← Sa'dullo Quronov
|

Shoir musavvir boʻlganda

Saʼdullo Quronov

Maqola

Insonning borliqni anglashida, u haqda tasavvur va bilimlarning paydo boʻlishida koʻrish (koʻz) markaziy oʻrinni egallaydi. Zero, dunyo haqidagi tasavvurlarimizning asosini koʻrish orqali olingan informatsiyalar tashkil etadi. Boshqa sezgilar asosida olinganlari uni toʻldiradi, sayqallaydi. Shu sababdan ham mahorat bilan chizilgan rangtasvir asari qarshisida nafaqat uni koʻrish, balki “hid bilish”, “eshitish” mumkin.

Biz borliqni koʻramiz, sanʼatkor esa koʻrganini koʻrsatadi. Sanʼat badiiy aks ettirish ekan, aks ettirish (ijod) jarayonida “koʻrish”ning oʻrni beqiyos. Insoniyat tarixida rangtasvirning vujudga kelishi va rivojlanishi odamlarning koʻrish asosida oladigan his-tuygʻulari va maʼnaviy ozuqasi salmogʻini oshiradi. Ifodaning koʻrish asosidagi salmogʻi kuchaygan ekan, bu oʻz-oʻzidan boshqa sanʼat turlariga taʼsir etmay qoʻymaydi.

Mumtoz adabiyotda asosan bayon etish, tavsiflashning ustivorlik qilgani maʼlum. Keyingi davr ijodkorlari esa ifodaning yanada samarali, taʼsirli va haqqoniy usullaridan foydalanishga harakat qildilar. Shu jumladan, rangtasvir sanʼatiga xos boʻlgan unsurlarning sheʼriyatga koʻchishi, undagi tasviriy ifodaning xuddi rassom chizganiday bera olishlik imkoniyatini yaratdi. Albatta, bunda ranglar emas, soʻzlar vositasida chizilgan surat ijodkor mahorati evaziga xayollarda gavdalanadi.

Abdulla Oripovning “Bahor” sheʼri aynan shunday xususiyatga ega boʻlgan asarlar sirasidandir. Bu sheʼrda tasvir nafaqat shoir his-tuygʻulari ifodasi, balki kompozitsiyaning asosi darajasiga koʻtarilgan.

Sheʼr bahor fasli kelganligidan xabar beruvchi misralar bilan boshlanadi:

Ushbu satrlarni oʻqir ekansiz, qalbingizga bahoriy joʻshqinlik, bahoriy kayfiyat kirib keladi. Ammo faqatgina shuning oʻzi sizga aslida bahor uygʻota olishi mumkin boʻlgan koʻp tuygʻularni bera olmaydi. Shoir davom etadi:

Bu ilk tasviriy qism boʻlib, uni ikkiga ajratgan holda tahlil qilish ham mumkin. Boisi, dastlabki toʻrt misrada tasvirdan koʻra tavsif ustivorlik qiladi. Yaʼni, bu misralarda manzaraning detalizatsiya asosidagi tasviri mavjud emas. Ushbu misralar vositasida siz bahorning umumiy tarovatini his qilasiz. Keyingi misralarda esa maʼlum manzara elementlarini keltirish vositasida chizilayotgan tasvir yaqqolroq koʻrinadi.

