Adabiyotning materiali boʻlmish soʻz oʻz holicha ham mazmunga egaligi bilan farqlanadi. Zero, tilimizda mavjud mustaqil soʻzlarning aksariyati voqelikdagi narsa-hodisa, belgi, holat yo harakatni ataydi, anglatadi. Shunday soʻzlardan biri aytilishi bilanoq ongimizda u anglatayotgan narsa-hodisa, belgi, holat yoki harakat haqida umumiy tasavvur hosil boʻladi. Deylik, «uy» deganda, umuman, uyni, yaʼni inson yashashi uchun moʻljallangan binoni tasavvur qilamiz; «bahor» deganda, umuman, tabiatda jonlanish boshlanuvchi faslni, «yumaloq» deganda, umuman, yumaloq koʻrinishni, «yurmoq» deganda, umuman muayyan yoʻnalishda harakatlanishni. Buning boisi shundaki, soʻz narsa-hodisaning turga xos jihatlarini umumlashtirib ataydi va inson ongida oʻsha narsa-hodisani umumiy tarzda aks ettiruvchi belgi boʻlib muhrlanadi. Badiiy adabiyot esa, aksincha, konkret narsa-hodisani aks ettiradi. Negaki u badiiy obraz yaratadi, oʻz navbatida, badiiy obraz inson ongida oʻsha konkret narsa-hodisani aks ettiruvchi belgi boʻlib xizmat qiladi. Boshqacha aytsak, tildan foydalanishning boshqa shakllarida soʻz oʻzi atayotgan narsa-hodisadan uzilsa, badiiy nutq tarkibida, aksincha, u bilan birlashadi, bunda soʻzdagi nominativ-tasviriy maʼno aktuallashadi. Yaʼni badiiy nutq tarkibida soʻz oʻzining asliga – obrazli tabiatiga qaytadi, yana ham toʻgʻrirogʻi, soʻzning mazkur azaliy xususiyati badiiy nutq tarkibida toʻlaqonli namoyon boʻladi.
Nominativ-tasviriy maʼnosi aktuallashgan soʻzlarning semantik va grammatik bogʻlanishi natijasida badiiy obraz – konkret-hissiy idrok etish (koʻrish, eshitish va b.) mumkin boʻlgan voqelik parchasi paydo boʻladi. Diqqat qilinsa, buni istalgan badiiy matnda, masalan, quyidagi sheʼriy parcha misolida kuzatish mumkin:
Xona sovuq. Xontaxta uzra
Boʻm-boʻsh shisha. Unda oy aksi
Va burchakda turibdi muzlab
Oq boʻzdagi gʻamgin qiz rasmi.
Keltirganimiz – X.Davron qalamiga mansub «Sanʼat» sheʼrining ilk bandi. Avvalo, bandni oʻqiganda tasavvurimizda jonlanuvchi obrazni tutib turgan tayanch soʻzlarni ajratib olish darkor: «xona», «xontaxta», «shisha», «burchak», «oy aksi» va «oq boʻzdagi qiz rasmi». Sheʼrni oʻqish jarayonida sanalgan soʻzlar (bundagi ikkita soʻz birikmasi ham atash nuqtai nazaridan soʻzga teng)ning nominativ-tasviriy maʼnosi aktuallashadi: tasavvurimizda ayni soʻzlar ortidagi narsalar navbatma-navbat aks etadi-da, pirovardida tugal manzara jonlanadi. Shoirning musavvirona nigohi «shishaga tushib turgan oy aksi»ni koʻradi – rassom qaro tunni bedor oʻtkazayotganiga sheʼrda boshqa bironta ishora yoʻq, biroq shuning oʻziyoq oʻquvchiga sanʼatkor ijodiy toʻlgʻoqda ekanini anglatadi. Xona burchagida turgan «oq boʻzdagi gʻamgin qiz rasmi» esa bu anglamni quvvatlaydi. Zero, bu oʻrinda gap molbertdagi – hali butkul tugallanmagan surat haqida bormoqda, yaʼni ijod jarayoni davom etmoqda, ifoda imkonlari izlanmoqda. Matndagi «sovuq», «boʻm-boʻsh», «muzlab turmoq», «gʻamgin» soʻzlari esa tasavvurdagi manzarani