← Dilmurod Quronov
|

Portretdagi musavvir siyrati

Dilmurod Quronov

Maqola · 2010 · Sharq yulduzi, 2010, №5 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

Tanqidchilikdagi adabiy portret istilohi, toʻgʻrirogʻi, uning asosi tasviriy sanʼatdan oʻzlashgani barchaga maʼlum. Tasviriy sanʼatdagi portret kishining musavvir tasavvuridagi aksi – unda prototipning musavvirga ayon boʻlgan mohiyati oniy lahzadagi qiyofasida qotirib qoʻyilgan. Adabiy portret ham shunday, uni oʻqigan oʻquvchi yozuvchini shaxs, ijodkor sifatidagi asosiy chizgilari bilan yaxlit holda tasavvur etadi. Portretni tomosha qilish asnosi tanish qiyofada notanish chizgilarni koʻrgan kishida prototipga qiziqish ortgani kabi, adabiy portret oʻquvchisi ham ijodkorga oʻzga nigoh bilan qaraydi: uning shu choqqacha nigohidan pinhon qolib kelgan chizgilarini ilgʻaydi, uni teranroq tushunishga ehtiyoj sezadi, teranroq tushuna boshlaydi. Shunday ekan, adabiyotni targʻib etishga safarbar tanqidchilik uchun adabiy portret janrining ahamiyati nechogʻli kattaligini aytish shart emas. Adabiyotni targʻib etish, uning rivojiga xizmat qilishni hayotining bosh maqsadi deb bilgan ustoz Ozod Sharafiddinovning adabiy portret janriga ayricha eʼtibor bilan qarashi shundan. Domla ijodiy faoliyati davomida oʻnlab adabiy portretlar yaratdi. Tabiiyki, ularning baridan O.Sharafiddinov «isi keladi», lekin har birining ifori oʻzgacha desak mubolagʻa emas.

Albatta, har bir musavvirning oʻz portret yaratish manerasi boʻlishi tabiiy. Men faqat bittasinigina kuzatganman: rassom qarshisida oʻtirgan tanishimga bir muddat razm solib turdi-da, soʻng dadil va tez harakatlar bilan asosiy chizgilarni matoga tushirdi. Matodagi, umuman olganda, oʻsha tanishim edi, hartugul, uni bemalol tanib olsa boʻladigandek. Kuzatganim shu, xolos. Lekin tayyor portretni koʻrganimda, undagi ranglar jilosi, nur va soya oʻyini oʻsha asosiy chizgilarni boʻrttirgandek, qiyofaga jon ato etgandek edi. Ustoz O.Sharafiddinovning adabiy portret yaratish manerasi ham, nazarimda, shunga yaqin. Bunga amin boʻlish uchun «Xalq baxtining otashin kuychisi» nomli adabiy portretni koʻzdan kechirish kifoya. O.Sharafiddinov oʻquvchi ommaga Gʻafur Gʻulom qiyofasini taqdim etishga kirisharkan, xuddi men kuzatgan rassom kabi asosiy chizgilarni belgilab oladi:

1) «Gʻafur Gʻulom XX asr boshlarida tugʻildi...»

2) «Gʻafur Gʻulom poeziyasi uch manbadan oziqlanadi...»

3) «... tom maʼnodagi novator shoir...»

4) «... zukko shoirgina emas, mohir prozaik ham....»

5) «... yirik adabiyotshunos, mohir tarjimon, ulkan bolalar yozuvchisi...»

