← Dilmurod Quronov
|

Sheʼrxonlik mashqlari

Dilmurod Quronov

Maqola · 2011 · Fargʻona, 2011 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

(qaydlar)

Badiiy asarni oʻqish – ijodiy jarayon, uni uqish uchun oʻquvchi ijodiy tasavvurini toʻla ishga solishi lozim. Biroq sheʼrni uqish, undan chinakam zavq olish uchun ijodiy tasavvurning oʻzi kam. Negaki, sheʼr – mudom voqe boʻlayotgan nutq, u soʻzlarning oddiygina tizmasi emas. Zero, undagi soʻzlar shoir dil torlaridan taralgan ohangga yoʻgʻrilgan. Bas, sheʼr oʻqilmaydi – tinglanadi, tinlanganda ham «ichki quloq» bilan, «qalb qulogʻi» bilan tinglanadi. Oʻshanda... bir boshdan aytay: nedir bir narsa, boringki, DARD shoir dil torlarini titratdi – DARD OHANGGA doʻndi; ohang soʻzlarni oʻziga ergashtirdi – ikki yorti bir butun: ikkisi birlikda sheʼrni bunyod etdi. Sheʼr «qalb qulogʻi»la tinglanganda shoir koʻnglida ohangga doʻngan dard oʻquvchi dil torlarini titratadi, endi aksincha – OHANG DARDga doʻnadi. Yaʼni, ohang shoir va sheʼrxon dillarini tutashtiradi, shu joʻrovozlik sabab sheʼrdagi soʻz SOʻZga aylanadi. «Qalb qulogʻi» bitgan oʻquvchi soʻzni biladi, SOʻZni tanimaydi; «qalb qulogʻi»la tinglagan oʻquvchi uchun SOʻZning maʼno sigʻimi benihoya keng – u SHUNDAY SOʻZki, toʻlasicha qalbni ifodalashga safarbar etilgan, shu bois aytganidan koʻproqni aytadi, tasvirlaganidan koʻproqni jonlantiradi... Zero, oʻquvchi ongiyu dilida aks sado bergan ohang dardga oshno etib yo kashf shavqidan yaraluvchi hayratu zavqqa chulgʻabgina qolmaydi, ohang qanotida qalbga kirib borgan SOʻZ unda oʻzga bir QALBni yashatadi...

***

... shoira yozadi:

Sezarmisiz, men bir gul, maysa,

Shabnamimda kulgan quyosh bor...

Joʻn qarasak, «koʻngil qulogʻi»miz bitgan boʻlsa, «ha, endi, shoira oʻzini gulga mengzabdi-da» deb qoʻya qolamiz. Kimdir «siyqasi chiqqan qiyos» deb qosh kersa, boshqasi «kamtarlik ham omon boʻlsin» deya miyiqda kular ham... bularning bari soʻzni koʻrib-bilib turib SOʻZni tanimaganlikdan. Holbuki, oʻsha siyqasi chiqqan qiyos ham sheʼriy matn ichida turibdi. Sheʼr ichidagi soʻz esa boshqa soʻzlar bilan mustahkam aloqada – u boshqa soʻzga yo tenglanadi, yo zidlanadi, yo tobelanadi, yo... Yaʼni, maʼno soʻz soʻzga urishtirilganda voqe boʻladi. Zero, soʻzning soʻzga urilishi – bamisoli bong, uning jarangi tasavvurimizda nedir tushunchalar, narsalar, manzaralar, qiyoslarni uygʻotadi, dil sokinligini buzadi. Qarang, shoira «men bir gul» deydi-da, ortidanoq shoshib buni inkor qiladi – oʻzini maysaga qiyoslaydi. Yaʼni, quloqlarimiz oʻrganib ketgan «ayol – gul» qiyosi «ayol – maysa» qiyosi uchun koʻprik misoli. Maysa tasavvurimizda mayinlik, beozorlik, zaiflik, siniqlik singari ayolga xos tushunchalarni uygʻotadi, hayratlanamiz: «nega shu choqqacha ayol maysaga oʻxshatilmagan?!» Shu tushunchalar bilan bogʻliq holda «shabnam» ayol qalbini – har ne gardu gʻubordan forigʻ, oʻziga olam tashvishini sigʻdira olgan mitti-ulkan makonni suratlantiradi. Soflik etaloni boʻlmish qatrada esa «kulgan quyosh» bor. Ajdodlarimiz quyoshni «mehr» deb ataganlari xotirga olinsa, ayon boʻladiki, uzukka koʻz qoʻyilgan ekan – bu chizgi ayol qalbi tasvirini juda ochib yubordi. «Koʻngil qulogʻi»la eshitolgan oʻquvchi beixtiyor iqror qiladi: mehrga toʻliq, uni «vayronu obod ustina» teng sochishga har dam hozir ayol qalbi surati shunchalik boʻlar-da?!.. Shoiraning kashfiga sherik boʻlolgan oʻquvchi oʻylab ham qolar: ayolni gulga mengzash asosi – goʻzallik, goʻzallik esa oʻtkinchi. Bas, shoira topgan qiyos «gul»dan koʻra sigʻimli, u ayol zoti uchun umumiyroq va umrzoqroq xususiyatni mujassam etmayaptimi?! Sheʼr ruhida yashagan onlari oʻquvchi buni dildan iqror qiladi. Demakki, endi u maysada ayolni, shabnamda ayol qalbini koʻradi, demakki, endi u koʻm-koʻk maysani depsishga botinmaydi, ayolga-da maysadek avaylab munosabatda boʻlish kerakligini his qiladi...