Musavvir peyzaj janrida ijod qilarkan, uning maqsadi tabiat tasvirini tomoshabinga aynan koʻrsatishgina boʻlmaydi. Zero, koʻrishning oʻzigina zavqlanish, estetik taʼsirlanish degani emas. Agar shunday boʻlganida rassomning ijod etishi, shoirlarning tasvirga musavvirona yondoshuvi foydasiz boʻlar edi. Yuqorida keltirilgan sheʼriy peyzajga eʼtibor qilsangiz, A. Oripov obʼektni shunchaki tasvirlamaganini koʻrasiz. Shoir manzarani bir nuqtadan kuzatayotgan inson holatini yarata olgan va bu bilan u oʻquvchiga ham real hayotdagiday kuzata olish imkoniyatini beradi. Chizilayotgan tabiat tasviri ongda namoyon boʻlsada, u goʻyoki koʻzlar harakati asosida umumlashayotganday taassurot uygʻotadi. Bunda ijodkor nafaqat soʻz maʼnosi bilan ishlaydi, balki tabiatni kuzatayotgan inson psixologiyasidan kelib chiqib, ularni joylashtiradi. Bunday tasvir koʻz harakatining muayyan yoʻnalishdagi (yuqoridan pastga, uzoqdan yaqinga) kuzatuvi asosiga quriladi: Bahor... Bahoriy yellar... Koʻkda esa quyosh, toʻgʻrida serviqor, yorqin togʻlar. Soʻng nigohingiz pastroqdagi qirlarga tushadi ? yam-yashil maysalar. Keyin qishloq. Baland-past uylar, atrofida esa teraklar (siz oʻzingizdan uzoqdagi va yuqoridagi manzarani kuzatdingiz). Endigi nigohingiz yon-veringizga, yerga qaratilgan: oyoq ostida zax yer, chirik xazonlar. Nigohingiz bilan zaminni kuzatarkansiz, oʻynoqi jilgʻaga koʻzingiz tushadi. Chopqir jilgʻalar adogʻini izlagan koʻzlaringiz sizni yana qayoqqadir olib ketadi. Yoʻl-yoʻlakay koʻrganingiz bogʻ va dalalar qushlarning qiy-chuviga toʻlgan...

Shunday qilib, sheʼrdagi bu qism sizga bahorni koʻrsatadi, his ettiradi. Kayfiyatingiz koʻtarilib ketadi. Faqat siz emas, shoir ham ajoyib tuygʻular iskanjasida oʻzini yoʻqotgan:

Sheʼr avvalidagi joʻshqinlik, bahoriy tasvir bergan kayfiyatdagi oʻquvchi shoir fikrlariga beixtiyor ishonadi: “Shunday - zavollik abadiy emas”. Bu fikr ikkinchi bir fikrni uygʻotadi: “Abadiy uyquga ketganlar-chi?” Soʻngra sheʼr mavzusida keskin burilish sodir boʻladi. Shoir ikki ijodkor (Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda) xotirasiga atalgan misralarni bitadi:

Avvaliga fasllar kelinchagining madhi bilan boshlangan sheʼr mavzusi xotira bilan almashadi. Ammo matndan uzib olinsa, nomutanosib keluvchi ikki mavzu, sheʼrda bahoriy tasvir uygʻotayotgan his-tuygʻular izchilligiga mos holda joylashtiriladi. Umuman olganda, “Bahor” sheʼrining mavzular tarkibi turli: bahor madhi, oʻtganlar yodi, ona xotirasi, isyon, itoat, vatan kabi. Shunday boʻlsada, avvalo, u lirik asar, farqli mavzularga tez-tez burilishiga qaramay, sheʼrxon uni tutilmay oʻqiydi. Hajman katta boʻlsada, bu sheʼrni yoddan biluvchi kishilarning soni juda koʻp. Xoʻsh, sheʼrning yutugʻi nimada?

Ushbu lirik asardagi mavzular mazmun mantiqi asosida bogʻlana olmasada, tasvir asosida tabiiy zanjir hosil qiladi. Yaʼni, sheʼrdagi peyzaj manzaralari asar strukturasidagi mavzular izchilligini taʼminlab, kompozitsiyada oʻziga xos qolip vazifasini bajaradi. Mavzularning uygʻonish sababi ham sheʼriy tasvir asosiga singdiriladi.

Sheʼr boshlanishidagi peyzaj qahramonda oʻzgacha his-tuygʻularni uygʻotadi va ana shu his-tuygʻular taʼsiridagi shoir yana tasvirlashga, bahorga qaytadi. Endi u Chigʻatoy qabristoni manzaralarini chiza boshlaydi:

Bu tasvir elementlarida tushkunlik ifodasi yorqin koʻrinib turibdi. “Axir, bahor hamma yerda bir xil boʻy bermaydimi?” ? degan savol tugʻilishi tabiiy. Yoʻq, koʻrayotganingiz fotosurat emas, u musavvir chizgani kabi maʼlum his-tuygʻuga yoʻgʻrilgan tasvir. Qahramon tushkun holatida tabiatni boshqacha koʻra olmaydi ham, shuning uchun ham u manzara qoshida oʻtganlarni eslarkan, xayollarida oʻzga hislar, oʻzga tuygʻular uygʻonadi. Qabriston manzaralari esa shoir fikrlarini boshqa yoqqa – onasi, uning qabri tomon eltadi:

Shoir ona qabrini koʻrayotgani yoʻq. U qahramondan ancha olisda. Shu sababdan qabr tasvirini faqat xayollaridagina tiklashga qodir. Shu sababdan ham qahramon oʻzidan olisdagi qabrni bahor tasviri bilan uygʻunlashtirgan holda tasavvur etadi. Bu esa uning yuragidagi tugʻyonlarni yanada kuchaytirib yuboradi. Chunki u xayolan ona qabri tegrasidagi uygʻonishni, goʻzallikni koʻrgan edi. Ammo marhuma bulardan bebahra, u bahorni koʻrolmaydi... Qahramondagi tushkinlik kayfiyati yaanada oshadi. Natijada ich-ichidan isyon yopirilib kela boshlaydi:

Shoir qalbida isyon uygʻotgan tugʻyonlarning asl sababi keltirilayotgan xayoliy tasvirga borib taqaladi. U insonning koinot oldidagi qadri, umr haqidagi savollariga javob izlay ketadi. Isyonkor fikrlar… Oʻquvchining xayollari esa shoir misralariga ergashgan, qayoqqa boshlasa, shu yoqqa ketaveradi. Fikrlar ketidan fikrlar… Shoir taqdirga tan beradi, itoat eta boshlaydi:

Keyingi satrlardan esa ijodkor kayfiyati koʻtarila boshlagani seziladi. Itoatkor qahramon kechinmalari quyidagi tasvirda oʻz ifodasini topadi:

Bahor ? uygʻonish fasli, tabiat qayta tiriladi unda. Oʻlim keltirgan ayriliqning azoblariga chiday olmagan shoir koʻngli endi taskin topayotganday goʻyo: “Dilbar kelinchakning koʻksida gʻulu, zardoli shoxiga tashlar koʻz qirin”. Avvalgi tasvirlarda inson oʻlimi bilan bogʻliq haqiqatlarni kuzatgan boʻlsak, endigisida tugʻilish, yangi avlodga ishora berilmoqda. Bu esa qahramonni itoatga boshlaydi. Lirik qahramon yana sheʼr avvalidagi kabi bahoriy kayfiyatda, ammo uning ruhi anchagina sokin va masrur:

Bu tasvir sheʼr avvalida keltirilgan peyzajga tasvirlash texnikasi bilan yaqin tursada, ammo ular oʻrtasida tafovut katta. Birinchi tasvirda konkret joy belgilarini koʻrsatish orqali maʼlum manzara yaralgan boʻlsa, keyingi tasviriy qismda umumiy bahor tunining baʼzi elementlar asosidagi yaxlitlashganini kuzatishimiz mumkin. Yaʼni, avvalgi qismda manzara qahramonning koʻz harakatlari asosida yaratilib, obʼekt tavsiflab ifodalashga emas, chizib koʻrsatishga harakat qilingan. Keyingisida ham shuni kuzatish mumkin, lekin siz manzarani koʻrishda faqat koʻzlaringizdan emas, balki quloqlaringizdan, hissiyotingizdan foydalanishingizga toʻgʻri keladi.

Ushbu misralar bilan sheʼr yakunlanadi. Bahoriy manzaralar bilan boshlangan sheʼr soʻngida ham tabiat goʻzaliklarini koʻramiz. Bu bilan qahramonining kechinma va oʻylari tasvirdan tasvirgacha boʻlgan oraliqda berilib, uning taʼsirida yuzaga kelganligi oydinlashadi. Bu xuddi manzara oldida turgan taʼsirchan insonning bir lahzada sodir boʻluvchi va har yoqqa tortib ketuvchi xayollari edi.

Manzarani rassomlarday chizib koʻrsatish, oʻquvchiga xuddi real hayotda koʻrgandagiday tuygʻularni beradi. Ushbu sheʼrning yutugʻi ham, bor goʻzalligi ham A. Oripovning oʻz ijodiga musavvirona yondoshganligida edi. Hajman katta boʻlsada, bu sheʼr ixlosmandlarining koʻp ekanligiga sabab asarning rassomchilik anʼanalari bilan uygʻunlashuvi, insonga koʻrsatib his ettira olishidadir.

Hozirgi she'riyatning tasviriy imkoniyatlari haqida

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Saʼdullo Quronov