Asosiy chizgilarni tortib olgach, munaqqid ularga did va hafsala bilan jilo berishga kirishadi. Deylik, Gʻafur Gʻulom shaxs va ijodkor sifatida shakllangan sharoit haqida gap borganda, nur va soya keskin ajratiladi:

«U tugʻilgan zamonlarda «... shunday bir jamiyatTurkiston osmonida ham, ni barpo etdiki, uning har Rossiya osmonida ham ogʻir bir aʼzosi oʻz isteʼdodini qora bulutlar suzib yurar, toʻla namoyon etish va kamol «har yoqda ming ingrash, ming toptirish uchun hamma yigʻi, ming dod» hukmron edi». imkoniyatlarga ega boʻldi»

Albatta, bu talqinda biroz tendensiozlik, zamona taʼsirida yuzaga kelgan va bizga beshak soxta koʻrinuvchi shoʻrocha pafos borligi tayin gap. Esingizda boʻlsa, oʻn besh yillar muqaddam shu xil talqinlar borligi uchun shoʻro davri tanqidchiligida yaratilgan deyarli barcha asarlar «arxiv mulkiga aylandi» deya bong urilgandi. Ehtimol, yuqoridagicha oʻrinlar hanuz koʻpchilikka erish tuyular, oʻsha bong hanuz ongimizda aks sado berib turar ham. Lekin vaqt oʻtib, oʻzgarishlar toʻlqinida loyqalangan fikrimiz tiniqlashgani sari tobora ravshan boʻlayotirki, Gʻafur Gʻulom va u mansub avlodning baxti ham, fojeasi ham oʻsha zamon bilan – inqilob va u yuzaga keltirgan «sotsialistik voqelik» bilan bevosita bogʻliq ekan. Demak, ijodkorni oʻquvchi koʻz oldida bor boʻyi bilan toʻlaqonli gavdalantirishga intilgan munaqqidning bu sharoitga urgʻu bermasligi mumkin emas. Zotan, ilmiy jihatdan toʻgʻri va xolis yondashuv shuni taqozo etadi ham. Eng muhimi, O.Sharafiddinov fikr-mulohazalari Gʻafur Gʻulomning oʻz iqrorlariga tayanadi, ulardan kelib chiqadi. Boz ustiga, O.Sharafiddinov adabiyotshunos sifatida Gʻafur Gʻulom mansub avlod hayoti va ijodini chuqur oʻrgangan, ularning koʻpchiligi bilan muloqot-muomalada boʻlgan. Yaʼni, bizga hozirda shoʻroni ulugʻlashga intilishgina boʻlib koʻringan fikr-mulohazalar O.Sharafiddinov uchun ayni haqiqat edi. Albatta, olimning haqiqati bizning haqiqatimizga koʻpda mos kelmasligi mumkin va tabiiy. Lekin, axir, bizning ixtiyorimizdan tashqari obyektiv haqiqat ham bor. Unga koʻra, Gʻafur Gʻulomning bir shaxs, sizu biz tanigan shoir sifatida shakllanishida davr voqeligi hal qiluvchi rol oʻynagani shaksizdir. Demak, bu oʻrinda gap nur va soya nisbatida xolos, asosiy chizgi esa, bizning xohish-istagimizdan qatʼiy nazar, aslicha qolaveradi. Sirasi, chinakam ilmiy fikr shunday boʻladi: unga munosabat mudom evrilib turishi, goh eʼzoz-la boshlarimiz uzra yalovdek hilpirashi, goh eʼtirozu inkorlarimiz dovuliga roʻbaroʻ boʻlishi mumkin – asl fikr qoya misoli sobit turaveradi.

Olim odam soʻzi – zalvorli, chunki u masala yuzasidan tinimsiz oʻylovlarning qaymogʻi boʻladi. Xalq «koʻp bilgan oz soʻzlaydi» naqlini bejiz toʻqimagan. Zero, u koʻp bilganning kam soʻzi behad koʻp narsalarni ifodalay olishi, donishmand soʻzining magʻzini qayta-qayta chaqib koʻrish darkorligini necha bor tajribadan oʻtkazgan. Hech bir ikkilanmay, O.Sharafiddinov soʻzi ham shunday, u tom maʼnodagi donishmand edi degim keladi. Faqat, buning ustozga ehtiromgina emas, ayni haqiqat ekanini koʻrsatishga qurbim yetarmikan degan andisha qiynaydi...

