq yurtlar, olis oʻtmish haqida yozganlari xalqi, yurti, zamonasini bot-bot yodga solayotgan ekan, buni shunchaki tasodif emas, anglangan ifoda usuli sifatida tushungan toʻgʻriroq boʻladi.
Yana bir muhim nuqta. B.Nazarov oʻzining talqinlari bahslar qoʻzgʻashi, “mulohazalarini kimdir qabul qilishi, kimdir qabul qilmasligi, boshqa birov bunga mutlaq zid, qarama-qarshi fikrni aytishi mumkin”ligini eʼtirof etadi va buni tabiiy deb biladi. Jumladan, turli avlodlar adabiy asarga turlicha yondashishini ham. Darhaqiqat, adabiy asar turli zamonlarda ham, bir davrning turli oʻquvchilari tomonidan ham TURLICHA tushunilishi mumkin. “Gʻafur Gʻulom olami” monografiyasi ayni shu qonuniyatni ulugʻ shoirimiz ijodi misolida koʻrsatib, tushuntirib, asoslab bergani bilan ulkan ilmiy va maʼrifiy qimmat kasb etadi.
2015 yil
Ғафур Ғуломнинг 100 йиллиги муносабати билан эълон қилинган мақола ва тадқиқотлар орасида Бахтиёр Назаровнинг “Ғафур Ғулом олами” монографияси илмий салмоғи билан алоҳида ўрин тутади. Айтмоқчиманки, унинг тўёна асарлар сирасида эмас, адабиётшунослигимиз методологиясини белгиловчи асарлар қаторида кўрилгани адолатли ва илмий жиҳатдан тўғрироқ бўлади. Ўз-ўзидан равшанки, аввал шундай хулосага асос берадиган нуқталарга тўхталиш лозим.
Эслайсиз, бир вақтлар “ўз вақтида ёзилган асар” дегани ўта юксак баҳо, унинг “Она” романидан бошқасига берилиши эса бамисоли “куфр” саналган. Ҳолбуки, адабиётшуносликнинг айни тушунчага ўткир эҳтиёжи бор, зеро, адабий тақдири “ўз вақтида ёзилгани” билан белгиланган асарлар кўплаб топилади. “Ғафур Ғулом олами” монографияси ҳам шундай – ўз вақтида ёзилган асардир. Йўқ, юбилейни назарда тутмадим, сал аввалроқдан бошлаб келишимиз керак. Қизил империянинг қулаши муқаррар бўлиб қолган 80-йилларнинг охирларида шўро даври адабиётига муносабат масаласи қалқиб чиқиб, бироз вақт, эҳтимол, адабиётшуносликнниг “энг долзарб” муаммоси мақомини эгаллаб олди. Айримлар маяковскийчасига шиддат билан Ғ.Ғулом, Ойбек, А.Қаҳҳор, Ҳ.Олимжон – қўйингки, бутун шўро даври адабиётини улгуржисига “замона кемасидан улоқтириб” янги адабиёт яратишга, кимлар эса кечаги “тирик классиклар” ўтирган шоҳсупага қатағон қилинган адибу шоирларни чиқаришга чоғланди. Хуллас, адабий танқид инкор руҳига бир чўмиб олди-ю, янги аср бошларига келиб айрилишда қай томон юришини билмай турган йўлчи мисол депсиниб қолди. Шундай бир вазиятда танқид тарихи ва назарияси бўйича йирик мутахассиснинг шўро даври адабиётининг улкан намояндаси ҳақидаги асарида ўн-ўн икки йиллаб кечиб келаётган баҳс умумлаштирилиб, яқин ўтмиш адабий меросига муносабат тамойиллари белгилаб берилдики, “ўз вақтида ёзилган асар” деганим шундан.
Тўғри, монографияда бу тамойиллар алоҳида таъкидлаб кўрсатилган эмас, бироқ олимнинг тадқиқот объектига ёндашувини мулоҳаза қилганки одам уларни фарқлай олади. Эндиги муддао шулардан ўзим фарқлай олганларини мухтасар тавсифлаб ўтишдан иборат.