***

... sheʼriyat – tamomila oʻzga bir olam. Bas, unda gohi «foniy», gohi «besh kunlik», gohi «ikki eshik orasi» deya taʼriflanuvchi moddiyat dunyosining aqidayu urflari bekor. Chegaradan xatladimi, bas, endi oʻsha olam qonunlariga boʻysunib, urflarini tutib yashamogʻi shart kishining. Aks holda tasavvuri, masalan, sayyoh oʻzga yurt haqida avtobusdagi gidning «oʻngga qarang – falon... chapga qarang – fiston»laridan olgan tasavvur darajasida qoladi, yaʼni, hazratning soʻzlarini holatga moslab aytsak, «hammomdan nopok chiqqan» boʻladi shoʻrlik... Deylik, dunyomiz yolgʻonni xushlamaydi: yolgʻonning yomonligini hamma biladi, demak, mantiqan yolgʻonni hamma yomon koʻradi va... kechirasiz-u, uni ishlatmagan odam topilmaydi! Toʻgʻri-da, ayrim hollarda yolgʻonlashga izn berilgan, bizga shugina kifoya emasmi?! Ha-da, axir, Arximed aytgan-ku: «Menga tayanch nuqtani bering – Yerni koʻtaraman!» Yaʼni bizga izn berilganining oʻziyoq kifoya, «ayrim hollar» doirasini kengroq olamiz-qoʻyamiz. Unda yolgʻonni yomon koʻrishimiz yolgʻon ekan-da? Unaqa emas, yolgʻonni chindan ham yomon koʻramiz, faqat yolgʻonligi uchun emas, balki aldanishni yomon koʻrganimiz tufayli... Uzun daromaddan murod – dunyomizda turfa talqinlarda amal qiladiganimiz bu qonun ham sheʼriyat olamida ishlamasligini aytish, xolos. Zero, dunyomizning bu qonuni sheʼriyatdagi «ayni haqiqatdir majoz» qonuni bilan bekor qilinadi va.. bu olamda yolgʻon bilan haqiqat qorishib ketadi, aniqrogʻi, yolgʻon haqiqatga eltuvchi koʻprikka aylanadi. Aytaylik, shoirning yurtimiz saratonini tasvirlay turib «goʻdak uhicha ham shamol topilmas» degani – mubolagʻa, yaʼni haqiqatga rost emas, soddachasiga – yolgʻon. Lekin shu yolgʻon, albatta, boshqa topib keltirilgan detallar («soʻzsiz qotib turgan boʻychan teraklar», «ufqda sarobdan otashin baldoq», «hatto sharsharakning oʻchganday sasi» va b.) bilan birga tasavvurda saratonning jonli va haqqoniy manzarasini jonlantiradi, shu darajadaki, oʻzingizni «ulkan doshqozon»da, «goʻdak uhicha shamol»ga zor his etasiz. Asli, yolgʻonning haqiqatga doʻnishi, majozning ayni haqiqat ekani ham shudir?! Ha, shunday, kundalik muloqotda yumshatibroq lof yo mubolagʻa deydiganimiz shoir uchun kalidki, u hikmatlar sandigʻini ochadi:

Balki huv koʻringan moviy toʻlqinda

Suv ichgan goʻdakning nafasi ham bor.

