Badiiy nutq milliy til bazasida voqelanadi. Yozuvchi milliy tildan foydalanar ekan, umumodatlanilgan normadan ogʻadi (yaʼni til unsurlarini odatdagidan oʻzga shakl, maʼno, tartib, munosabat va sh.k.larda qoʻllaydi) va bu «ogʻish»dan maʼlum badiiy-estetik maqsadni koʻzlaydi. Bu xil ogʻishlar tilning turli sathlarida – fonetik, morfologik, leksik, semantik, sintaktik sathlarda kuzatilishi mumkin. Jumladan, leksik sathdagi normadan ogʻish yozuvchining milliy til bazasidagi leksik vositalardan foydalanishida koʻrinadi. Milliy til «ombori»dagi soʻzlar qoʻllanish faolligi jihatidan ham, tasvir va ifoda imkoniyatlariga koʻra ham bir-biridan farqlanadi. Yaʼni bu oʻrinda gap tildagi soʻzlarga tabiiy ravishda xos boʻlgan uslubiy-ekspressiv xususiyatlar haqida bormoqdaki, ular ijodkorga «soʻz tanlash» hisobigagina ifodaviylik va tasviriylikni kuchaytirish imkonini beradi. Soʻzdagi mazkur xususiyatlar uni noodatiy lisoniy muhitga olib kirganda, boshqacha aytsak, soʻz qoʻllashda odatiy «normadan ogʻilganda» namoyon boʻladi. Soʻz qoʻllashdagi normadan ogʻishda aniq badiiy-estetik maqsad koʻzda tutilishi, yaʼni bunda atayinlik momenti ustuvorligini taʼkidlash zarurki, ayni shu jihati uni shunchaki «xato»dan farqlaydi. Soʻz qoʻllashdagi normadan ogʻishlarda kuzatiluvchi badiiy-estetik maqsadlar quyidagicha umumlashtirilishi mumkin: 1) davr ruhini aks ettirish; 2) joy koloritini berish; 3) personaj nutqini individuallashtirish; 4) tasvir predmetiga munosabatni ifodalash.
Tarixiy mavzudagi asarlarda tasvirlanayotgan davr ruhi (koloriti)ni aks ettirish maqsadida eskirgan soʻzlar – arxaizm va istorizmlardan foydalaniladi. Lugʻatda tarkibidagi eskirgan soʻzlar kundalik muloqotda qoʻllanmaydi, ularning koʻplari oʻquvchi ommaning katta qismiga tushunarsiz ekani, izoh talab qilishi ham maʼlum. Biroq tarixiy mavzudagi asarlarda ularning qoʻllanishi zaruratga aylanadi. Zero, ularning ishtirokisiz davr hayotini, unda yuz bergan voqealarni aks ettirishning imkoni yoʻq. Deylik, oʻz asarida oʻn beshinchi asr voqeligini tasvirlayotgan ijodkor, tabiiyki, oʻsha davrga xos realiyalarni tasvirlashi lozim. Buni esa oʻsha davrga xos boʻlgan narsa-buyumlar, hodisalar, tushunchalarni ifodalovchi soʻzlarsiz amalga oshirishning imkoni yoʻq. Masalan, «Navoiy» romanida shoirning ijodga kirishishi quyidagicha tasvirlanadi: «Oltin dovot ichidan qalamni oldi. Siyohga ozgina suv tomizdi. Qalam erkin va dadil yurdi». Avvalo, bu oʻrinda jarayonning realistik haqiqatga monand tasvirlanganiga diqqatni qaratish joiz: Navoiy avval dovot – siyohdondan qalamni oladi, soʻng siyoh (dovotdagi rang)ga suv quyadi, (keyingi harakat anglashiladi: dovotdagi siyohga tegizib olingan) qalam qogʻoz ustida dadil yura boshlaydi. Tasvirlangan jarayonning amalga oshishiga xizmat qilgan yozuv asboblari ham, yozuv ashyolari ham hozir isteʼmolda emas, ularni ifodalovchi soʻzlarni esa oʻquvchilarning kattagina qismiga izohsiz tushunarli emas. Shunga qaramay, Navoiyning qay tarzda yozganini oʻsha soʻzlarsiz tarixiy jihatdan haqqoniy tasvirlab boʻlmaydi.
Tarixiy soʻzlar personajlarning tashqi koʻrinishiga oid muhim detallar, xususan, engil-boshini tasvirlashda ham gʻoyat muhim. Masalan, «Navoiy» romanidan olingan boshqa bir parcha oʻquvchi koʻz oʻngida jangga otlangan sultonni gavdalantiradi: «Mulozimlarining yordami bilan Husayn Boyqaro egniga sovut, boshiga dubulgʻa kiydi. Qini oltin va rango-rang qimmatbaho toshlar bilan ishlangan, ajoyib nafis sanʼat namunasi boʻlgan qilichni taqdi. Yana shunday chiroyli sadogʻini osdi. Oʻq-yoyni taqdi». Ayni shu soʻzlar lashkar muttasil yurishlarda yoki yurishga tayyor holatda boʻlgan davr manzaralari tasvirida ham qoʻl keladi: «Har yoqdan toʻda-toʻda otliq sipohi lar – navkarlar keladi. Otlar oʻynoqlab kishnaydi, tugʻ lar hilpiraydi. Quyoshda dubulgʻalar, sovutlar yaltiraydi. Beklarning kumush sopli qamchilari, ot asboblaridagi kumush bezaklar, qilichlarning qinlaridagi oltin, feruza va zabarjad toshlar koʻz qamashtirib yonadi...»
Eʼtibor berilsa, keltirilgan misollarda qoʻllangan tarixiy soʻzlar asosan ot turkumiga mansub ekanini koʻrish qiyin emas. Buning sababi – misollarning muallif nutqidan olingani. Zero, voqealar yuz berayotgan joy (saroy yo kulba; doʻkon yo madrasa hujrasi, bozor maydoni yo chogʻroqqina hovli...), uning ishtirokchilari (ust-boshi, mashgʻuloti...) kabilar bilan bogʻliq tafsilotlar muallif nutqida oʻz ifodasini topadi, yaʼni bunda soʻzning nominativ tomoni muhimroq. Personajlar nutqida esa eskirgan soʻzlarni qoʻllash bilan birga tarixiy davr uslubiy xususiyatlarini ham aks ettirish zarurati yuzaga keladi. Misol tariqasida gʻalayon koʻtargan shahar ahlini tinchlantirish uchun Hirotga otlanayotgan Navoiyning Husayn Boyqaroga aytgan gapini olib koʻraylik:
«– Koʻngilga shunday muqarrar boʻldikim, dorilxalo fat fuqarosi qoshiga yetgach faqir ularni hech narsa bilan quvontirmoqdan ojiz qolurmen. Maqsadimizni ravshan qilib aytsak, bizni farmoni humoyun bilan saraf roz qilsangiz ekan».