Биринчиси, шўро даври ижодкорлари “таржимаи ҳоли ҳам янгидан, синчиклаб ўрганилиши керак... Гап шундаки, шўро тузумидаги шахс ҳатто таржимаи ҳолидаги тузум манфаатига мос келмайдиган нуқталарни яширишга, бежашга, улар ўрнида шўро кўрсатган таъсирни кўкларга кўтаришга мажбур бўлгани сир эмас”. Шу тамойилдан келиб чиққан ҳолда илгари Ғ.Ғуломнинг “шўроча” биографиясида урғуланмаган, эътибордан қолдириб келинган уч-тўрттагина муҳим факт санаб ўтилган: 1) “жадидлар таълим берган “Ҳаёт” мактабида ўқиган”, 2) “замонасининг машҳур бойларидан бири Мулла Муборак Сиддиқмуҳаммедов хонадонида маълум муддат тарбия топган”, 3) “Бароқхон” мадрасасида ўқиган... мударрис Саидаҳрор...“бир сандиқ нодир китоблар” тақдим этган”. Аниқки, бу учала факт ҳам шўро даврида яратилган Ғ.Ғулом “имиж”ига мувофиқ эмас. Зеро, шўро унинг тимсолида “ота-онадан ёш етим қолган ва октябрь туфайлигина сонга кирган” инсонни кўришни истаган, адабиётшунослик айни шу қиёфани яратган, таълим тизими оммалаштирган. Ўз-ўзидан аёнки, Ғ.Ғуломнинг кенг оммалаштирилган асарлари ҳам шу қиёфага мувофиқ, унга ўтиришмайдиган асарларини эса, асосан, мутахассислар ва айрим хос ўқувчилар, шоирнинг чин мухлислари билган, холос. Ҳолбуки, шоирнинг “айрим шеърлари, ҳикоялари бағрига жо бўлган армонлари” кўп, уларни англаш, ҳис этиш учун “Ғафур Ғулом асарларига янгича ёндашув” талаб этилади. Хуллас, Б.Назаров ижодкор таржимаи ҳолини янгидан ўрганиш заруратини биргина Ғ.Ғулом мисолида айтган, бироқ бу шўро ижодкорларининг барига бирдек тегишлики, тамойил деб урғулашга асосимиз етарли.
Иккинчиси, “эътибор ҳозирги талабларимизга жавоб берадиган ва биз учун зарур асарларга қаратилиши муҳимдир”. Дарҳақиқат, Б.Назаров айтганидек, Ғ.Ғулом ижодий меросида шўроча руҳдаги асарлар кўплиги ҳам, “шўровий, фирқовий асарлар бизга керак эмас”лиги ҳам ҳаммага маълум. Шунақа экан, бунга энди шўро тузумининг ҳосиласи, “... ўтилган босқич. Адабиётнинг ўтмишда қолган тарихий босқичи” сифатида қараб, шоирнинг бадиий бақувват, “ҳатто келгусида яратилажак асарлар силсиласида” ўз ўрни бўладиган асарларга таяниш лозим. Фикримизча, бу илмий жиҳатдан энг тўғри ва асосли ёндашув. Зеро, биринчидан, ижодкорнинг қийматини яратган асарларининг бари эмас, “дурдона” саналиши мумкин бўлган асарлари белгилайди; иккинчидан, ҳеч бир ижодкор йўқки, ёзганлари яксара шедевр – “дурдона” бўлса. Яъни, агар шўро руҳида ёзилган бўлмаганида ҳам, миллий бадиий бисотимизга Ғ.Ғулом асарларининг энг сараларигина сайлаб олинган бўларди. Яна бир жиҳати, янги ўзбек адабиёти – ижтимоийлашган адабиёт, унинг ҳар бир намунаси муайян даражада ўз даври ижтимоий-маънавий эҳтиёжларига жавобдир. Мазкур эҳтиёжлар эса даврнинг ўзи билан ўтгувчи – ўткинчидир, бас, асар уларга қанчалик кучли ва бевосита боғланган бўлса, эскириши ҳам шунчалик тез ва муқаррардир. Демак, Ғ.Ғулом меросидаги “шўровий, фирқовий” асарлар бир четга сурилиб қолаётгани кимнингдир ихтиёри билан эмас, қонуният мақомида юз бераётган ҳодисадир. Модомики қонуният экан, бундай қисматдан, масалан, жадид адабиёти ёки мустақиллик даври адабиётининг айрим намуналари ҳам қочиб қутулолмаслиги аён. Фақат мафкура ва сиёсат зуғуми остида шўро адабиёти ўта ижтимоийлашгани боис унда вақт элагидан ўтмай қоладиган асарларнинг кўпроқ бўлиши табиийдир.
