← Dilmurod Quronov
|

Poytaxt va muzofot: yaqinmi, yiroq?

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

Fransuz adibi Mopassan xalqda mashhur bir gapni biroz oʻzgartirib: «Daho – Parijda oʻlmoq uchun muzofotda tugʻilgan odamdir», – deb aytadi. Bu gapning asli «Shoirlar Provansda tugʻilib, Parijda oʻladilar» shaklida ekani ham maʼlum, bunda endi umuman muzofot emas, balki Fransiyaning tabiati goʻzal viloyati nazarda tutiladi. Nima boʻlganda ham, «markaz – muzofot» qolipida gap ketsayoq beixtiyor shu naql yodga keladi. Holbuki, oʻzimizda ham shunga yaqin matallar toʻqilgan. Masalan, «Baraka – oʻn, toʻqqizi shaharda» deydilar. Negaki shahar yaqin atrof uchun hamisha markaz sanalgan: chor atrofda neki yetishtirilsa, shahar tomon oqadi... shahar bozorlari shu hudud iqtisodiy hayotini tartibga soladi. Shu oʻrinda Boburning Andijon haqidagi «Toʻqquz tarnov suv kirar, bu ajabturkim, bir yerdin ham chiqmas» degan andak mubolagʻali gapi yodga keladi-da, beixtiyor «iqtisodiy ariqlar ham shundoq erur» deging keladi. Xay, mayli, yuqorida eslangan fikrga binonan oʻndan biri chiqsin – shunisi haqiqatga yaqin keladi, a?! Shunday ekan, obodlig-u farovonlik markazda boʻlmay chekkada boʻlsinmi?! Razm solib boqing: mahalla markazi boʻladimi yo qishloqning, tuman markazimi yo viloyatning – chekkalaridan ham obod, ham farovon ekanini koʻrasiz, markazga tortuvchi kuchning manbai shunda. Poytaxtga kelsak, aytilganlarning hech bir mubolagʻalik joyi qolmaydi. Hozirda Toshkentda yashashni orzu qilmagan oʻzbekning deyarli qolmagani shunga shafe: gaz, svet oʻchmasa, issiq suv, sovuq suv bor... katalakdek boʻlsin uying ham boʻlsa – jannatning oʻzi emasmi?!.

Koʻp bilan gaplashganidan boʻlsa kerak, taksi haydovchilari, ayniqsa, uzoqqa qatnaydiganlari tezdayoq jaydari faylasuf boʻlib yetishadi-qoladi. Yoʻlni qisqartish uchun suhbatlashib borarkanmiz, haydovchi yigit soʻrab qoldi: «Aka, hamma narsa pastga oqadi, bilasiz, tepaga qarab oqadigan nima bor?» Bunaqa matalni eshitmagan ekanman, javobiga shoshib qoldim, hadeganda joʻyaliroq bir oʻy kelavermadi. «Pul-da, aka! – dedi haydovchi yigit qoniqish bilan salmoqlab. – Hamma narsa pastga oqsa ham, pul faqat tepaga oqarkan, aka. Mana, siz, ish bilan ketyapsiz, joyiga berib kelasizmi?! Sizdaqalar qancha, eh-he... Kimdir otchyot deb boryapti, kimdir tender deb, kimdir suhbatga, kim malaka oshirgani... biri «dolya» deb qurugʻini oborsa, boshqasi «qutlugʻ joyga quruq bormay» deb «korobka» qilib olgan. Xullas, poytaxtga kirganki odam bir nima tashlab keladi-da. Toshkentda oborot katta, aka, narx qimmatrogʻ-u, ammo pul topish ham joʻnroq. Epli boʻlsa, harakat qilsa boʻldi... odamlar bekorga Toshkentga oqyapti deysizmi?!..» Nima ham derdim, jaydari faylasuf kunda koʻrib-bilib turganlaridan xulosa yasayapti, unga haq bermaslik ham qiyin...