Avvalo, bu oʻrinda saroy etiketiga qatʼiy rioya qilinayotgani, Navoiy podshohga murojaat qilayotganini bir on boʻlsin unutmayotgani koʻriladi. Shu bois ham u «farmon bering» demaydi (u holda podshoh amrini bajarish uchun shart qoʻygan boʻlib chiqadi), balki buyuklarga xos farmon (farmoni humoyun) bilan baxtiyor (sarafroz) qilishini tilaydi. Shunga oʻxshash, gʻalayon koʻtarganlar qoshiga quruq qoʻl bilan borish foydasiz deyish (bu holda podshoh jahllanishi mumkin) oʻrniga ularni quvontirishdan ojiz qolurmen (yaʼni men ojiz, Sizning qoʻlingizdan keladi) deydi. Shu gaplardan soʻng Husayn Boyqaroning «Mazmuni qanday boʻlmogʻi kerak?» deb soʻrashida fikr shu yoʻsin ifodalanganining taʼsiri juda katta. Javoban yana oʻsha yoʻsinda Navoiy aytadiki: «Shul mazmundakim, farmoni oliyning har bir soʻzi koʻngillarga quyoshdek hayot bagʻish lagay. Har bir nuqtasida, qatorida daryo pinhon boʻlgani kabi, sizning daryoi adolatingiz jilvalanganday. Yana u farmonda shunday soʻzlar boʻlmogʻi kerakkim, ular zolim, munofiq amaldorlar, ulus molini gʻasb etuvchilar boshiga sangboron boʻlib yogʻilgay». Koʻrib turganimizdek, Navoiyning bu soʻzlarida avvalgi gapidagi fikrlar yanada kuchaytirib ifodalanadi, bunday vaziyatda adolatli podshoh farmoni mazmunan qanday boʻlishi kerakligi saroy odobi doirasida uqtiriladi. Eʼtibor berilsa, bunda tarixiy soʻzlar (ulus, gʻasb etuvchilar, sangboron)ni qoʻllash bilan birga faol isteʼmoldagi soʻzlarning davr uslubiga mos tarzda (farmoni oliy, daryoi adolatingiz) bogʻlangani, soʻzlarning eskirgan shakllari («kim» bogʻlovchisi, «shul» olmoshi), eski soʻzshakllar (bagʻishlagay, yogʻilgay) ham muhimligini koʻrish qiyin emas.
Tahlillardan ayon boʻlyaptiki, tarixiy soʻzlar va morfologik birliklar tasvirlanayotgan davr kishilari nutqini asliga monand qayta yaratish vositasi sifatida oʻquvchi tasavvurida oʻtmishning toʻlaqonli va haqqoniy manzaralarini jonlantirishda muhim ahamiyat kasb etar ekan. Shuningdek, koʻrib oʻtilgan misollar badiiy nutq tasvir vositasigina emas, ayni paytda, tasvir predmeti ham ekanligini yorqin namoyon etadi.
Adabiy tilda kam qoʻllaniluvchi dialektizmlar badiiy asarda joy koloritini berish uchun ishlatiladi. Oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar tarqalgan hududlarda umummilliy xususiyatlar bilan bir qatorda oʻsha hudud kishilarigagina xos boʻlgan jihatlar (urf-odatlar, tasavvurlar, aqidalar, narsa-buyumlar va h.k.) ham mavjudki, bular birinchi galda sheva tilida oʻz aksini topadi. Shunday ekan, asarda tasvirlanayotgan hududga xos boʻyoqlarni berish, unda harakatlanayotgan personaj xarakterini toʻlaqonli badiiy talqin etish uchun tabiiy ravishda dialektizmlardan foydalanish zarurati yuzaga keladi. Masalan, N.Eshonqulning «Urush odamlari» qissasi voqealari hozirgi Qamashi tumanining Tersota qishlogʻida, urushning oxirgi yilida kechadi. Avvalo, aytish kerakki, qissa bir oʻqishdayoq oʻquvchi koʻngliga chippa yopishadigan, uni befarq qoldirishi mumkin boʻlmagan asarlardan. Albatta, qissada keskin dramatizmga yoʻgʻrilgan hayotiy holatning qalamga olingani, urush atalmish olamiy fojianing kichik bir qishloq ahli hayoti misolida akslantirilgani bunda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayni paytda, oʻquvchining asar ruhiga kirishi, betakror feʼl-sajiyali tersotaliklarga hamdardu hamnafas boʻlib qolishida uning tili ham gʻoyat muhim. Qissani oʻqiganda «xalq ruhi tilda aks etadi» degan gapning shunchaki lutf emasligiga amin boʻladi kishi. Ilk sahifalarda eshitilgan – Normatning urushdan qaytishi munosabati bilan uyushtirilgan toʻychiqdagi yosh bolalar kurashi qoʻzgʻagan shavqu tarafkashlik ifodasi boʻlmish luqmalar, pardali yo behayo ekaniga hukm qilishga shoshib qolinadigan tagdor hazillaru qochirimlar – bari sodda samimiyatdan, xalqonalikdan darak. Kurashda gʻolib bolakay qoʻllagan usulning mana bu tarzda olqishlanishi haqida ham shunday deyishga toʻla asos bor: «Halol! – baqirib yubordi Sharif chavandoz. – Buni yiqitish deydida! Ukkagʻardi uli, chorjetim-yey, dustaman qildi-ya!.. Hoy Xayrulloboy! – tashqariga boʻy choʻzib chaqirdi. – Polvonding jiligini opkeling...»
Eridan keyin Biydi momo erkagu ayol vazifasini zimmasiga olganini taʼkidlab «U oʻroq oʻrar, oʻtin yorar, beda tashir, bugʻdoy yanchar, tegirmon tortar, ogʻil tozalar, nav batida mol boqar ... edi» deyiladi. Bu yerda navbatida mol boqmoq deganda Tersota turmushiga xos tushuncha – qishloq chorvasini navbat bilan har kun bir xonadon vakilining boqishi nazarda tutilyaptiki, navbati kelganda Biydi momo ham podachilik qilgani aytilmoqda. Yoki boshqa bir oʻrinda Biydi momo «sargʻayib ketgan junni oldidagi taroqdan oʻtkazib olmoqda edi» deyiladi. Bunda «taroqdan oʻtkazish» – junni ipga aylantirish jarayonidagi bir bosqichni anglatadi, yaʼni Biydi momo turmushida chorva keng oʻrin tutgan tersotalik ayollar uchun odatiy mashgʻulot bilan band ekan. Eʼtibor berilsa, keltirilgan parchalarda umumisteʼmoldagi «navbat» va «taroq» soʻzlarining shevaga xos maʼnolari aktuallashgani koʻriladi.