Таъкидлаш керак, мазкур тамойилнинг изоҳи учун Б.Назаров шоирнинг вақт синовидан ўтган ва ўтажак шеърлари, шоҳбайтларини танлай олганки, бу муаллифга хос нозик дид ва ўткир идрокдан далолатдир. Олим бу сирага кўпроқ Ғ.Ғуломнинг миллий руҳга йўғрилган, ўзида миллий турмуш тарзи ва миллий характер хусусиятларини акс эттирган шеърлари, теран фалсафий лирикаси, болаларга аталган самимий сатрларини киритади. Энг муҳими, айни шу нав шеърларда шоирнинг поэтик маҳорати бор бўйини ростлагани, мангу мавзулардаги битилган шеърлардаги тахайюлнинг юксак парвози кўрсатиб берилганки, бу аҳли қалам учун бир ибратдир.
Учинчиси, шўро руҳида ёзилган “асарларга умуман, ёки ҳозирги кун нуқтаи назаридангина эмас, балки тарихан ва, асосан, яратиш даври хусусиятларидан (бор камчилиги ва ижобий томонлари билан) келиб чиқиб баҳо бериш тўғри бўлади”. Мазкур фикрлар “Кўкан” поэмаси муносабати билан айтилган бўлса-да, фикримизча, уларни “шўро руҳида ёзилган” барча асарларга татбиқан ҳам айтиш мумкин. Сираси, бу ўринда янги гап йўқ ҳам, адабиётшунослик илмининг устунларидан саналувчи тарихийлик тамойили эслатилмоқда, холос (кўпчилик буни гўё буткул унутиб, бирёқлама ҳукм-хулосаларга чалғиган пайтлар шуям катта гап!). Олим “Кўкан”нинг замирида “бахтли ҳаётга фақат жамоа хўжалиги орқали эришиш мумкин” деган ғоя ётишини, лекин бу “назария ўзини оқламаганини” жуда яхши билади. Бироқ, айни пайтда, тарихийлик тамойили “жамоа хўжалигига ўтиш, ўтказишда”ги салбий ҳолатлар билан бирга жамоалаштириш муайян ижобий самаралар берганини ҳам эътиборда тутишни тақозо этишини, олимликнинг бош талаби холислик эканини ҳам фаромуш қилмайди. Адабий меросга муносабатда шу тамойилдан оғишмагани, холис туролгани боис “Кўкан” поэмасига “ўзбек деҳқони тафаккури, дунёқараши ва яшаш тарзидаги кескин ўзгаришларнинг бадиий ҳужжати” тарзида объектив илмий баҳо беради.
Холислик талабини қўяркан, Б.Назаров “ўтмишни қоралаб, бугунни улуғлаш” даври ўтганини бежиз таъкидламайди. Зеро, у китобда қўйилган муаммони юзага келтирган ижтимоий-тарихий шароитни, жамиятда ҳукмрон руҳ-кайфиятни яхши билади. Шўро даврию унга алоқадор ҳар нени аёвсиз қоралаш билан машғул бўлинган пайтларни кўпчилик эсласа керак. Ўйласам, бу билан гўё мустақилликни улуғламоқчи бўлган эканмиз-у, аслида бунинг боиси мустақиллик ўз ҳолича ҳам улуғлигини англамаганимиз экан. Аниқки, бундай ёндашув илмийликдан йироқ, зеро, предметга аввалдан белгиланган мақсад билан ёндашилган жойда холислик йўқолади. Жумладан, муаллиф “Нетай” қиссаси “синфийлик нуқтаи назаридан баҳолаб келинган”и, ҳолбуки, унда тасвирланган каби ҳодиса “капиталистик жамиятда ҳам, социалистик жамиятда ҳам” бўлиши мумкинлигини урғулайди. Айни урғу замирида эса мутахассис-ўқувчи шўро адабиётшунослигининг қисматини белгилаган бош омилни яна бир карра кўриб ибратланади, “умуминсоний қадриятларнинг нечоғлик бадиий теран, гўзал ва ҳаққоний акс эттирилгани” бадиий асарни баҳолашнинг бош мезони деган ишончида собитлашади.