birmuncha aniqlashtirsa ham, koʻproq unga emotsional boʻyoq berishga xizmat qiladi. Avvalo, «sovuq» soʻzini faqat xona harorati maʼnosida tushunmaslik kerak, sheʼrda u ijodkor xalqiga xos faqirona turmush ramziga aylanadi. Shunga oʻxshash, «boʻm-boʻsh» sifati ijodiy jarayondagi qalb qiynoqlariga ishora qilsa, molbertdagi qizning «gʻamgin»-ligi bunga yoʻqotish iztiroblarini qorishtiradi. Xullas, ijod jarayoni kechayotganini aks ettiruvchi obraz soʻzlarning nominativ-tasviriy maʼnosi asosida yuzaga kelmoqda. Boshqacha aytsak, bu oʻrinda yangi maʼno hosil qilingani yoʻq, soʻzlarning mavjud maʼnosi «oʻstirilmoqda».
Soʻzning tasvir imkoniyatlari juda keng, faqat ularning roʻyobga chiqish darajasi bevosita ijodkor mahoratiga, aniqrogʻi, undagi estetik nigohning nechogʻlik oʻtkirligiga bogʻliq. Yaʼni olamni musavvirona nigoh bilan koʻrish iqtidoriga ega shoir yo adibgina koʻrganlarini soʻz vositasida tasvirlashga imkon qidiradi, oʻz navbatida, uning ijodiy izlanishlari soʻzning tasvir imkoniyatlarini kengaytiradi. Masalan, yozuvchi Isajon Sulton asarlarini oʻqiganda undagi isteʼdodning ayni shu qirrasi yaqqol koʻzga tashlanadi. Bunga amin boʻlish uchun «Ozod» romanidan olingan quyidagi parchaga eʼtibor qiling: «Soʻqmoq oʻydim-chuqur, aravaning gʻildiragi oʻt-oʻlanlarni ezib-yanchib oʻtgan, iziga yomgʻir suvi toʻplanib, sargʻish-qizgʻimtir tus olgan, shu sath oynasida ham osmonning va koʻlmak chetidagi tuproq uyumining bir qismi aks etardi». Koʻrib turibmizki, muallif oyoq ostiga – koʻpda eʼtibor ham berilmaydigan narsalarga bamisoli durbin orqali nigoh tashlaydi. Shu bois ham parchani oʻqiganda yirik planda olingan kinolentani tomosha qilayotgandek taassurot qoladi kishida. Bunga qanday erishiladi? Yuqorida aytdikki, avval «koʻra olish» kerak, shundan soʻnggina koʻrilganni tasvirlash imkonlari qidiriladi. Soʻz bilan tasvirlash jarayonidagi eng muhim ikkita nuqtani taʼkidlash lozim: soʻzlarni tanlash va ularni joylashtirish. Agar birinchi talab tasvirlanadigan narsalar bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchisi aynan manzaraning butunligi bilan belgilanadi. Yaʼni matnning soʻz bilan chizilgan manzara aks etgan boʻlagi manzara kompozitsiyasiga mos quriladi, nutqda oʻsha manzara qismlari navbatma-navbat tavsiflanadi. Yuqoridagi parchada manzara detallarining taqdim etilish tartibi koʻzdan kechirilsa, matn kompozitsiyasining ahamiyatini yaqqol koʻrish mumkin:
1) avval umumiy tarzda soʻqmoq ataladi – oʻquvchi tasavvurida, umuman, soʻqmoq aks etadi;
2) soʻqmoqning «oʻydim-chuqur»ligi qayd etiladi – soʻqmoq individual chizgiga ega boʻladi, konkretlilik kasb etadi;
3) arava gʻildiragi ezib-yanchigan oʻt-oʻlanlar;
4) gʻildirak qoldirgan iz, biroq u uzluksiz emas: ayrim joylarida chuqur iz qolgan, boshqa joylarda iz oʻtoʻlanlarning ezib-yanchilganidangina bilinadi;
5) izga toʻplangan yomgʻir suvi;
6) yomgʻir suvining sargʻish-qizgʻimtir tusi;
7) suv sathida aks etgan a) osmon va b) tuproq uyumi.