«Normat hayotining Keldiyor soʻpi bilan tutash qismiga goʻng tashiy boshladi» degan jumlani oʻqiganda beixtiyor «hayot» soʻzining tersotaliklar shevasida anglatadigan «tomorqa, bogʻcha» maʼnolari bilan adabiy tildagi maʼnosi orasidagi aloqa qandayligini oʻylab qolasan. Eng avval «peshana teri bilan non topib yemoqni hayot deb bilganlar-da!» degan oʻy keladi-da, shu xulosada taq toʻxtab qolishni istab qolasan. Yoki oʻlimini boʻyniga olib qoʻygan Anziratning «Agar men dumalab ketsam, Xolmat bilan Hojar hovarda qolmasin, opajon...» deya zorlanishi-chi?! Ayol «oʻlsam» demaydi – «dumalab ketsam» deydi: togʻdan tubsiz jarlikka dumalagancha goʻyo yoʻqlikka singib ketgan toshga mengzaydi oʻlimni. Sagʻirlarim qarovsiz qolmasin demaydi, yoʻq, «hovar»da – kimsasiz bir maydonda qolishmasin deydi. Qarang, oddiy odamlar nutqida poeziya bor: fikrlashlarida obrazlilik, metaforiklik kuzatiladi. Bu hol esa ularni qadim ajdodlar bilan bogʻlab turgan tomirlar nihoyatda baquvvat ekanidan, oʻzlarining asliga – tabiatga yaqinligidan dalolatdir.
Shevalar adabiy tilning soʻz xazinasini toʻldiradigan eng boy manba sanaladi. Boisi, shevada adabiy tildagi koʻplab soʻzlarning muqobili bor. Masalan, «Urush odamlari»ning oʻquvchisi Biydi momo kelinlarini «Bir vaqtlari oʻn beshtalab inakka oʻzim qaragich edim...» deya yozgʻirganida «inak» «sigir», Normat shu kampirga «jezdam tushingizga kirdimi» deya hazilnamo soʻz qotganda esa «jezda» «pochcha» maʼnosini berishini biladi. Shu oʻrinda bir narsani taʼkidlash zarur: badiiy adabiyot milliy tilimizdagi soʻz-javohirlarini asrab-avaylovchi xazinabon vazifasini oʻtaydi. Sababi, adabiy til normalarining ommalashishiga mos holda sheva xususiyatlarining kamayishi kuzatiladiki, bu qonuniyat maqomidagi hodisadir. Aytaylik, N.Eshonqul «Urush odamlari»ni oʻttiz yillar ilgari yozgan boʻlsa, oʻsha vaqtlar tersotaliklar tilida qoʻllangan koʻplab soʻzlarning hozirda isteʼmoldan chiqqani, unutilgan boʻlishi tayin. Demak, ijodkor oʻzi mansub sheva xususiyatlarini oqilona meyor darajasida va mohirlik bilan aks ettirsa ularni mangulikka muhrlagan boʻladi. Buning ahamiyatini esa, masalan, qissada qoʻllangan oʻshak, oʻshakchi soʻzlari misolida koʻrish mumkin. Dastlab, Biydi momo «Tursunoy guj-gujni oʻshakchiligi uchun yoqtirmasligi» haqida xabar topganida, oʻquvchi Tursunoyning feʼl-amalidan kelib chiqib bu soʻz «gʻiybat qiluvchi», «gap tashuvchi» kabi maʼnolarni anglatishini tusmollab biladi. Keyinroq, Normat Biydi momoga «Agar shu martayam oʻshak surgan boʻlsang, kelib sen yalmogʻizni otaman» deya tahdid qilganida esa soʻz maʼnosi birmuncha konkretlashadi – unda «gʻiybat» maʼnosining ustuvorligi anglashiladi. Ayon boʻladiki, tushunchani ifodalovchi asl turkiy soʻz mavjud boʻlgani holda, oʻzbek adabiy tilida uning arabiy muqobili ishlatilar ekan. Shunga oʻxshash, oʻjar qatʼiyat bilan Anziratga oʻlim talab qilib turib olgan Biydi momoga Sharif chavandoz tahdid-la doʻq uradi: «Aygʻoqilik qilmang...» Maʼlum boʻlishicha, oʻzi haq boʻlmagani holda bitta fikrda qattiq turib olish «aygʻoqilik» deyilar ekan. Xuddi shu tushunchani anglatuvchi boshqa soʻz esa adabiy tilimizda mavjud emas, shu sababli uni bir necha soʻz bilan ifodalashga majburmiz. Holbuki, agar bu soʻz adabiy til mulkiga aylansa, ommalashtirilsa, tilimizning ifoda imkonlari kengaygan boʻlur edi.
Har qanday badiiy obraz singari inson obrazi – personaj ham konkretlilik xususiyatiga ega. Zero, uning asosi boʻlgan real inson konkret davr, hudud va ijtimoiy muhitda harakat qiladi, muayyan kasb-kor bilan mashgʻul boʻladi. Tabiiyki, bu omillarning bari uning nutqida oʻz aksini topadi. Shu bois ham personaj nutqiga xos xususiyatlarni qayta yaratish obrazning toʻlaqonli va haqiqatga muvofiq boʻlishida muhim shartlardan hisoblanadi. Personaj nutqining oʻziga xosligi esa eng avval u qoʻllayotgan soʻzlarda namoyon boʻladi. Oʻz navbatida, oʻsha soʻzlardan tarkib topayotgan nutq personaj tasviridagi muhim chizgiga aylanadi: madaniy-maʼrifiy saviyasi, dunyoqarashi, maʼnaviyati, axloqi, kasb-kori haqida maʼlumot beradi. Epik va dramatik asarlarda personaj nutqini individuallashtirishga alohida eʼtibor berilishining sababi shunda. Xususan, dramatik asarlarda bunga, ayniqsa, muhim ahamiyat zarurki, ularda personaj nutqi inson obrazini yaratishning asosiy vositasiga aylanadi. Masalan, E.Aʼzamning «Jannat oʻzi qaydadir yoki Jiydalidan chiqqan Joʻraqul» pyesasini olaylik. Asar qahramoni Joʻraqul – Domlaning quyidagi replikasiga diqqat qiling:
«Domla (fikridan chalgʻimay). Yoʻq, xonim, siz gapni chalkashtiryapsiz. Mustaqillik boshqa, ozodlik tushuncha si bir boshqa, ijtimoiy adolat, tenglik gʻoyalari boshqa! Axir, milliy mustaqil mamlakatda ham adolatsizlik, bedodlik hukm surishi mumkin-ku. Misol kerakmi sizga?.. Bilgingiz kelsa, men ijtimoiy adolat, insoniy teng lik tarafdoriman, xolos. Zinhor-bazinhor kechagi is tibdodning emas! Qolaversa, odamzod muayyan bir gʻoyadan charchasa yoki ijtimoiy tabaqalashuv, haqsizlik haddan oshsa, jamiyatda muvozanat buziladi. Ana shunda islohot yo inqilob zarurati tugʻilib, mulk qoʻldan qoʻlga oʻtadi. Huv Oktyabr inqilobi chogʻida shunday boʻlgan, bilasiz».