Yosh paytlarimiz yoʻlimiz Qoʻqon taraflarga tushib, shahar kezib sayr qilarkanmiz, kuzatuvchan va shunga yarasha sermulohaza doʻstim: «Qoʻqondi qizlari chiroyli keladi, poytaxt boʻgʻanda!» – deb qoldi. Kamina «he yoʻq, be yoʻq» aytilgan gapning shayini qay tomon ketganini dafʼatan anglayolmay qolganimni fahmladi, shekilli, oʻzi izohlashga tushdi: «Avvalo, ilgarilari poytaxtga davlat yo amal, hunar yo ilm izlab – qay bir sohaga iqtidori borlar chor atrofdan yigʻilgan, yaʼni tabiiy tanlanish yuz bergan. U yoki bu jihati bilan boshqalardan ustun kishilarning sharoit-u imkonlari ham, tabiiy, chandon baland boʻladi – xotinni ham, kelinni ham chertib-chertib olishadi: chor atrofning taʼrifi goʻzallari poytaxtga tushadi. Nihoyat, parvarish yaxshi: yemoq-ichmogʻi, maishati joyida, qishloqi qizlardek tinim bilmay ishlamagach, poytaxt qizlari koʻrkam boʻlmay, kim boʻlsin?!» Doʻstimning bu gaplariga oʻshanda kulibgina qoʻygan esam-da, endilikda ularning zamirida ratsional magʻiz borligini ham inkor qilmayman...

Hech kimga sirligi yoʻq, eplab-seplab Toshkent viloyatiga qilib olgan «propiska»si bilan yillab yelkasida yigʻma karavot-u qoʻlida jomadoni, ortidan qishloqi xotini-yu bir etak bolasini ergashtirib kvartirama-kvartira koʻchib yurganlar qancha?! Agar bularning hammasi oʻzi tanlagan sohaga mehriyu sadoqati tufayligina deb oʻylansa – xato, bir nima qilib poytaxtda qolishga intilish koʻpchilik uchun oʻz qishlogʻidagi ogʻir va tussiz turmush sharoitidan qochish, ertangi istiqbolini mutlaqo koʻra olmagandan koʻra xira boʻlsa-da koʻrish ehtiyojidan ham edi. Shu maʼnoda doʻstimning jaydari falsafasida xato bor: poytaxtga eng iqtidorlilargina kelmaydi, iqtidordan koʻra sabr, tirishqoqlik, uddaburonlik, muomalaga qobillik, «tortimi borlik» kabi jihatlar koʻproq ahamiyat kasb etib qolganiga xiyla boʻldi...

Qarangki, «markaz – provinsiya» masalasi beixtiyor «shahar – qishloq» masalasi bilan bogʻlanib, chatishib ketadi. Nazarimda, buning hech bir ajablanarli joyi yoʻq, zero, birinchisi ikkinchisining yuqori darajadagi zuhuroti, xolos. Oʻylab qarasam, es tanigandan beri «Shahar bilan qishloq (yuqoridagilardan kelib chiqilsa, buni bemalol «markaz bilan chekka» tarzida uqsa ham boʻladi – D.Q.) orasidagi tafovutni yoʻqotamiz!», «Qishloqliklar turmushini shaharliklar turmush darajasiga koʻtaramiz!» qabilidagi shior-u daʼvatlarni eshitib, koʻrib, oʻqib kelar ekanmiz. Tagʻinam bilmadim-u, ular hali yana koʻp zamonlar shior sifatidagi qimmatini yoʻqotmay, koʻpdan koʻp kishilarni umidlantirish-u ergashtirishga xizmat qilaveradigan koʻrinadi. Negaki farqning yoʻqolishi dushvor – har ne silliqlashga urinmaylik, baribir, markazning jozib tomonlari saqlanib qolaveradi. Yoʻq, bu gaplarimni pessimistlikka yoʻymang, atrof-jonibdan eshitib, koʻrib turganlarimdan xulosa yasamoqchi boʻlyapman, xolos. Eshitib-koʻrib bilganlarimdan biri shuki, masalan, dunyoning koʻplab mamlakatlari, jumladan, rivojlangan davlatlarda ham chekka hududlarga borib yashashga chorlab gʻoyat katta imtiyozlar, katta hajmdagi bir martalik toʻlovlar vaʼda qilisharkan. Tagʻin biri – XX asrda dunyoda shaharlashuv jarayonlarining benihoya tezlashgani, xususan, megapolislarning gʻoyat koʻpayayotgani ham tashviqiy shiorlar shiorligicha – quruq gap boʻlib qolishiga dalolatdir.