Tasvir nuqtai nazaridan qaralsa, parchada toʻrtta boʻlak ajraladi: umumiy plan – soʻqmoq (1, 2), yirik plan – gʻildirak ezgan oʻt-oʻlanlar (3), gʻildirak iziga toʻplangan sargʻish-qizgʻimtir tusli suv (4, 5, 6) hamda suvda aks etgan osmon (7 a) bilan tuproq uyumi (7 b). Yaʼni sanalgan detallardan tarkiblangan manzara matnning aynan yuqoridagicha kompozitsiyasi orqali namoyon etilgan. Davriy ketma-ketlikda berilgan detallarning pirovardida yaxlit manzarani hosil qilayotgani esa yozuvchi mahoratidan – musavvirona nigohga munosib uslubga egaligidan dalolat beradi.
Shu oʻrinda soʻz bilan tasvirlashning muhim talablaridan birinchisi – soʻz tanlash masalasiga qaytish joiz. Tabiiyki, tanlov tasvir predmetining tabiatidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Masalan, tahlilga tortilgan parchada statik (turgʻun) holat aks etgan. Shu bois ham unda ot va belgi anglatuvchi soʻzlar ustuvor. Matndagi ravishdosh (toʻplanib – uni mazmunga hech bir zararsiz toʻplan gan bilan almashtirish mumkin) ham, sifatdoshlar (ezib-yanchib oʻtgan, tus olgan) ham belgi ifodalashga xizmat qiladi. Hatto feʼl-kesim (aks etmoq) ham harakatni emas, holatni – suvda osmon va tuproq uyumi aks etib turganini ifodalaydi. Romandan olingan mana bu parchada statik holat bilan jarayon tasviridagi soʻz qoʻllash farqini qiyosan kuzatish mumkin: «Soyning baʼzi joylarida suv sayoz, suvning osti mayda tosh qumi – zigʻirqum. <...> Zigʻirqum ustida mitti baliqchalar aniq koʻrinadi, birdaniga suzib ketishadi ular, shunda suvosti qumi toʻzgʻiydi, zarralari asta-sekin oʻz joyiga choʻkadi». Sayoz joy tasvirlangan birinchi jumlada bironta ham feʼl qoʻllangan emas. Keyingi qoʻshma gapning birinchi sodda gapida tasvirlangan mitti baliqchalarning koʻrinib turishi ham mudom takrorlanadigan, yaʼni muayyan maʼnoda turgʻun holatdirki, koʻrinmoq feʼl shakli shuni ifodalashga mos. Qoʻshma gap tarkibidagi keyingi sodda gaplarning «suzib ketishadi» – «toʻzgʻiydi» – «choʻkadi» feʼllari bilan ifodalangan kesimlari esa ketma-ket yuz bergan harakatlar silsilasini tasavvurda jonlantiradi. Yana bir muhim jihati, mazkur harakatlar turli subyektlar (baliqcha lar, qum, zarralar) tomonidan amalga oshirilgani holda, oʻquvchi nigohi bir nuqtaga qaratilgan: oʻsha nuqtada sabab-natija munosabati asosidagi ketma-ketlikda amalga oshgan jarayon tasvirlangan. Aytish kerakki, badiiy nasrda soʻzning bu boradagi imkoniyatlari juda keng. Jumladan, soʻz turli subyektlarning bir paytdagi harakatlaridan tarkiblangan jarayonni ham toʻlaqonli tasvirlashga qodir. Romandagi yana bir epizod – onasi non yopayotgan payt jajji singlisi qoʻrqqanidan chirillab yigʻlab yuborgan holatni koʻrib chiqamiz: «Onam «Voy, oʻlay» deb unga qaraganida kosovga ilashib chiqqan