Avvalo, replikadagi gaplarning mantiqiy izchillikda bogʻlangani, bir-birini toʻldirib-izohlagan holda fikriy butunlik hosil qilayotgani, mazmunida ilmiy mantiqning ustuvorligi – bari uning chinakam (yaʼni shu asardagi Xonim yoki Tursuniy kabi emas) ijtimoiyotchi olimga xosligini koʻrsatadi. Unda ishlatilgan soʻz va birikmalarning aksariyati (kursiv bilan ajratildi) soʻzlovchi mashgʻul boʻlgan ilm sohasining istilohlaridir. Hatto tilimizda faol qoʻllanuvchi «mustaqillik», «ozodlik» kabi soʻzlar ham bu oʻrinda istilohiy maʼnoda ishlatilmoqda. Oʻquvchi domlaning mustaqillikka munosabati teran anglanganligi, ayrim hamkasblariga xos shiorbozlikdan yiroqligini his qiladi. Fikri uygʻoq odam sifatida u yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan tanqidiy mavqeni egallagan, biroq mustaqillikni ich-ichidan yoqlaydi, chunki chinakam olim oʻlaroq mohiyatga qaramoqda.
Domlaning xotini Xonim nutqida varvarizmlar – oʻrinsiz qoʻllangan xorijiy soʻzlar koʻp uchraydi. Jumladan, ruscha soʻzlar. Bu shoʻro davrida ayrim qatlamlarni oʻzligidan uzilib qolishga olib kelgan «madaniyatli» koʻrinishga intilish natijasi: domlaning xonadonida ruscha soʻzlashilgan, bolalar ruscha tarbiya koʻrgan. Shu jihatdan qaralsa, Xonimning oʻgʻliga mana bu tarz gapirishi muhit koloritini aks ettiruvchi muhim vositadir:
«Xonim. Oʻzingdan koʻrgin-da, jonik! Unisi oʻpoq, bunisi soʻpoq deysan. Papangning ham joni achiydi-da. Yoshing oʻttizga qarab borayotgan boʻlsa!.. Charchabsan. Kir, yotib damingni ol. Ammashkangga ayt, ichkari uyga joy qilib bersin». Koʻryapmizki, Xonim ayrim ruscha soʻzlarni ishlatibgina qolmaydi, balki oʻzbekcha soʻzlarni ham «ruslashtirish»ga harakat qiladi. Bu esa personaj maʼnaviy qiyofasiga tortilgan muhim chizgi – milliy oʻzligini nainki unutgan, undan orlanadigan toifaga xos qiliq. Oʻziga «mama» deya murojaat etgan oʻgʻlidan koyinib «Oyi (degin – D.Q.)! Endi «oyi» boʻladi, jinnivoy! Birov eshitsa nima deydi? Bular haliyam...» deganida ham Xonim faqat atrofdagilar nima deyishining tashvishini qiladi, xolos. Milliy gʻurur tuygʻusidan mosuvo bu ayolda istiqlol bittagina oʻzgarish yasadi: ilgari oʻz nutqini ruscha soʻzlar bilan «bezagan» boʻlsa, endi unga «o`key», «hello», «veri gud» kabi inglizcha soʻzlar bilan zeb beradi. Goʻyo shuning bilan oʻzini dunyo ravishidan boxabar, zamonaning ilgʻor kishilari qatorida his qiladi, atrofidagilarga ham shuni taʼkidlamoqchidek boʻladiki, bu uning kaltabin ekanidan dalolatdir. Demak, varvarizmlar muhit koloritini berish bilan birga personajning feʼli, madaniy-maʼrifiy saviyasi, maʼnaviy-axloqiy prinsiplari, dunyoqarashi kabilar haqida ham ishonchli maʼlumot beruvchi vosita boʻlib xizmat qiladi. Shunga oʻxshash, Xonimning nutqidagi «baks», «inomarka», «soqqa», «koʻkidan oʻnta», «lodochka tufli» kabi jargonlar ham uning qiyofasini boʻrtiq aks ettirishga xizmat qiluvchi muhim detallarga aylanadi. Xullas, professionalizm, varvarizm, vulgarizm, jargon, argo kabi qoʻllanish doirasi cheklangan soʻzlar personaj mansub muhit koloritini ifodalash bilan birga uning nutqini individuallashtirish, ruhiyatini ochish va umumiy qiyofasini yaratishning beqiyos vositalaridir.
Maʼlumki, lugʻatdagi soʻzlar emotsional boʻyoqdorligi jihatidan ham bir-biridan jiddiy farqlanadi. Ayni hol tasvir predmetiga hissiy munosabatni ifodalashda juda qoʻl keladi. Zero, shu tufayli ham tasvir predmetiga munosabatini ifodalash uchun yozuvchidan yangilik yaratish talab etilmaydi – mavjud soʻzlardan maqsadiga eng muvofigʻini tanlash kerak, xolos. Masalan, «Oʻtgan kunlar»dan olingan quyidagi gaplardagi kabi:
«Zaynab boʻzargʻan holatda uyiga yugurib ketdi».
«Kumush baqadek qotib oʻlturgan Zaynabka qaradi».
«Zaynab oʻzining xatosini ongladi va gapuralmay gʻoʻl diradi».
«Zaynab ishini toʻxtatib boʻzraygʻancha Kumushka qarab qoldi».
«Uning bu dovdir gaplari gʻalaba qozonmoqchi boʻlgʻan Kumushni dovdiratti».
«Zaynabning bir yarim qarich osilib ketkan qovoq-du dogʻi...»
Endi oʻylab koʻring: A.Qodiriy kursivda berilgan soʻzlarni Kumushga nisbatan ishlatishi mumkinmi? Komil ishonch bilan aytish mumkinki, yoʻq. Chunki ularga munosabati bir xil emas. Shu bois ham, masalan, kundoshi Margʻilonga ketmasligini bilgan Zaynab haqida qovoqdudogʻi bir yarim qarich osilib ketkan desa, Otabekning ikkinchi bor uylanishiga «rozilik» berayotgan Kumushni «Fuzuliy taʼbiricha, sebi zanaxdoni negadir qizarib, novaki mijgoni koʻz yoshlari bilan juftlangan haligi pari edi» deya taʼriflaydi. Shunga oʻxshash, ikki kundosh orasida halak Otabekdan xafa boʻlgan chogʻdagi holati haqida «koʻzi uyqudan qolgʻan kishilarning koʻzidek qi zargʻan» edi deyish bilan cheklanadi-da, suhbat davomida bir joyda «koʻzida bir turlik gʻiltillash bor»ligini, boshqa bir oʻrinda «koʻziga jiq yosh toʻlgʻan»ini qayd etadi. Insof bilan aytganda, har ikki personaj ham oʻsha holatda xafa boʻlishga haqli, biroq oʻquvchi Zaynabga boqqancha «qovoq-tumshugʻi nimasi?!» deya gʻashlansa, Kumushning dardiga hamdard boʻladi-qoladi. Sababi ularni tasvirlash uchun tanlangan soʻzlarda, oʻsha soʻzlarda mujassam topgan hissiy munosabatning oʻquvchiga «yuqtirilgani»da.