Gʻafur Gʻulom ijodini chuqur bilgan O.Sharafiddinov uning uch azim daryodan – Sharq poeziyasi, xalq ijodi va rus sheʼriyatidan suv ichishini taʼkidlaydi, har biriga bittadan abzatsda muxtasargina toʻxtaladi. Jumladan, birinchi oʻringa qoʻyilgan Sharq sheʼriyati taʼsirini asoslash uchun bir nechta muhim dalil keltirish bilan kifoyalanadi: 1) «arab va fors tillarini, shuningdek, turkiy tillardan koʻpchiligini yaxshi bilgan Gʻafur Gʻulom Sharq klassiklarining asarlarini originalda oʻqi»gan; 2) «butun hayoti davomida Sharq adabiyotining atoqli namoyandalari ijodini targʻib qilgan»; 3) «maqolalaridagi tahlil va sharhlar» bilimning kengligi bilan birga uning «nozik did egasi», «Sharq sheʼriyatining goʻzalligini gʻoyat teran his qilishini ham koʻrsatadi».

Mazkur dalillar qisqa ifoda etilgan boʻlsa-da, Gʻafur Gʻulom merosining salmoqli qismi, adabiyotshunoslikka oid ishlari tahlili asosida olingan. Olim soʻzining zalvorli boʻlishini taʼminlagan narsa ham shu – koʻp oʻrganib oz aytilgani. Yana bir jihati, O.Sharafiddinov oʻrganilgan materialda oʻzi uchun, aytmoqchi boʻlgan fikri isboti uchun eng muhim nuqtalarni bexato topa biladi. Nihoyat, munaqqid Gʻafur Gʻulom oʻz salaflari ijodini originalda oʻqiganini ayricha urgʻu bilan taʼkidlaydi. Bu tarjimonlik bilan ham shugʻullangan, sheʼr tarjimasi original bilan boʻylasha olmasligini juda yaxshi bilgan odamning gapi ekanini eʼtiborga olsak, «originalda oʻqigan» degan taʼkid bejiz emasligi, uning maʼno koʻlami nechogʻli kengligi ayon boʻladi. Ilmiy mantiqning kuchliligi domlaning fikrlarini «tom ustiga tom bosish» tarzida izchil quvvatlab borishida yaqqol koʻrinadi. Deylik, koʻrib oʻtganimiz «originalda oʻqigan» taʼkidi Gʻafur Gʻulom salaflaridagi «gʻoyaviy-badiiy boyliklardan toʻla bahramand boʻlgan» degan taʼkidni asoslaydi. Shu tariqa asoslangan dalillardan kelib chiqibgina domla Gʻafur Gʻulom Sharq poeziyasidan qanday bahra olgani, undan nimalarni olganini sanaydi: «... undagi teran insoniylikni, gumanizmni, falsafiy chuqurlikni oʻzlashtirdi... Sharq adabiyotining yuksak nafosatini, poetik mushohadadagi teranlikni, soʻz ishlatishdagi sanʼatkorlikni, mubolagʻalarning hadsizligini, oʻxshatish va sifatlashlarning aniqligini oʻziga singdirdi». Aytish kerakki, maqolaning daromadida aytilgan bu gaplar, jumladan, shoirning xalq ijodi va rus adabiyotidan bahra olgani haqidagi fikrlar ham keyinroq qator sheʼrlar tahlilida amaliy isbotini topadi. Fikrning izchilligi, asarning shu izchillikni taʼminlay oladigan optimal shaklda qurilgani, fikrimizcha, O.Sharafiddinovning tanqidchilik mahoratiga xos muhim qirralardandir. Zero, materialni optimal shaklga solib, koʻzlangan maqsadga mos kompozitsiya yarata olish ilmiy va badiiy ijod kishilarining iqtidor kuchini koʻrsatuvchi asosiy belgilardan sanaladi.