bir choʻgʻ koʻylagiga tushib, tutay boshlaydi. Singlim esa qattiq qoʻrqqani uchun battar chirillaydi. Onamning koʻylagi bir muddat tutab, keyin lov etib alanga oladi. «Ona-a, yonyapsan» deb baqiraman. Onam chopib boryapti-yu, bir olovga, bir singlimga qaraydi. Lekin toʻxtamaydi, singlimning oldiga yetib boradi, unga hech nima qilmaganini bilganidan keyingina olovni oʻchirishga urinadi. Obdastadagi suvni olib, ustboshiga sepib yuboradi». Yuqoridagi parchadan farq qilaroq, bunda oʻquvchi nigohi uchta subyekt – ona, qizcha va oʻgʻil (roviy)ga qaratiladi. Bu uchala subyektning xatti-harakatlari davriy jihatdan oʻz ichida ketma-ket, bir-biriga nisbatan esa bir paytda sodir boʻlayotir. Osonroq tushunish uchun kinoga qiyosan olsak, ketma-ket sodir boʻlayotgan harakatlar yirik planda, bir paytda sodir boʻlayotganlari esa umumiy planda «koʻrilyapti». Shiddat bilan kechayotgan va bir necha subyekt (uchalasidan tashqari yana «choʻgʻ» bilan «koʻylak» ham formal jihatdan harakat subyekti) ishtirok etayotgan jarayon tasvirlangani uchun parchada feʼllar salmogʻi juda katta: jami 52 ta soʻzning 17 tasi shu turkumga mansub. Qiyoslash uchun: soʻqmoq tasvirlangan parchada bu nisbat atigi 4/25 ni tashkil qiladi. Mazkur holat soʻz tanlash tasvir predmetiga muvofiq amalga oshirilishining yana bir dalilidir. Shuningdek, koʻrib oʻtilgan misollar ayrim morfologik shakllarning tasvir predmetidan kelib chiqqan holda matnda oʻzining u yoki bu maʼno qirrasini aktuallashtirishini koʻrsatadi. Yuqorida koʻrganimizdek, «soʻqmoq» – statik manzara tasvirlangan parchada sifatdosh va ravishdoshlar belgi ifodalashga xizmat qilgan boʻlsa, jarayon tasvirida ular koʻproq harakat maʼnosining ifodasiga xizmat qiladi. Masalan, «Onam «Voy, oʻlay» deb unga qaraganida kosovga ilashib chiqqan bir choʻgʻ koʻylagiga tushib, tutay boshlaydi» gapi mazmunan «Onam «Voy, oʻlay» deb unga qaragan vaqtda kosovga bir choʻgʻ ilashib chiqdi-da, onamning koʻylagiga tushdi va tutay boshladi» shakliga teng. Zero, oʻquvchi kursivda berilgan feʼl shakllarini ayni shu maʼnoda qabul qiladi, chunki tasavvuridagi jarayon uzluksizligi shuni taqozo qiladi.
Koʻrib oʻtilgan misollar badiiy adabiyot vizual sanʼatlar bilan ancha samarali raqobatlashayotgani, ifodaning ularga xos usul va vositalarini ijodiy oʻzlashtirish bobida sezilarli yutuqlarga erishganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, bunga favqulodda ijodiy kashfiyotlar tufayli emas, balki soʻzning oʻzida azaldan mavjud imkoniyatlarni harakatga keltirish orqali erishildi, xolos. Zero, soʻz olamni ongimizda aks ettirishning asosiy vositasi ekan, uning tabiatidagi nominativ-tasviriylik imkonlari beqiyos, demak, adabiyotning tasvir imkonlari ham muttasil rivojlanib boraveradi.