Xulosa oʻlaroq taʼkidlash kerakki, soʻzning nominativ tasviriyligi va ifodaviyligi badiiy adabiyotdagi har qanday obrazning asosi, javhari demakdir. Ayni hol badiiy adabiyotni «soʻz sanʼati» deya taʼriflashga izn beruvchi bosh omil sanaladi. Soʻz badiiy adabiyotdagina oʻzining asliga – obrazli tabiatiga qaytadi, olamni toʻlaqonli aks ettirish, tasavurimizda uni qayta yaratishga xizmat qiladi. Soʻzning bu boradagi imkonlari benihoya keng, mavjud imkonlarning qay darajada roʻyobga chiqishi esa, tabiiyki, soʻz sanʼatkorlarining mahoratiga bogʻliq. Shu jihatdan adabiy ijod zargar mehnatiga monand: zargar olmos qirralarini ochib gavharga aylantirgani kabi, adibu shoirlar soʻzdagi maʼno qirralarini jilolantirib obrazga aylantiradilar.
2018 yil
Ulugʻlarimiz yodi
Бадиий нутқ миллий тил базасида воқеланади. Ёзувчи миллий тилдан фойдаланар экан, умумодатланилган нормадан оғади (яъни тил унсурларини одатдагидан ўзга шакл, маъно, тартиб, муносабат ва ш.к.ларда қўллайди) ва бу «оғиш»дан маълум бадиий-эстетик мақсадни кўзлайди. Бу хил оғишлар тилнинг турли сатҳларида – фонетик, морфологик, лексик, семантик, синтактик сатҳларда кузатилиши мумкин. Жумладан, лексик сатҳдаги нормадан оғиш ёзувчининг миллий тил базасидаги лексик воситалардан фойдаланишида кўринади. Миллий тил «омбори»даги сўзлар қўлланиш фаоллиги жиҳатидан ҳам, тасвир ва ифода имкониятларига кўра ҳам бир-биридан фарқланади. Яъни бу ўринда гап тилдаги сўзларга табиий равишда хос бўлган услубий-экспрессив хусусиятлар ҳақида бормоқдаки, улар ижодкорга «сўз танлаш» ҳисобигагина ифодавийлик ва тасвирийликни кучайтириш имконини беради. Сўздаги мазкур хусусиятлар уни ноодатий лисоний муҳитга олиб кирганда, бошқача айтсак, сўз қўллашда одатий «нормадан оғилганда» намоён бўлади. Сўз қўллашдаги нормадан оғишда аниқ бадиий-эстетик мақсад кўзда тутилиши, яъни бунда атайинлик моменти устуворлигини таъкидлаш зарурки, айни шу жиҳати уни шунчаки «хато»дан фарқлайди. Сўз қўллашдаги нормадан оғишларда кузатилувчи бадиий-эстетик мақсадлар қуйидагича умумлаштирилиши мумкин: 1) давр руҳини акс эттириш; 2) жой колоритини бериш; 3) персонаж нутқини индивидуаллаштириш; 4) тасвир предметига муносабатни ифодалаш.
Тарихий мавзудаги асарларда тасвирланаётган давр руҳи (колорити)ни акс эттириш мақсадида эскирган сўзлар – архаизм ва историзмлардан фойдаланилади. Луғатда таркибидаги эскирган сўзлар кундалик мулоқотда қўлланмайди, уларнинг кўплари ўқувчи омманинг катта қисмига тушунарсиз экани, изоҳ талаб қилиши ҳам маълум. Бироқ тарихий мавзудаги асарларда уларнинг қўлланиши заруратга айланади. Зеро, уларнинг иштирокисиз давр ҳаётини, унда юз берган воқеаларни акс эттиришнинг имкони йўқ. Дейлик, ўз асарида ўн бешинчи аср воқелигини тасвирлаётган ижодкор, табиийки, ўша даврга хос реалияларни тасвирлаши лозим. Буни эса ўша даврга хос бўлган нарса-буюмлар, ҳодисалар, тушунчаларни ифодаловчи сўзларсиз амалга оширишнинг имкони йўқ. Масалан, «Навоий» романида шоирнинг ижодга киришиши қуйидагича тасвирланади: «Олтин довот ичидан қаламни олди. Сиёҳга озгина сув томизди. Қалам эркин ва дадил юрди». Аввало, бу ўринда жараённинг реалистик ҳақиқатга монанд тасвирланганига диққатни қаратиш жоиз: Навоий аввал довот – сиёҳдондан қаламни олади, сўнг сиёҳ (довотдаги ранг)га сув қуяди, (кейинги ҳаракат англашилади: довотдаги сиёҳга тегизиб олинган) қалам қоғоз устида дадил юра бошлайди. Тасвирланган жараённинг амалга ошишига хизмат қилган ёзув асбоблари ҳам, ёзув ашёлари ҳам ҳозир истеъмолда эмас, уларни ифодаловчи сўзларни эса ўқувчиларнинг каттагина қисмига изоҳсиз тушунарли эмас. Шунга қарамай, Навоийнинг қай тарзда ёзганини ўша сўзларсиз тарихий жиҳатдан ҳаққоний тасвирлаб бўлмайди.
Тарихий сўзлар персонажларнинг ташқи кўринишига оид муҳим деталлар, хусусан, энгил-бошини тасвирлашда ҳам ғоят муҳим. Масалан, «Навоий» романидан олинган бошқа бир парча ўқувчи кўз ўнгида жангга отланган султонни гавдалантиради: «Мулозимларининг ёрдами билан Ҳусайн Бойқаро эгнига совут, бошига дубулға кийди. Қини олтин ва ранго-ранг қимматбаҳо тошлар билан ишланган, ажойиб нафис санъат намунаси бўлган қилични тақди. Яна шундай чиройли садоғини осди. Ўқ-ёйни тақди». Айни шу сўзлар лашкар муттасил юришларда ёки юришга тайёр ҳолатда бўлган давр манзаралари тасвирида ҳам қўл келади: «Ҳар ёқдан тўда-тўда отлиқ сипоҳи лар – навкарлар келади. Отлар ўйноқлаб кишнайди, туғ лар ҳилпирайди. Қуёшда дубулғалар, совутлар ялтирайди. Бекларнинг кумуш сопли қамчилари, от асбобларидаги кумуш безаклар, қиличларнинг қинларидаги олтин, феруза ва забаржад тошлар кўз қамаштириб ёнади...»