***

90-yillarda Toshkentda qolish yo yurtga qaytish masalasi ancha vaqt qarshimda koʻndalang turdi. Doktorlik himoyasi arafasiga kelib esa masala ancha keskin tus oldi. Shukrki, ­ishonch-u mehrlariga sazovor boʻlgan ekanman, ustozlar oʻrtaga olishib: «Shunda qolib bizning ishimizni davom ettirsang, koʻnglimiz toʻq boʻlardi», – dedilar. Avvallari masala «qolsang yaxshi boʻladi, oʻzingni toʻla roʻyobga chiqarasan, olim sifatida oʻsasan» tarzida qoʻyilgan boʻlsa, endi oʻzgacha mazmun kasb etgan, kishiga burchdorlik, ichki majburiyat yuklaydigan koʻrinish olgan edi. Axir, «ustoz otangdek ulugʻ» deydilar... Faqat, qolishga hech koʻngil chopmadi. Avvali, qirqqa borsam-da, mudom oʻqish-ilmiy ish deb ota-ona xizmatini qilolmadim, orada onamni berib qoʻydik – xullas, keksayib qolgan ota duosini olib qolish niyati koʻngilda ustuvor edi. Aslida-ku, dadam rahmatli ustozlarim bilan gaplashgan, Toshkentga ketishimga rozi boʻlgandek ham edilar. Oʻshanda, ikkilanib yurgan vaqtim, kamina oʻziga berilgan belgi deb anglagan voqea yuz berdi. Menikiga oʻxshash vaziyatdagi bir tanishim oilasi bilan Toshkentga koʻchdi – keksa onasining hech koʻngli boʻlmay, xonadon chirogʻini yoqib oʻtiray deb koʻchishga koʻnmadi. Toʻgʻri, kampirning holidan qizi xabar olib turdi, gohgoh biz ham hol soʻragan boʻldik... Faqat oʻgʻlining koʻchishiga oʻzi oq fotiha bergan onaning koʻzidagi mung sira ketmadi, xuddi moʻjaz soʻrida oʻtirgancha yoʻl qaragan mushtdek kampir mening koʻzimdan ketmagani kabi...

Yana bir tomoni, Toshkentga oʻttizimda – aspirantura tahsili sabab bogʻlanganman, shu bois u men uchun eng avval qaynoq adabiy va ilmiy muhit, boy kutubxona-yu arxivlar, yozganlaringni chop etishi mumkin boʻlgan koʻplab davriy nashrlar mavjud makon sifatida qimmatli edi. Yotoqxonadan joy berilgan – sahar chiqib ketgancha ish bilan boʻlib, shomlatib qaytganim uchun ishim yax­ shi unar, bir hafta-ikki hafta shu tariqa poytaxt bilan bogʻliq ishlarni bitkazib, Andijonga qaytib ikki oylab uyda ishlardim. Deganim, uch yil aspirantura, uch yil doktorantura davomida koʻngil mudom qishloqqa talpinib turdi, hech poytaxtga bogʻlanmadi-bogʻlanmadi... Xullas, muxtasar qilsak, poytaxt havosidan oʻpkani toʻldirib nafas oldim-u, viloyat hayotiga shoʻngʻidim desam boʻladi.