2018 yil
Адабиётнинг материали бўлмиш сўз ўз ҳолича ҳам мазмунга эгалиги билан фарқланади. Зеро, тилимизда мавжуд мустақил сўзларнинг аксарияти воқеликдаги нарса-ҳодиса, белги, ҳолат ё ҳаракатни атайди, англатади. Шундай сўзлардан бири айтилиши биланоқ онгимизда у англатаётган нарса-ҳодиса, белги, ҳолат ёки ҳаракат ҳақида умумий тасаввур ҳосил бўлади. Дейлик, «уй» деганда, умуман, уйни, яъни инсон яшаши учун мўлжалланган бинони тасаввур қиламиз; «баҳор» деганда, умуман, табиатда жонланиш бошланувчи фаслни, «юмалоқ» деганда, умуман, юмалоқ кўринишни, «юрмоқ» деганда, умуман муайян йўналишда ҳаракатланишни. Бунинг боиси шундаки, сўз нарса-ҳодисанинг турга хос жиҳатларини умумлаштириб атайди ва инсон онгида ўша нарса-ҳодисани умумий тарзда акс эттирувчи белги бўлиб муҳрланади. Бадиий адабиёт эса, аксинча, конкрет нарса-ҳодисани акс эттиради. Негаки у бадиий образ яратади, ўз навбатида, бадиий образ инсон онгида ўша конкрет нарса-ҳодисани акс эттирувчи белги бўлиб хизмат қилади. Бошқача айтсак, тилдан фойдаланишнинг бошқа шаклларида сўз ўзи атаётган нарса-ҳодисадан узилса, бадиий нутқ таркибида, аксинча, у билан бирлашади, бунда сўздаги номинатив-тасвирий маъно актуаллашади. Яъни бадиий нутқ таркибида сўз ўзининг аслига – образли табиатига қайтади, яна ҳам тўғрироғи, сўзнинг мазкур азалий хусусияти бадиий нутқ таркибида тўлақонли намоён бўлади.
Номинатив-тасвирий маъноси актуаллашган сўзларнинг семантик ва грамматик боғланиши натижасида бадиий образ – конкрет-ҳиссий идрок этиш (кўриш, эшитиш ва б.) мумкин бўлган воқелик парчаси пайдо бўлади. Диққат қилинса, буни исталган бадиий матнда, масалан, қуйидаги шеърий парча мисолида кузатиш мумкин:
Хона совуқ. Хонтахта узра
Бўм-бўш шиша. Унда ой акси
Ва бурчакда турибди музлаб
Оқ бўздаги ғамгин қиз расми.