Тўртинчиси адабий танқиднинг моҳияти борасидаги баҳсли масалада эгалланган мавқедан келиб чиқади. Б.Назаров адабий танқидни илм, “ундаги бадиий мушоҳада, тахайюл, тасаввур эса жанрнинг мақбул ўзига хос хусусиятлари тарзида зоҳир топади, бусиз адабий танқид ўзининг том маънодаги фазилатини намоён эта олмаган бўлур эди” деб билади. Шунга кўра, муаллиф таҳлил ва талқин матнда аниқ кўриниб турган нарсаларга таяниши керак деган қарашни ёқламайди, аксинча, гипотетик фикрлар танқид ва адабиётшуносликнинг “табиати, фазилати ва моҳияти учун зид бўлмайди” деб ҳисоблайди. Мазкур қарашга асосланган ҳолда олим Ғ.Ғулом меросини янгидан ўқиш ва таҳлил қилиш зарур деб биладики, шу боис ҳам айни вазифани бажариш китобда бош мақсад қилиб қўйилган. Мақсаднинг моҳияти эса “Ғафур Ғулом шеъриятидаги яширин дардларни ўқиш, тагмаъноли фикрларни очишга ҳаракат қилиш, матннинг ўзидан ташқари, унинг замиридаги ғояларни аниқлашга уриниш”дан иборатдир.
Айтиш керакки, саналган тамойилларнинг дастлабки учтаси Ғ.Ғулом ижодий мероси тадқиқига тўртинчисини татбиқ этишга тайёрлаш, асослаш вазифасини ўтаган. Яъни муаллифнинг илмий ёндашувида охирги тамойил асосидаги таҳлил ва талқин устиворлик қилади. Бундай ёндашувда эса, бизнингча, Ғ.Ғулом яшаган давр хусусиятларини билиш ва шу замонда яшаб ижод қилишга маҳкум истеъдоднинг қалби, дард-аламларини ҳис эта олиш ҳал қилувчи аҳамият касб этади. Айни шу ҳамдардлик, ҳамфикрлик туйғуси сатрлар орасидагини ўқиш, ифодага ўзгача маънолар юклашга имкон ва маънавий ҳуқуқ беради. Шу туйғу асосида шоирнинг умр шомида ёзилган шеъридаги “Кўпинча ҳақ ёздим, баъзида оздим” сатрини ёзаётганларининг “ҳаммаси ҳам тўғри ва ҳақиқат эмаслигини” ҳис этиш деб тушунади. Ёки шу шеърдаги “Соч, соқол оқарди, мункайиш, тишлар... Билинур баъзида яширин дард изи” мисраларидаги “яширин дард” бирикмасини “Ватаннинг эрки, озодлиги, истиқлоли, мустақиллиги ҳақида очиқ-ойдин гапирилмай қолган дилдаги дардлар” мазмунида талқин қилади.
Б.Назаров чинакам шеърият ҳамиша ҳар турли йўллар билан ҳақ гапни айтишга имкон қидирганига ишонади. Жумладан, 1936 йилда ёзилган “Конституциямиз” шеъридаги қуйидаги мисраларни шундай “йўл”лардан бири сифатида кўради:
Биз бировга бахт яратиб, карахт қолган,
Биз ўзгага тахт яратиб, бадбахт қолган.
Олимнинг фикрича, бу “каби мисралардан ҳам ўқувчи наинки ўтган замон, балки, ўз замонаси учун ҳам тегишли хулоса чиқара олади”. Бошқача айтсак, шоир ўтмиш ҳақида гапираётир-у, айни чоқда айтганлари замонасига ҳам тўла тааллуқлидир. Албатта, бундай талқинни эмпирик фактлар билан асослаб бўлмайди, айни чоғда, худди шундай ишончли инкор қилиш ҳам имкондан ташқарида. Негаки, матн ва шоирнинг ижод онларидаги мунаққид тасаввур (ҳис) қилиб турган ҳолати шундай талқинга изн беради. Боз устига, мазкур тасаввур осмондан олинган эмас – шоир биографияси, яшаган даври ва ижодий меросидан келиб чиққан ҳолда ҳосил қилинган. Табиийки, бунга мутлақ зид талқинлар ҳам худди шу асосларга таянади, ўртадаги фарқ эса, биринчидан, улардан хабардорлик даражасининг турлича экани; иккинчидан, қайси фактлар диққат марказига қўйилаётганига боғлиқ бўлиб қолади, холос. Яъни муаллифнинг ўзи “гипотетик” деб атагани билан, бу талқин муаллиф хаёлоти маҳсулигина эмас, бас, илмий қийматини асло камситиб бўлмайди.