Qarang, olamda har neki bor – zarradan to koinot qadar bir-biri bilan bogʻliq ekani haqiqat, bu haqiqat esa mubolagʻa yordamida yana bir tasdigʻini topayotir... tasdiqki, ancha muncha ilmiy xulosadan asosliroq, ishonarliroq, tushunarliroqdek.

***

... sheʼr olami soʻzni-da oʻzgartiradi: soʻz koʻz oldimizda oʻzining kutilmagan tomoni bilan gavdalanadi, yangicha ohang va maʼno qirralarini namoyon etadi. Tagʻin bilmadim-u, «yumshoq» degan soʻzning ohangida nedir yumshoqlik, mayinlik bordek tuyuladi menga, goʻyo shu soʻzni eshitishing bilanoq koʻngil iyib borayotgandek. Shunday tasavvur bilan yurasan-da, ittifoqo bir kun sheʼr oʻqib qolasan:

Ushuq urgan koʻsaklar yumshoq.

Paxta yumshoq,

goʻdaklar yumshoq –

Domlaga gap qaytarmas edik,

Yer ham yumshoq – botardi etik...

Negadir, ilk satrni oʻqiboq hushyor tortasan kishi: «yumshoq» soʻzi koʻngilda odatiy tuygʻularni uygʻotmadi-ya?! Tuyqus ayni damda «yumshoq koʻsaklar» uygʻotgan tuygʻularga ism qoʻyolmay qiynalayotganingni sezib qolasan: armon deyin desang – sogʻinchi ham bor, alam deyin desang – quvonchlari ham yodga kelaveradi. Va shu barobari «yumshoq paxta» ham koʻz oldingga kelaqoladi: danak misol donalab sanasa boʻladigan, namligi boʻz etakni shallabo qiladirgan darajadagi paxta. Beixtiyor bolaliging, oʻsmirliging, talabalik davringdan chegirib olingan oylarni sanay boshlaysan... soʻng oʻsha «yumshoq» bolaligingni eslaysan va istab-istamaygina keyin ham oʻsha holingcha qolaverganingni tan olasan – alam qiladi, kaftingdagi danak-danak «yumshoq paxta» toshga aylanib boraveradi... Lekin yer yumshoq boʻlsa-da, osmon uzoq, axir!

***

... mantiq tiliga oʻgirilgan sheʼr joziba kuchini yoʻqotadi, negaki, sheʼrning mantigʻi oʻzgacha. Kezi kelsa, sheʼrda mantiqsizlikning mantiqqa doʻnishi ham hech gap emas. Ammo, gapning sirasi, shoirning «Payxon qilar odamni ekin» satrini oʻqiboq hammaning ham birdan bu xulosaga kelishi mahol. Hartugul, «shoir xato qilganmi, ega bilan toʻldiruvchi oʻrni almashib qolibdi, yo texnik xatomikan?» tarzidagi andisha xotirga oʻzibroq kelishi tabiiydek. Keyingi satrlarni oʻqiganda esa, birdan «chaqib qoladi» (yoshlar orasida urf boʻlgan bu sleng «anglab qoldim», «yetib bordi» degan maʼnolarni berarkan, nachora, hayotdan orqada qolmaslikka urinamiz-da, maʼzur tutsinlar), mayli-da, hechdan koʻra kech:

Payhon qilar odamni ekin,

Tashbih nadur, dalalarning oʻzi biy.

Choʻllar uni quvlab boradi,

Yo rabbiy.

Aytish kerakki, mantiqsizlikda mantiq borligini anglash uchun shoir bilan sheʼrxon orasida dialogik muloqotning boʻlishi shart qilinadi. Zero, sheʼr chorak asrlar ilgari yozilgan va davr ruh-kayfiyati bilan chambarchas bogʻliqdir. Davr konteksti nazarda tutilsagina gap shoʻroning mantiqdan ayro tushgan paxta siyosati haqida borayotgani, shu bois shoirning «ekin odamni payxon qilmoqda» degani ham, «uni choʻllar quvib borayotir» degani ham mantiqqa rost ekanini tushunish mumkin boʻladi.

***

Yozganlarimni xulosalamoqqa har ne urindim – boʻlmadi. Avvalo, sheʼriyatning sarhadlari cheksiz, chor tarafdan diqqatingni tortadigan satrlar paydar-pay chiqib kelaveradi. Soniyan, biz tanlagan shakl ham shunga mos: uchta yulduzchani qoʻyasan-u, yangidan boshlab ketaverasan... Nasib boʻlsa, davom qilarmiz.

2011 yil

Dilmurod Quronov