Келтирганимиз – Х.Даврон қаламига мансуб «Санъат» шеърининг илк банди. Аввало, бандни ўқиганда тасаввуримизда жонланувчи образни тутиб турган таянч сўзларни ажратиб олиш даркор: «хона», «хонтахта», «шиша», «бурчак», «ой акси» ва «оқ бўздаги қиз расми». Шеърни ўқиш жараёнида саналган сўзлар (бундаги иккита сўз бирикмаси ҳам аташ нуқтаи назаридан сўзга тенг)нинг номинатив-тасвирий маъноси актуаллашади: тасаввуримизда айни сўзлар ортидаги нарсалар навбатма-навбат акс этади-да, пировардида тугал манзара жонланади. Шоирнинг мусаввирона нигоҳи «шишага тушиб турган ой акси»ни кўради – рассом қаро тунни бедор ўтказаётганига шеърда бошқа биронта ишора йўқ, бироқ шунинг ўзиёқ ўқувчига санъаткор ижодий тўлғоқда эканини англатади. Хона бурчагида турган «оқ бўздаги ғамгин қиз расми» эса бу англамни қувватлайди. Зеро, бу ўринда гап мольбертдаги – ҳали буткул тугалланмаган сурат ҳақида бормоқда, яъни ижод жараёни давом этмоқда, ифода имконлари изланмоқда. Матндаги «совуқ», «бўм-бўш», «музлаб турмоқ», «ғамгин» сўзлари эса тасаввурдаги манзарани бирмунча аниқлаштирса ҳам, кўпроқ унга эмоционал бўёқ беришга хизмат қилади. Аввало, «совуқ» сўзини фақат хона ҳарорати маъносида тушунмаслик керак, шеърда у ижодкор халқига хос фақирона турмуш рамзига айланади. Шунга ўхшаш, «бўм-бўш» сифати ижодий жараёндаги қалб қийноқларига ишора қилса, мольбертдаги қизнинг «ғамгин»-лиги бунга йўқотиш изтиробларини қориштиради. Хуллас, ижод жараёни кечаётганини акс эттирувчи образ сўзларнинг номинатив-тасвирий маъноси асосида юзага келмоқда. Бошқача айтсак, бу ўринда янги маъно ҳосил қилингани йўқ, сўзларнинг мавжуд маъноси «ўстирилмоқда».
Сўзнинг тасвир имкониятлари жуда кенг, фақат уларнинг рўёбга чиқиш даражаси бевосита ижодкор маҳоратига, аниқроғи, ундаги эстетик нигоҳнинг нечоғлик ўткирлигига боғлиқ. Яъни оламни мусаввирона нигоҳ билан кўриш иқтидорига эга шоир ё адибгина кўрганларини сўз воситасида тасвирлашга имкон қидиради, ўз навбатида, унинг ижодий изланишлари сўзнинг тасвир имкониятларини кенгайтиради. Масалан, ёзувчи Исажон Султон асарларини ўқиганда ундаги истеъдоднинг айни шу қирраси яққол кўзга ташланади. Бунга амин бўлиш учун «Озод» романидан олинган қуйидаги парчага эътибор қилинг: «Сўқмоқ ўйдим-чуқур, араванинг ғилдираги ўт-ўланларни эзиб-янчиб ўтган, изига ёмғир суви тўпланиб, сарғиш-қизғимтир тус олган, шу сатҳ ойнасида ҳам осмоннинг ва кўлмак четидаги тупроқ уюмининг бир қисми акс этарди». Кўриб турибмизки, муаллиф оёқ остига – кўпда эътибор ҳам берилмайдиган нарсаларга бамисоли дурбин орқали нигоҳ ташлайди. Шу боис ҳам парчани ўқиганда йирик планда олинган кинолентани томоша қилаётгандек таассурот қолади кишида. Бунга қандай эришилади? Юқорида айтдикки, аввал «кўра олиш» керак, шундан сўнггина кўрилганни тасвирлаш имконлари қидирилади. Сўз билан тасвирлаш жараёнидаги энг муҳим иккита нуқтани таъкидлаш лозим: сўзларни танлаш ва уларни жойлаштириш. Агар биринчи талаб тасвирланадиган нарсалар билан боғлиқ бўлса, иккинчиси айнан манзаранинг бутунлиги билан белгиланади. Яъни матннинг сўз билан чизилган манзара акс этган бўлаги манзара композициясига мос қурилади, нутқда ўша манзара қисмлари навбатма-навбат тавсифланади. Юқоридаги парчада манзара деталларининг тақдим этилиш тартиби кўздан кечирилса, матн композициясининг аҳамиятини яққол кўриш мумкин:
1) аввал умумий тарзда сўқмоқ аталади – ўқувчи тасаввурида, умуман, сўқмоқ акс этади;
2) сўқмоқнинг «ўйдим-чуқур»лиги қайд этилади – сўқмоқ индивидуал чизгига эга бўлади, конкретлилик касб этади;
3) арава ғилдираги эзиб-янчиган ўт-ўланлар;
4) ғилдирак қолдирган из, бироқ у узлуксиз эмас: айрим жойларида чуқур из қолган, бошқа жойларда из ўтўланларнинг эзиб-янчилганидангина билинади;
5) изга тўпланган ёмғир суви;
6) ёмғир сувининг сарғиш-қизғимтир туси;
7) сув сатҳида акс этган а) осмон ва б) тупроқ уюми.