Эътибор берилса, келтирилган мисолларда қўлланган тарихий сўзлар асосан от туркумига мансуб эканини кўриш қийин эмас. Бунинг сабаби – мисолларнинг муаллиф нутқидан олингани. Зеро, воқеалар юз бераётган жой (сарой ё кулба; дўкон ё мадраса ҳужраси, бозор майдони ё чоғроққина ҳовли...), унинг иштирокчилари (уст-боши, машғулоти...) кабилар билан боғлиқ тафсилотлар муаллиф нутқида ўз ифодасини топади, яъни бунда сўзнинг номинатив томони муҳимроқ. Персонажлар нутқида эса эскирган сўзларни қўллаш билан бирга тарихий давр услубий хусусиятларини ҳам акс эттириш зарурати юзага келади. Мисол тариқасида ғалаён кўтарган шаҳар аҳлини тинчлантириш учун Ҳиротга отланаётган Навоийнинг Ҳусайн Бойқарога айтган гапини олиб кўрайлик:
«– Кўнгилга шундай муқаррар бўлдиким, дорилхало фат фуқароси қошига етгач фақир уларни ҳеч нарса билан қувонтирмоқдан ожиз қолурмен. Мақсадимизни равшан қилиб айтсак, бизни фармони ҳумоюн билан сараф роз қилсангиз экан».
Аввало, бу ўринда сарой этикетига қатъий риоя қилинаётгани, Навоий подшоҳга мурожаат қилаётганини бир он бўлсин унутмаётгани кўрилади. Шу боис ҳам у «фармон беринг» демайди (у ҳолда подшоҳ амрини бажариш учун шарт қўйган бўлиб чиқади), балки буюкларга хос фармон (фармони ҳумоюн) билан бахтиёр (сарафроз) қилишини тилайди. Шунга ўхшаш, ғалаён кўтарганлар қошига қуруқ қўл билан бориш фойдасиз дейиш (бу ҳолда подшоҳ жаҳлланиши мумкин) ўрнига уларни қувонтиришдан ожиз қолурмен (яъни мен ожиз, Сизнинг қўлингиздан келади) дейди. Шу гаплардан сўнг Ҳусайн Бойқаронинг «Мазмуни қандай бўлмоғи керак?» деб сўрашида фикр шу йўсин ифодаланганининг таъсири жуда катта. Жавобан яна ўша йўсинда Навоий айтадики: «Шул мазмундаким, фармони олийнинг ҳар бир сўзи кўнгилларга қуёшдек ҳаёт бағиш лагай. Ҳар бир нуқтасида, қаторида дарё пинҳон бўлгани каби, сизнинг дарёи адолатингиз жилвалангандай. Яна у фармонда шундай сўзлар бўлмоғи керакким, улар золим, мунофиқ амалдорлар, улус молини ғасб этувчилар бошига сангборон бўлиб ёғилгай». Кўриб турганимиздек, Навоийнинг бу сўзларида аввалги гапидаги фикрлар янада кучайтириб ифодаланади, бундай вазиятда адолатли подшоҳ фармони мазмунан қандай бўлиши кераклиги сарой одоби доирасида уқтирилади. Эътибор берилса, бунда тарихий сўзлар (улус, ғасб этувчилар, сангборон)ни қўллаш билан бирга фаол истеъмолдаги сўзларнинг давр услубига мос тарзда (фармони олий, дарёи адолатингиз) боғлангани, сўзларнинг эскирган шакллари («ким» боғловчиси, «шул» олмоши), эски сўзшакллар (бағишлагай, ёғилгай) ҳам муҳимлигини кўриш қийин эмас.
Таҳлиллардан аён бўляптики, тарихий сўзлар ва морфологик бирликлар тасвирланаётган давр кишилари нутқини аслига монанд қайта яратиш воситаси сифатида ўқувчи тасаввурида ўтмишнинг тўлақонли ва ҳаққоний манзараларини жонлантиришда муҳим аҳамият касб этар экан. Шунингдек, кўриб ўтилган мисоллар бадиий нутқ тасвир воситасигина эмас, айни пайтда, тасвир предмети ҳам эканлигини ёрқин намоён этади.
Адабий тилда кам қўлланилувчи диалектизмлар бадиий асарда жой колоритини бериш учун ишлатилади. Ўзбек тилида сўзлашувчилар тарқалган ҳудудларда умуммиллий хусусиятлар билан бир қаторда ўша ҳудуд кишиларигагина хос бўлган жиҳатлар (урф-одатлар, тасаввурлар, ақидалар, нарса-буюмлар ва ҳ.к.) ҳам мавжудки, булар биринчи галда шева тилида ўз аксини топади. Шундай экан, асарда тасвирланаётган ҳудудга хос бўёқларни бериш, унда ҳаракатланаётган персонаж характерини тўлақонли бадиий талқин этиш учун табиий равишда диалектизмлардан фойдаланиш зарурати юзага келади. Масалан, Н.Эшонқулнинг «Уруш одамлари» қиссаси воқеалари ҳозирги Қамаши туманининг Терсота қишлоғида, урушнинг охирги йилида кечади. Аввало, айтиш керакки, қисса бир ўқишдаёқ ўқувчи кўнглига чиппа ёпишадиган, уни бефарқ қолдириши мумкин бўлмаган асарлардан. Албатта, қиссада кескин драматизмга йўғрилган ҳаётий ҳолатнинг қаламга олингани, уруш аталмиш оламий фожианинг кичик бир қишлоқ аҳли ҳаёти мисолида акслантирилгани бунда ҳал қилувчи аҳамиятга эга. Айни пайтда, ўқувчининг асар руҳига кириши, бетакрор феъл-сажияли терсоталикларга ҳамдарду ҳамнафас бўлиб қолишида унинг тили ҳам ғоят муҳим. Қиссани ўқиганда «халқ руҳи тилда акс этади» деган гапнинг шунчаки лутф эмаслигига амин бўлади киши. Илк саҳифаларда эшитилган – Норматнинг урушдан қайтиши муносабати билан уюштирилган тўйчиқдаги ёш болалар кураши қўзғаган шавқу тарафкашлик ифодаси бўлмиш луқмалар, пардали ё беҳаё эканига ҳукм қилишга шошиб қолинадиган тагдор ҳазиллару қочиримлар – бари содда самимиятдан, халқоналикдан дарак. Курашда ғолиб болакай қўллаган усулнинг мана бу тарзда олқишланиши ҳақида ҳам шундай дейишга тўла асос бор: «Ҳалол! – бақириб юборди Шариф чавандоз. – Буни йиқитиш дейдида! Уккағарди ули, чоржетим-ей, дустаман қилди-я!.. Ҳой Хайруллобой! – ташқарига бўй чўзиб чақирди. – Полвондинг жилигини опкелинг...»
Эридан кейин Бийди момо эркагу аёл вазифасини зиммасига олганини таъкидлаб «У ўроқ ўрар, ўтин ёрар, беда ташир, буғдой янчар, тегирмон тортар, оғил тозалар, нав батида мол боқар ... эди» дейилади. Бу ерда навбатида мол боқмоқ деганда Терсота турмушига хос тушунча – қишлоқ чорвасини навбат билан ҳар кун бир хонадон вакилининг боқиши назарда тутиляптики, навбати келганда Бийди момо ҳам подачилик қилгани айтилмоқда. Ёки бошқа бир ўринда Бийди момо «сарғайиб кетган жунни олдидаги тароқдан ўтказиб олмоқда эди» дейилади. Бунда «тароқдан ўтказиш» – жунни ипга айлантириш жараёнидаги бир босқични англатади, яъни Бийди момо турмушида чорва кенг ўрин тутган терсоталик аёллар учун одатий машғулот билан банд экан. Эътибор берилса, келтирилган парчаларда умумистеъмолдаги «навбат» ва «тароқ» сўзларининг шевага хос маънолари актуаллашгани кўрилади.