Ha, poytaxtda oʻzingdagi imkonlarni toʻlaroq namoyon eti­ shga sharoit koʻproq – unda harakatdagi ilmiy-ijodiy muhit bor. Masalan, markazda boʻlsang, chor tarafdan ilm izlagan iqtidorli yoshlar keladi – ustoz-shogirdlik rishtalari bogʻlanadi. Viloyatda esa ishlanishi zarur mavzularni chamalab, xayolda ishning umumiy konturlarini chizib yuraverasan, faqat uni amalga oshiri­ shga qodir talabgor tanqis, tanlov imkoni kam – mamlakatning sharqiy chekkasiga kim ham boradi? Buning ustiga, himoya bilan bogʻliq nimaiki ish boʻlsa, bari poytaxtda bitsa, rahbar shu yerdan boʻlgani maʼqul-da... Markazdagi hamkasbing shogirdlari koʻpayib, hademay mamlakat boʻylab tarqaladi, bu esa uning qarashlari ommalashadi deganidir. Sening ilmiy qarashlaring esa viloyating doirasida qoladi, alaloqibat u oʻzbek adabiyot­ shunosligining vakili, sen viloyatlardagi adabiyotshunoslardan biri boʻlib qolaverasan. Eng muhimi, poytaxtdagi hamkasbing muttasil oʻsishda boʻladi, chunki u mudom adabiy-ilmiy muhit ichida qaynaydi, u bilan birga va bir tomon oqib boradi. Zero, u kunda-kunora turli ilmiy anjumanlar, adabiy-madaniy tadbirlar, yubileylar, ijodiy kechalar va uchrashuvlarda ishtirok etadi, shu vajhdan nutq soʻzlashi, matbuot yo televideniyeda chiqish qilishi lozim boʻladi – muttasil charxlanib boradi. Senga esa viloyatda ayni shu narsa – ilmiy-adabiy muhit havosi yetishmaydi. Oqibat koʻproq ilmdan, adabiyotdan yiroq davralarda aylanasan, kichik hovuzchaga sigʻmayotgan katta baliq misoli tinmay ogʻzingni ochib-yopib entikasan – oʻlik-tirigi nomaʼlum holdasan goʻyo. Tamsilim qoʻpolroq chiqqan boʻlsa, uzr, lekin ilmiy ijoddan toʻxtash olimning oʻlgani-da! Ha-da, bir zamonlar Toshkenti azimda himoya qilguniga qadar beshta-toʻrtta maqolalar eʼlon qilgan, soʻng yana bir-ikkita maqola chiqarib dotsentlikni oliboq badar ketganlar olim sifatida oʻlgan, axir. Ana endi shundaylardan besh-toʻrttasi yigʻilgan torgina makonni koʻz oldingizga keltiring-da, muhit havosini tasavvur qilavering...

Ha, shu bois ham ayrim baliq turlari vaqti-vaqti bilan nafas olmoq uchun suv yuzasiga chiqqanidek, biz ham viloyatda poytaxt muhitiga talpinib, unga tashna boʻlib yashaymiz. Biroq ming chiranganing bilan, undan poytaxtda yashovchilar kabi bahramand boʻlolmaysan-da! Masalan, kamina oyning 16-sanasiga bitta ilmiy konfepensiyaga, 21-kuniga ilmiy kengash yigʻilishiga, 29 – 30-kunlariga esa tagʻin bir ilmiy anjumanga taklif qilindim. Aslida-ku, bu uchovi shu oyda poytaxtda oʻtgan ilmiy-adabiy tadbirlarning bir qismi, xolos, biroq shularning-da hammasiga qatnashishning iloji yoʻq. Zero, borib kelishga bir kundan, tadbirning oʻziga bir kun – bir tadbirga jami uch kun kerak. Yaʼni qatnashmoq uchun yo 15 kunda uch bor Toshkentga borib-kelib 9 kunni sarflashim, yo 15-sanada borgan koʻyi oyni poytaxtda tugatishim kerak boʻladi. Ishdagi odam boʻlgach, tabiiyki, ikkala yoʻl ham maqbul emas: 21-sanadagi ilmiy kengashda qatnashish bilan kifoyalanishga toʻgʻri keldi. Holbuki, poytaxtlik hamkasbim ularning uchalasida ham ishtirok etish, demakki, fikrini boyitish, oʻsish imkoniga ega.