Тасвир нуқтаи назаридан қаралса, парчада тўртта бўлак ажралади: умумий план – сўқмоқ (1, 2), йирик план – ғилдирак эзган ўт-ўланлар (3), ғилдирак изига тўпланган сарғиш-қизғимтир тусли сув (4, 5, 6) ҳамда сувда акс этган осмон (7 а) билан тупроқ уюми (7 б). Яъни саналган деталлардан таркибланган манзара матннинг айнан юқоридагича композицияси орқали намоён этилган. Даврий кетма-кетликда берилган деталларнинг пировардида яхлит манзарани ҳосил қилаётгани эса ёзувчи маҳоратидан – мусаввирона нигоҳга муносиб услубга эгалигидан далолат беради.
Шу ўринда сўз билан тасвирлашнинг муҳим талабларидан биринчиси – сўз танлаш масаласига қайтиш жоиз. Табиийки, танлов тасвир предметининг табиатидан келиб чиқиб амалга оширилади. Масалан, таҳлилга тортилган парчада статик (турғун) ҳолат акс этган. Шу боис ҳам унда от ва белги англатувчи сўзлар устувор. Матндаги равишдош (тўпланиб – уни мазмунга ҳеч бир зарарсиз тўплан ган билан алмаштириш мумкин) ҳам, сифатдошлар (эзиб-янчиб ўтган, тус олган) ҳам белги ифодалашга хизмат қилади. Ҳатто феъл-кесим (акс этмоқ) ҳам ҳаракатни эмас, ҳолатни – сувда осмон ва тупроқ уюми акс этиб турганини ифодалайди. Романдан олинган мана бу парчада статик ҳолат билан жараён тасвиридаги сўз қўллаш фарқини қиёсан кузатиш мумкин: «Сойнинг баъзи жойларида сув саёз, сувнинг ости майда тош қуми – зиғирқум. <...> Зиғирқум устида митти балиқчалар аниқ кўринади, бирданига сузиб кетишади улар, шунда сувости қуми тўзғийди, зарралари аста-секин ўз жойига чўкади». Саёз жой тасвирланган биринчи жумлада биронта ҳам феъл қўлланган эмас. Кейинги қўшма гапнинг биринчи содда гапида тасвирланган митти балиқчаларнинг кўриниб туриши ҳам мудом такрорланадиган, яъни муайян маънода турғун ҳолатдирки, кўринмоқ феъл шакли шуни ифодалашга мос. Қўшма гап таркибидаги кейинги содда гапларнинг «сузиб кетишади» – «тўзғийди» – «чўкади» феъллари билан ифодаланган кесимлари эса кетма-кет юз берган ҳаракатлар силсиласини тасаввурда жонлантиради. Яна бир муҳим жиҳати, мазкур ҳаракатлар турли субъектлар (балиқча лар, қум, зарралар) томонидан амалга оширилгани ҳолда, ўқувчи нигоҳи бир нуқтага қаратилган: ўша нуқтада сабаб-натижа муносабати асосидаги кетма-кетликда амалга ошган жараён тасвирланган. Айтиш керакки, бадиий насрда сўзнинг бу борадаги имкониятлари жуда кенг. Жумладан, сўз турли субъектларнинг бир пайтдаги ҳаракатларидан таркибланган жараённи ҳам тўлақонли тасвирлашга қодир. Романдаги яна бир эпизод – онаси нон ёпаётган пайт жажжи синглиси қўрққанидан чириллаб йиғлаб юборган ҳолатни кўриб чиқамиз: «Онам «Вой, ўлай» деб унга қараганида косовга илашиб чиққан