«Нормат ҳаётининг Келдиёр сўпи билан туташ қисмига гўнг таший бошлади» деган жумлани ўқиганда беихтиёр «ҳаёт» сўзининг терсоталиклар шевасида англатадиган «томорқа, боғча» маънолари билан адабий тилдаги маъноси орасидаги алоқа қандайлигини ўйлаб қоласан. Энг аввал «пешана тери билан нон топиб емоқни ҳаёт деб билганлар-да!» деган ўй келади-да, шу хулосада тақ тўхтаб қолишни истаб қоласан. Ёки ўлимини бўйнига олиб қўйган Анзиратнинг «Агар мен думалаб кетсам, Холмат билан Ҳожар ҳоварда қолмасин, опажон...» дея зорланиши-чи?! Аёл «ўлсам» демайди – «думалаб кетсам» дейди: тоғдан тубсиз жарликка думалаганча гўё йўқликка сингиб кетган тошга менгзайди ўлимни. Сағирларим қаровсиз қолмасин демайди, йўқ, «ҳовар»да – кимсасиз бир майдонда қолишмасин дейди. Қаранг, оддий одамлар нутқида поэзия бор: фикрлашларида образлилик, метафориклик кузатилади. Бу ҳол эса уларни қадим аждодлар билан боғлаб турган томирлар ниҳоятда бақувват эканидан, ўзларининг аслига – табиатга яқинлигидан далолатдир.
Шевалар адабий тилнинг сўз хазинасини тўлдирадиган энг бой манба саналади. Боиси, шевада адабий тилдаги кўплаб сўзларнинг муқобили бор. Масалан, «Уруш одамлари»нинг ўқувчиси Бийди момо келинларини «Бир вақтлари ўн бешталаб инакка ўзим қарагич эдим...» дея ёзғирганида «инак» «сигир», Нормат шу кампирга «жездам тушингизга кирдими» дея ҳазилнамо сўз қотганда эса «жезда» «почча» маъносини беришини билади. Шу ўринда бир нарсани таъкидлаш зарур: бадиий адабиёт миллий тилимиздаги сўз-жавоҳирларини асраб-авайловчи хазинабон вазифасини ўтайди. Сабаби, адабий тил нормаларининг оммалашишига мос ҳолда шева хусусиятларининг камайиши кузатиладики, бу қонуният мақомидаги ҳодисадир. Айтайлик, Н.Эшонқул «Уруш одамлари»ни ўттиз йиллар илгари ёзган бўлса, ўша вақтлар терсоталиклар тилида қўлланган кўплаб сўзларнинг ҳозирда истеъмолдан чиққани, унутилган бўлиши тайин. Демак, ижодкор ўзи мансуб шева хусусиятларини оқилона меъёр даражасида ва моҳирлик билан акс эттирса уларни мангуликка муҳрлаган бўлади. Бунинг аҳамиятини эса, масалан, қиссада қўлланган ўшак, ўшакчи сўзлари мисолида кўриш мумкин. Дастлаб, Бийди момо «Турсуной гуж-гужни ўшакчилиги учун ёқтирмаслиги» ҳақида хабар топганида, ўқувчи Турсунойнинг феъл-амалидан келиб чиқиб бу сўз «ғийбат қилувчи», «гап ташувчи» каби маъноларни англатишини тусмоллаб билади. Кейинроқ, Нормат Бийди момога «Агар шу мартаям ўшак сурган бўлсанг, келиб сен ялмоғизни отаман» дея таҳдид қилганида эса сўз маъноси бирмунча конкретлашади – унда «ғийбат» маъносининг устуворлиги англашилади. Аён бўладики, тушунчани ифодаловчи асл туркий сўз мавжуд бўлгани ҳолда, ўзбек адабий тилида унинг арабий муқобили ишлатилар экан. Шунга ўхшаш, ўжар қатъият билан Анзиратга ўлим талаб қилиб туриб олган Бийди момога Шариф чавандоз таҳдид-ла дўқ уради: «Айғоқилик қилманг...» Маълум бўлишича, ўзи ҳақ бўлмагани ҳолда битта фикрда қаттиқ туриб олиш «айғоқилик» дейилар экан. Худди шу тушунчани англатувчи бошқа сўз эса адабий тилимизда мавжуд эмас, шу сабабли уни бир неча сўз билан ифодалашга мажбурмиз. Ҳолбуки, агар бу сўз адабий тил мулкига айланса, оммалаштирилса, тилимизнинг ифода имконлари кенгайган бўлур эди.
Ҳар қандай бадиий образ сингари инсон образи – персонаж ҳам конкретлилик хусусиятига эга. Зеро, унинг асоси бўлган реал инсон конкрет давр, ҳудуд ва ижтимоий муҳитда ҳаракат қилади, муайян касб-кор билан машғул бўлади. Табиийки, бу омилларнинг бари унинг нутқида ўз аксини топади. Шу боис ҳам персонаж нутқига хос хусусиятларни қайта яратиш образнинг тўлақонли ва ҳақиқатга мувофиқ бўлишида муҳим шартлардан ҳисобланади. Персонаж нутқининг ўзига хослиги эса энг аввал у қўллаётган сўзларда намоён бўлади. Ўз навбатида, ўша сўзлардан таркиб топаётган нутқ персонаж тасвиридаги муҳим чизгига айланади: маданий-маърифий савияси, дунёқараши, маънавияти, ахлоқи, касб-кори ҳақида маълумот беради. Эпик ва драматик асарларда персонаж нутқини индивидуаллаштиришга алоҳида эътибор берилишининг сабаби шунда. Хусусан, драматик асарларда бунга, айниқса, муҳим аҳамият зарурки, уларда персонаж нутқи инсон образини яратишнинг асосий воситасига айланади. Масалан, Э.Аъзамнинг «Жаннат ўзи қайдадир ёки Жийдалидан чиққан Жўрақул» пьесасини олайлик. Асар қаҳрамони Жўрақул – Домланинг қуйидаги репликасига диққат қилинг:
«Домла (фикридан чалғимай). Йўқ, хоним, сиз гапни чалкаштиряпсиз. Мустақиллик бошқа, озодлик тушунча си бир бошқа, ижтимоий адолат, тенглик ғоялари бошқа! Ахир, миллий мустақил мамлакатда ҳам адолатсизлик, бедодлик ҳукм суриши мумкин-ку. Мисол керакми сизга?.. Билгингиз келса, мен ижтимоий адолат, инсоний тенг лик тарафдориман, холос. Зинҳор-базинҳор кечаги ис тибдоднинг эмас! Қолаверса, одамзод муайян бир ғоядан чарчаса ёки ижтимоий табақалашув, ҳақсизлик ҳаддан ошса, жамиятда мувозанат бузилади. Ана шунда ислоҳот ё инқилоб зарурати туғилиб, мулк қўлдан қўлга ўтади. Ҳув Октябрь инқилоби чоғида шундай бўлган, биласиз».