Shu kunga qadar hoʻl-qurugʻi bilan birga yigirmadan ziyod kitobim chop etilibdi. Malaka oshirishga borgandik, birinchi mashgʻulot davomida bir-birimizni tanidik. Tanaffusda bizdan yoshroq hamkasblardan biri bilan gaplashib qolgandik, u afsus-la aydiki: «Domla, oʻsha Choʻlpon haqidagi kitobingiz ancha yaxshi chiqqan edi, siz ham keyin yozmay qoʻydingiz-da!» Chamasi, hamkasbim 1997-yilda Choʻlponning 100 yillik tavallud toʻyi munosabati bilan chop qilingan moʻjazgina kitobchani nazarda tutayotgan edi. Oʻylab qarasam, davlat yoʻli bilan chop qilingan va nisbatan kattaroq tirajda tarqalgan yagona kitobim shu ekan. Kitoblarim aksar oʻz hisobimdan chop qilingani uchun adadi 500 dan ortmagan, shu orada ikkitagina kitobim universitetning qatʼiy buyurtmasi bilan 1000 nusxada chop etilgan. Agar bu kitoblarning 20 – 25 donasi poytaxtlik doʻstlarga tuhfa etilganini aytmasak, asosan, vodiyda tarqalgan. Shunaqa ekan, hamkasbimning gapi hech ajablanarli emas ekan. Bundan chiqdi, hatto mutaxassislarga ham koʻproq shunchaki nomigina tanish adabiyotshunos ekanmiz-da! Yaxshiki, yilda bir-ikki matbuotda chiqishlar qilib turaman, shu bois borligim bilinib turadi, yoʻqsa... Darvoqe, poytaxtdagi hamkasb doʻstlarimizning kitoblari davlat nashriyotlarida chop etildi, kitob doʻkonlariga chiqdi – Andijondagi doʻkonlarga-da yetib keldi. Kamina ham davlat hisobidan kitob chiqartiray deb ikki bora harakat qildim, ikkisida ham nashrga tayyorgarlik ishlari qilindi, biroq ikkisida ham kitob dunyo yuzini koʻrmadi. Munday qaraganda, tartiblab nashriyotga topshirgan kitoblarim saviyasi oʻsha hamkasblarnikiga yetmasa ham, yaqinlashgudek edi. Unda nima gap? Bilmadim, gohida oʻylab qolaman: Toshkentda boʻlganimda, qoʻlyozmani topshirgandan keyin tez-tez xabar olib, surishtirib turganimda, odamning yuzi issiq deydilar-ku, uyalganlaridan ham kitobni chop qilishgan boʻlarmidi! Yana bilmadim-u, koʻnglimga bir gumon keladiki, mabodo rejadagi kitoblardan ayrimlari qoldiriladigan boʻlib qolsa, birinchi navbatga «viloyatlik domlaning kitobi» qoʻyiladimi... Bu gapni maydakashlikka yoʻymang. Mana, yaqindagina bir yosh tadqiqotchi viloyatlik adib ijodini dissertatsiyasi uchun tad­ qiqot obyekti qilib olgan ekan. Kamina buni maʼqulladim, ilmiy jihatdan adolatli ish boʻlibdi dedim. Keyin bilsam, har tarafdan eʼtirozli-taʼnali fikrlar bildirilavergach, tadqiqotchi oʻsha adib yoniga markazlik boshqa bir yozuvchi ijodini ham qoʻshibdi. Holbuki, oʻsha viloyatlik adib ham oltmishga borib qoldi, ikkita roman, uch-toʻrtta qissa, oʻnlab hikoyalar muallifi, asarlarini adabiy tanqidchilik yaxshi baholagan. Boshqa tomoni, hozirgi adabiyotimiz ilgʻorida turganlar viloyatlardan kelganlar ekani ham hech kimga sir emas. Qiziq, u holda eʼtirozga sabab boʻlgan adibning birgina aybi poytaxtga borib yashamagani boʻlib chiqadimi?!.

***

Har qancha nolimaylik, hozirgi zamon shart-sharoitlari shundayki, ijodiy ziyolilar, sanʼat ahli, ijtimoiy-gumanitar fan sohalari vakillari uchun «markaz – provinsiya» farqini, garchi batamom yoʻqotib boʻlmasa ham, minimumga keltirish imkonlari bor. Bu narsa, eng avvalo, informatsion texnologiyalarning rivojlanishi bilan bogʻliq. Masalan, bundan 20 yillar narida ilmiy ish olib boradigan odamning markazda boʻlishi, markaziy kutubxona va arxivlarda ishlab materiallar yigʻishi taqozo qilinar edi. Hozirda bu zarurat ancha kamaygan: tadqiqotchi internet orqali oʻziga zarur adabiyotlarni ish xonasidan chiqmayoq olishi mumkin. Hatto, dadil aytish mumkinki, bunisi samaraliroq ham. Oʻz vaqtida markaziy kutubxonalardan topa olmagan (axir, sir emas, kartotekada bor kitobga buyurtma berib qoʻyib, belgilangan muddatda kelib soʻrasak, koʻpincha «yoʻqolgan», «qoʻlda» kabi vajlar koʻrsatilardi-da) kitoblarni hozir internet yordamida istalgan formatda yuklab olishim mumkin. Yana bir quvonchli tomoni, hozirda arxiv fondlari ham elektron koʻrinishga oʻtkazilyaptiki, yaqin orada bu jihatdan ham yengillik yaratiladi. Yoki, ilgarilari maqola yozsak, qoʻlyozma, odatda, tahririyatga eltib berilar, kamdan kam hollarda pochta orqali yuborilar edi. Hozirda bu ish ham elektron pochta orqali koʻz ochib yumguncha bajarilishi mumkin. Agar ilgari maqolaning «taqdiri»ni bilish uchun redaksiyaga uchrash yo sim qoqish kerak boʻlgan boʻlsa, hozir kabinetdan turib natijani bilish, muharrir bilan muloqot qilish, u bilan turli tahrir variantlari ustida ishlash imkoniyati bor – deyarli yuzma-yuz ishlagan kabi.