Musavvir tasvirdagi proporsiyalarni saqlashi muhim boʻlganidek, adabiy portretda ham muayyan proporsiyalar saqlanishi lozim, O.Sharafiddinov buni doim yodda tutadi, meyor va nisbatlarni ilmiy jihatdan toʻgʻri belgilay oladi. Shu bois ham taʼkidlaydiki, Gʻafur Gʻulom ijodi suv ichgan «uch azim daryo» nechogʻli buyuk boʻlmasin, ular shoir uchun «oʻz mustaqil yoʻlidan borib, balogʻat choʻqqilariga koʻtarilishda pillapoyalik rolini oʻynaydi, xolos». Munaqqid qarashlarini hayotiy tamsil bilan oydinlashtiradi: «Qush havo oqimiga tayanib uchganidek, isteʼdodli shoir ham adabiy traditsiyalarga tayanib mahorat yuksakliklariga parvoz qiladi». Oʻrnida va topib ishlatilgan tamsil.

Darvoqe, isteʼdod. Domlaning adabiy-estetik qarashlarida isteʼdod tushunchasi markaziy oʻrin tutadi, baho-munosabatida «isteʼdodli – isteʼdodsiz» mezonlari asos vazifasini oʻtaydi. Gʻafur Gʻulomni benazir isteʼdod sohibi deb bilarkan, O.Sharafiddinov buni «adabiy traditsiyalar uning ijodida bir-biriga bogʻlanmagan uch mustaqil kuch boʻlibgina qolmagani», balki shoir «shaxsiyatida bir-birlari bilan chambarchas bogʻlanib ketgani»da koʻradi. Olimning taʼkidlashicha, shoirning isteʼdod kuchi «uch azim daryoni», ulardagi boy anʼanalarni sintezlashtirib, «ular asosida butun ijodi davomida izchil amal qilgan estetik prinsiplarni barpo eta» olganida namoyon boʻladi. Koʻrinadiki, muallifning bunga qadar yuritgan fikr-mulohazalari yagona maqsadga – Gʻafur Gʻulom ijodi mustahkam asosga qurilgan degan xulosani chiqarish va asoslashga qaratilgandir (...Gʻafur Gʻulom va u mansub avlodda shoʻro maddohlarigina koʻrilgan, ular adabiyotga hech narsa berolmadi, yozganlari badiiyatdan tashqaridagi hodisadir qabilidagi daʼvoyu ayblovlar miyamizni chulgʻagan paytlar boʻldi. Ustozning bu masaladagi bahslarga aralashgani, jiddiyroq munosabat bildirganini eslay olmadim – faylasufona xotirjamlik bilan kuzatgan, xolos. Sirasi, kalta oʻylaganimiz sabab bu holni taslim boʻlish alomati deb ham tushunganmiz. Mana, oʻsha dovullar kechib oʻtdi, Gʻafur Gʻulom ham, u mansub avlod ijodkorlari ham adabiyotimizda nedir qoldirganini ich-ichdan his etib ham, tan olib ham ulgurdik. Endi oʻylasam, domla bu masalada oʻz fikrini allaqachon aytib qoʻygan, mustahkam asosda kechgan ijod namunalarining bari birdek «chiqit»ga chiqib ketishi aslo mumkin emas degan ishonchda sobit turgan ekan... )