Юқоридаги мулоҳазалардан аён бўляптики, талқиннинг қандай бўлиши кўп жиҳатдан шоирни, аниқроғи, унинг ижод онларидаги ҳолатини қандай тасаввур қилишимизга боғлиқ бўлар экан. Дейлик, Ғ.Ғулом тимсолида фақат шўро маддоҳини кўрган киши ўйига, масалан, Поль Робсонга бағишланган шеърда:
Ҳар халқнинг ўз хоҳиши, иродаси, ҳуқуқи,
Тузуми ва тўзими – ўз-ўзининг ишидир, – дейилгани “бир жиҳатдан, шоир юрагидаги давосини топмаган дардлар ва қаноти қирқилган орзуларнинг ифодаси, иккинчи бир жиҳатдан, бизнинг давримизга келиб, мустақилликка эришилгандан сўнг қўлга киритилган абадий ниятларнинг бадиий ифодасидек таъсир этмайдими?” қабилидаги андиша асло келмайди. Ҳолбуки, ўзга халққаки ўз тақдирини ўзи белгилаш ҳуқуқини соғинган одамнинг ўз халқига буни тиламаслиги мумкин эмасдек. Хўп, шоирнинг Поль Робсон ва у мансуб халқ ҳақида айтганларини Б.Назаров замонамизга мослаб ё ўзи истаганидек талқин қиляпти ҳам дейлик. Бироқ юқоридагича талқинларга изн берадиган сатрларга бот-бот дуч келинса-чи, масалан, Корея ва Вьетнам ҳақида сўзлай туриб:
Ҳар халқнинг ўз раъйи бор, бу шериклик жаҳонда,
Ҳар халқнинг ўз ижоди, ўз туғма инқилоби, – дейилгани каби. Мунаққид буни шўронинг пролетар инқилобигина бирдан-бир тўғри деган даъвога “ғафурона поэтик раддия” деб билади. Унингча, бу “ҳар бир халқнинг янги ҳаётга, аввалгисидан бошқачароқ янги босқичдаги турмушга ўтишда ўзининг мустақил йўли, ўзига хос йўли бўлади ва бу муқаддас ўзгаришни биров, ўзгалар, четдан келиб эмас, шу халқнинг ўзигина амалга ошириши мумкин, деганидир”. Кимга қандай, билмадим-у, камина шу талқинга қўшилгим, ҳиндихитойликлар ҳақида ёзаётган шоир ўз халқини бир зумгина бўлсин хаёлидан нари қилмаганига ишонгим келади. Негаки, агар шоирнинг ўзга халқлар, узоқ юртлар, олис ўтмиш ҳақида ёзганлари халқи, юрти, замонасини бот-бот ёдга солаётган экан, буни шунчаки тасодиф эмас, англанган ифода усули сифатида тушунган тўғрироқ бўлади.
Яна бир муҳим нуқта. Б.Назаров ўзининг талқинлари баҳслар қўзғаши, “мулоҳазаларини кимдир қабул қилиши, кимдир қабул қилмаслиги, бошқа биров бунга мутлақ зид, қарама-қарши фикрни айтиши мумкин”лигини эътироф этади ва буни табиий деб билади. Жумладан, турли авлодлар адабий асарга турлича ёндашишини ҳам. Дарҳақиқат, адабий асар турли замонларда ҳам, бир даврнинг турли ўқувчилари томонидан ҳам ТУРЛИЧА тушунилиши мумкин. “Ғафур Ғулом олами” монографияси айни шу қонуниятни улуғ шоиримиз ижоди мисолида кўрсатиб, тушунтириб, асослаб бергани билан улкан илмий ва маърифий қиммат касб этади.
2015 йил
Dilmurod Quronov