бир чўғ кўйлагига тушиб, тутай бошлайди. Синглим эса қаттиқ қўрққани учун баттар чириллайди. Онамнинг кўйлаги бир муддат тутаб, кейин лов этиб аланга олади. «Она-а, ёняпсан» деб бақираман. Онам чопиб боряпти-ю, бир оловга, бир синглимга қарайди. Лекин тўхтамайди, синглимнинг олдига етиб боради, унга ҳеч нима қилмаганини билганидан кейингина оловни ўчиришга уринади. Обдастадаги сувни олиб, устбошига сепиб юборади». Юқоридаги парчадан фарқ қилароқ, бунда ўқувчи нигоҳи учта субъект – она, қизча ва ўғил (ровий)га қаратилади. Бу учала субъектнинг хатти-ҳаракатлари даврий жиҳатдан ўз ичида кетма-кет, бир-бирига нисбатан эса бир пайтда содир бўлаётир. Осонроқ тушуниш учун кинога қиёсан олсак, кетма-кет содир бўлаётган ҳаракатлар йирик планда, бир пайтда содир бўлаётганлари эса умумий планда «кўриляпти». Шиддат билан кечаётган ва бир неча субъект (учаласидан ташқари яна «чўғ» билан «кўйлак» ҳам формал жиҳатдан ҳаракат субъекти) иштирок этаётган жараён тасвирлангани учун парчада феъллар салмоғи жуда катта: жами 52 та сўзнинг 17 таси шу туркумга мансуб. Қиёслаш учун: сўқмоқ тасвирланган парчада бу нисбат атиги 4/25 ни ташкил қилади. Мазкур ҳолат сўз танлаш тасвир предметига мувофиқ амалга оширилишининг яна бир далилидир. Шунингдек, кўриб ўтилган мисоллар айрим морфологик шаклларнинг тасвир предметидан келиб чиққан ҳолда матнда ўзининг у ёки бу маъно қиррасини актуаллаштиришини кўрсатади. Юқорида кўрганимиздек, «сўқмоқ» – статик манзара тасвирланган парчада сифатдош ва равишдошлар белги ифодалашга хизмат қилган бўлса, жараён тасвирида улар кўпроқ ҳаракат маъносининг ифодасига хизмат қилади. Масалан, «Онам «Вой, ўлай» деб унга қараганида косовга илашиб чиққан бир чўғ кўйлагига тушиб, тутай бошлайди» гапи мазмунан «Онам «Вой, ўлай» деб унга қараган вақтда косовга бир чўғ илашиб чиқди-да, онамнинг кўйлагига тушди ва тутай бошлади» шаклига тенг. Зеро, ўқувчи курсивда берилган феъл шаклларини айни шу маънода қабул қилади, чунки тасаввуридаги жараён узлуксизлиги шуни тақозо қилади.
Кўриб ўтилган мисоллар бадиий адабиёт визуал санъатлар билан анча самарали рақобатлашаётгани, ифоданинг уларга хос усул ва воситаларини ижодий ўзлаштириш бобида сезиларли ютуқларга эришганини кўрсатади. Шу билан бирга, бунга фавқулодда ижодий кашфиётлар туфайли эмас, балки сўзнинг ўзида азалдан мавжуд имкониятларни ҳаракатга келтириш орқали эришилди, холос. Зеро, сўз оламни онгимизда акс эттиришнинг асосий воситаси экан, унинг табиатидаги номинатив-тасвирийлик имконлари беқиёс, демак, адабиётнинг тасвир имконлари ҳам муттасил ривожланиб бораверади.
2018 йил
Dilmurod Quronov