Talantli rassom prototipning haqiqiy qiyofasidan maʼniyu goʻzallik topsa, soxtakori uni bejab-netib maʼqul qildirish payida boʻladi. O.Sharafiddinov birinchi toifaga mansub, u bahoda xolis boʻlishga, haqiqiy qiyofani aks ettirishga intiladi. Shu bois aytadiki, Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub hamma sheʼrlarga «muqarrar tarzda badiiy kamolot namunasi sifatida qarash toʻgʻri boʻlmaydi», unda «ehtirosli ilhom qistovi bilan emas, kundalik zaruratlar tufayli tugʻilgan asarlar ham uchraydi». Eng muhimi, domla uchun bu tabiiy hol. Chunki yaxshi biladiki, birinchidan, «beistisno dohiyona asar yozgan yozuvchi tarixda boʻlgan emas, boʻlmaydi ham»; ikkinchidan, «Gʻafur Gʻulom har qancha buyuk isteʼdod egasi boʻlmasin, ayni choqda, u inson edi, insoniy zaifliklar unga ham begona emas edi». Oʻylab qarasak, kamchiliklar haqidagi muxtasar qaydlar zamirida bizning avlod oʻn besh-yigirma yillar ilgari bong urib aytgan nuqsonlarni koʻramiz. Bizdan farqli oʻlaroq, domla ularni yoʻlakay qayd etadi – nurning bir chetiga yengil soya tortadi-da, asosiy urgʻuni yutuqlarga beradi. Bu – muallif uchun anglangan prinsip, shu sababli «shoir yaratgan betakror, beqiyos poetik olam haqida gapirar ekan», uning «durdona asarlaridan bino boʻlgan olamni koʻzda tutadi». Bu olamda esa shoir ahliga hamisha oʻrnak boʻlgulik fazilatlar bisyor, munaqqid ularning har biriga alohida toʻxtalib, yorqin misollar orqali ochib beradi. Jumladan, domla hayotiylikni Gʻafur Gʻulom sheʼriyatining muhim fazilati deb bilsa, uni taʼminlagan asosiy omil sifatida milliylikni koʻrsatadi. Munaqqid taʼkidlaydiki, milliylik Gʻafur Gʻulom sheʼriyatining «libosi yoxud bezagi emas, balki sheʼrning ichki mazmunidan tabiiy ravishda kelib chiqadigan xususiyatdir». Bu darajadagi milliylikning asosi shoir «oʻz xalqining bugungi hayotini ham, koʻp asrlik tarixini ham juda yaxshi bilishi», uning «urf-odatlari, rasm-rusumlari, yashash tarzi, xullas, milliy oʻziga xosligini vujudga keltiruvchi psixologiyasi» bilan yaxshi tanishligidadir. Shu bois ham «sheʼrlarida oʻzbek hayotining turli qirralarini quyuq ranglarda aks ettiruvchi ajib manzaralar vujudga keladi». Domla fikrini dalillash uchun shunday misollarni topib keltiradiki, ular zimmasidagi vazifani ortigʻi bilan uddalaydi:

Shodlik qoʻshini bosdi saodat koʻchasini,

Goʻdaklar jaranglatar hayitlik tangasini.

Kelinchaklar axtarar pardoz qutichasini,

Qirq kokil boʻlsin deydi, qistaydi yangasini,

Bugun chin arafadir.

Ushbu satrlarni keltirgach, munaqqid «besh misrali bir parchada shunchalar tugal va rangdor manzara yaratish» uchun oʻz xalqi hayotini, ruhiyatini mukammal bilish lozimligini yana bir karra taʼkidlaydi. Yuqorida aytganimiz shoir ahliga har vaqt oʻrnak boʻlgulik fazilatlardan biri shudir. Garchi ochiq aytmasa-da, muallif qalam ahliga Gʻafur Gʻulomni oʻrnak qilib koʻrsatadi, ularni xalq hayoti va ruhiyatini chuqur oʻrganishga daʼvat etadi. Munaqqid tayangan prinsipning maqsad-mohiyati shunda mujassam: ustoz oʻquvchi ommaga ham, qalam ahliga ham fazilatlar orqali taʼsir qilishga, qalblarini durdona misralar nuri bilan yoritishga intiladi.