Yuqorida ijodiy-ilmiy muhit haqida soʻz yuritdik. Xoʻsh, ijodiy-ilmiy muhit degani oʻzi nima? Sodda qilib aytganda, muhit – odamlar, ilmiy-ijodiy qiziqishlari, tadqiqot yoʻnalishlari oʻzaro kesishadigan kishilar guruhi. Internet – shunday odamlarni birlashtirishning gʻoyat qulay vositasi. Hozirda internet tarmogʻida keng ommalashgan turli-tuman guruhlar, forumlar buning dalili. Zero, «falon qoʻshiqchini sevuvchilar», «fiston klub fanatlari» kabi guruhlarni tuzishga imkon bergan internetda ilmiy qiziqishlar asosida ham turli-tuman guruhlar tashkil qilaverish mumkin – xohish boʻlsa boʻldi. Muayyan soha vakillarining real vaqtdagi ijodiy muloqoti esa alaloqibat ilmiy izlanishlar samaradorligining oshishiga xizmat qilishi shubhasiz. Dunyo tajribasida keng ommalashayotgan onlayn konferensiyalar, seminar va diskussiyalar yaqin yillarda bizda ham ommalashishi muqarrarki, oʻshanda men yuqorida aytib oʻtgan kabi holatlar boʻlmaydi – qulay vaqtga belgilangan ilmiy anjumanda respublikaning istalgan burchagida turib ham ishtirok etish mumkin boʻladi. Shuningdek, hozirda ijodiy izlanish natijalarini eʼlon qilish imkonlari ham benihoya kengaygan: tadqiqotchi kabinetidan chiqmayoq minglab jurnallar saytlariga kirishi, tahririyat maqolalarga qoʻyadigan talablar-u chop etish shartlari bilan tanishishi – ularni bajargan taqdirda maqolasini chop ettirishi mumkin... Darvoqe, yuqorida toʻxtalganim shogirdlar masalasidagi yoʻqotishlarni ham internet qisman boʻlsa-da toʻlatadigan koʻrinadi: kamina bu yil tajriba tariqasida termizlik toʻrt nafar talabaning bitiruv ishiga rahbarlik qilmoqdaman. Hozircha, talabalarga telegram orqali yoʻl-yoʻriq va topshiriqlar berib turibman, ehtimol, keyiroq internetning boshqa imkonlari, masalan, videoaloqadan ham foydalanarmiz...

***

... anchagina pessimistik ruhda boshlangan mulohazalarimni umidbaxsh ohanglarda tugatayotganim «markaz – provinsiya» muammosi butkul yechiladi degani emas. Yoʻq, oʻrtadagi tafovut mudom saqlanib qoladi, zero, provinsiya markazga yetishga nechogʻlik alp qadamlar bilan intilmasin, markaz oʻrnida qotib turmaydi-da – u ham oldinlaydi. Ehtimol, texnik imkonlarning ortgani sabab oradagi masofa qisqarib borar, lekin tamom yoʻqolishi amri mahol. Faqat mamlakatning istalgan burchagida turib ham ilmiy-ijodiy muhit ichida boʻlish imkoni viloyatdagi va markazdagi ijodiy ziyolilarning start imkoniyatlarini bir-biriga sezilarli yaqinlashtiradi. Demak, hozircha shu imkoniyatdan samarali foydalanish darkor, u yogʻiga esa xudo poshsho.

Dilmurod Quronov