Gʻafur Gʻulom nasriy merosiga ham xuddi shu prinsip asosida yondashilgan. O.Sharafiddinov adib qalamiga mansub ocherk, felyeton, hikoyalarning bir qismi «bugungi kun nuqtai nazaridan eskirgandek», ular atom davri kishilariga «haddan ziyod joʻn koʻrinishi mumkin»ligini eʼtirof etadi. Ayni paytda, domla ular butkul qimmatini yoʻqotgan degan fikrdan yiroq. Bu oddiygina murosa yoki ulugʻ odamdagi nuqsonlarni xaspoʻshlab oʻtishga urinish ham emas. Ustozning bu mavqeda turishiga qator asoslari bor. Avvalo, ular «bugungi kitobxonga bosib oʻtgan tarixiy yoʻlimizning nafasini yetkazadi». Ikkinchi tomoni, ularda «yozuvchi nigohining oʻtkirligi, fikrining olmosdek keskirligi, tilining yorqinligi, rangdorligi bilan bir qatorda, milliy xarakterni, milliy psixologiyani ich-ichidan juda puxta bilish aniq-ravshan koʻrinib turadi». Nihoyat, ayni shu xususiyati bilan ular bugungi kitobxonga ham estetik zavq bagʻishlay olish bilan birga, «yosh yozuvchilar uchun katta tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi». Nazarimda, chinakam ilmiy yondashuv, xolis ilmiy baho bundan ortiq boʻlmaydigandek, bu ustozning biz chalaroq oʻzlashtirgan sabogʻidek koʻrinadi...

Yozuvchi umrining adogʻida yozilgan xalq latifalari asosidagi hikoyalarga toʻxtalib, olim Gʻafur Gʻulom «kitobxonni shunchaki bir kuldirib, uning koʻnglini ochadigan ermak yaratish uchungina qoʻliga qalam olmagani»ni aytadi. Aksincha, u «latifalar zamiridagi ijtimoiy maʼnoni yanada salmoqliroq, yanadi aniqroq ifodalaydi», «tasvirlanayotgan voqealarga oʻzining aniq gʻoyaviy pozitsiyasidan yondashib, kitobxonga muayyan gʻoyalarni singdirishga intiladi». Ustoz taʼkidlaydiki, adib «bu intilishini oshkora, yalangʻoch tarzda qilmaydi, balki chinakam hayotbaxsh yumorga burkab beradi». Qizigʻi shundaki, bu oʻrinda «aniq gʻoyaviy pozitsiya» ham, yumorga burkalgan «muayyan gʻoyalar» ham aniqlashtirilgan emas, «Hasan Kayfiy» hikoyasining boshida podshohga berilgan taʼrifni keltirish bilan cheklaniladi. Oʻylashimcha, bu – Gʻafur Gʻulom portretiga muhim bir chizgi. Boshqalarga qanday bilmadim-u, menga Gʻafur Gʻulom suratlaridagi jiddiyat zimnida quvlik, kulgi zimnida jiddiyat bordek tuyulaveradi. Xullas, domla bu oʻrinda gʻafurgʻulomchasiga ish tutgan koʻrinadi: quvlik qilib, oʻquvchi oʻzi tushunib olar deya tagdor ishora bilan kifoyalanadi...

Darvoqe, bizga hamma vaqt jiddiy-salobatli koʻringan ustozning quvlik qilganini B.Nazarovning «Gʻafur Gʻulom olami» risolasini oʻqish asnosi sezib olgandim. Maqola ustida ishlarkan, Suvon Meli «Otsiz shum bola», «Mehr sehri» nomli teran tahliliy chiqishlarida bildirgan fikrlarning kurtaklariga koʻzim tushdi; izlanuvchan talabalarga tavsiya etish uchun qator masalalarni qayd etib qoʻydim. Bularning bari ustoz Gʻafur Gʻulomning adabiy qiyofasini bor boʻyi bilan toʻlaqonli gavdalantira olganidan dalolatdir.

2009 yil

Dilmurod Quronov