Аввало, репликадаги гапларнинг мантиқий изчилликда боғлангани, бир-бирини тўлдириб-изоҳлаган ҳолда фикрий бутунлик ҳосил қилаётгани, мазмунида илмий мантиқнинг устуворлиги – бари унинг чинакам (яъни шу асардаги Хоним ёки Турсуний каби эмас) ижтимоиётчи олимга хослигини кўрсатади. Унда ишлатилган сўз ва бирикмаларнинг аксарияти (курсив билан ажратилди) сўзловчи машғул бўлган илм соҳасининг истилоҳларидир. Ҳатто тилимизда фаол қўлланувчи «мустақиллик», «озодлик» каби сўзлар ҳам бу ўринда истилоҳий маънода ишлатилмоқда. Ўқувчи домланинг мустақилликка муносабати теран англанганлиги, айрим ҳамкасбларига хос шиорбозликдан йироқлигини ҳис қилади. Фикри уйғоқ одам сифатида у юз бераётган воқеа-ҳодисаларга нисбатан танқидий мавқени эгаллаган, бироқ мустақилликни ич-ичидан ёқлайди, чунки чинакам олим ўлароқ моҳиятга қарамоқда.
Домланинг хотини Хоним нутқида варваризмлар – ўринсиз қўлланган хорижий сўзлар кўп учрайди. Жумладан, русча сўзлар. Бу шўро даврида айрим қатламларни ўзлигидан узилиб қолишга олиб келган «маданиятли» кўринишга интилиш натижаси: домланинг хонадонида русча сўзлашилган, болалар русча тарбия кўрган. Шу жиҳатдан қаралса, Хонимнинг ўғлига мана бу тарз гапириши муҳит колоритини акс эттирувчи муҳим воситадир:
«Xоним. Ўзингдан кўргин-да, жоник! Униси ўпоқ, буниси сўпоқ дейсан. Папангнинг ҳам жони ачийди-да. Ёшинг ўттизга қараб бораётган бўлса!.. Чарчабсан. Кир, ётиб дамингни ол. Аммашкангга айт, ичкари уйга жой қилиб берсин». Кўряпмизки, Хоним айрим русча сўзларни ишлатибгина қолмайди, балки ўзбекча сўзларни ҳам «руслаштириш»га ҳаракат қилади. Бу эса персонаж маънавий қиёфасига тортилган муҳим чизги – миллий ўзлигини наинки унутган, ундан орланадиган тоифага хос қилиқ. Ўзига «мама» дея мурожаат этган ўғлидан койиниб «Ойи (дегин – Д.Қ.)! Энди «ойи» бўлади, жиннивой! Биров эшитса нима дейди? Булар ҳалиям...» деганида ҳам Хоним фақат атрофдагилар нима дейишининг ташвишини қилади, холос. Миллий ғурур туйғусидан мосуво бу аёлда истиқлол биттагина ўзгариш ясади: илгари ўз нутқини русча сўзлар билан «безаган» бўлса, энди унга «о`кей», «ҳелло», «вери гуд» каби инглизча сўзлар билан зеб беради. Гўё шунинг билан ўзини дунё равишидан бохабар, замонанинг илғор кишилари қаторида ҳис қилади, атрофидагиларга ҳам шуни таъкидламоқчидек бўладики, бу унинг калтабин эканидан далолатдир. Демак, варваризмлар муҳит колоритини бериш билан бирга персонажнинг феъли, маданий-маърифий савияси, маънавий-ахлоқий принциплари, дунёқараши кабилар ҳақида ҳам ишончли маълумот берувчи восита бўлиб хизмат қилади. Шунга ўхшаш, Хонимнинг нутқидаги «бакс», «иномарка», «соққа», «кўкидан ўнта», «лодочка туфли» каби жаргонлар ҳам унинг қиёфасини бўртиқ акс эттиришга хизмат қилувчи муҳим деталларга айланади. Хуллас, профессионализм, варваризм, вульгаризм, жаргон, арго каби қўлланиш доираси чекланган сўзлар персонаж мансуб муҳит колоритини ифодалаш билан бирга унинг нутқини индивидуаллаштириш, руҳиятини очиш ва умумий қиёфасини яратишнинг беқиёс воситаларидир.
Маълумки, луғатдаги сўзлар эмоционал бўёқдорлиги жиҳатидан ҳам бир-биридан жиддий фарқланади. Айни ҳол тасвир предметига ҳиссий муносабатни ифодалашда жуда қўл келади. Зеро, шу туфайли ҳам тасвир предметига муносабатини ифодалаш учун ёзувчидан янгилик яратиш талаб этилмайди – мавжуд сўзлардан мақсадига энг мувофиғини танлаш керак, холос. Масалан, «Ўтган кунлар»дан олинган қуйидаги гаплардаги каби:
«Зайнаб бўзарған ҳолатда уйига югуриб кетди».
«Кумуш бақадек қотиб ўлтурган Зайнабка қаради».
«Зайнаб ўзининг хатосини онглади ва гапуралмай ғўл диради».
«Зайнаб ишини тўхтатиб бўзрайғанча Кумушка қараб қолди».
«Унинг бу довдир гаплари ғалаба қозонмоқчи бўлған Кумушни довдиратти».
«Зайнабнинг бир ярим қарич осилиб кеткан қовоқ-ду доғи...»
Энди ўйлаб кўринг: А.Қодирий курсивда берилган сўзларни Кумушга нисбатан ишлатиши мумкинми? Комил ишонч билан айтиш мумкинки, йўқ. Чунки уларга муносабати бир хил эмас. Шу боис ҳам, масалан, кундоши Марғилонга кетмаслигини билган Зайнаб ҳақида қовоқдудоғи бир ярим қарич осилиб кеткан деса, Отабекнинг иккинчи бор уйланишига «розилик» бераётган Кумушни «Фузулий таъбирича, себи занахдони негадир қизариб, новаки мижгони кўз ёшлари билан жуфтланган ҳалиги пари эди» дея таърифлайди. Шунга ўхшаш, икки кундош орасида ҳалак Отабекдан хафа бўлган чоғдаги ҳолати ҳақида «кўзи уйқудан қолған кишиларнинг кўзидек қи зарған» эди дейиш билан чекланади-да, суҳбат давомида бир жойда «кўзида бир турлик ғилтиллаш бор»лигини, бошқа бир ўринда «кўзига жиқ ёш тўлған»ини қайд этади. Инсоф билан айтганда, ҳар икки персонаж ҳам ўша ҳолатда хафа бўлишга ҳақли, бироқ ўқувчи Зайнабга боққанча «қовоқ-тумшуғи нимаси?!» дея ғашланса, Кумушнинг дардига ҳамдард бўлади-қолади. Сабаби уларни тасвирлаш учун танланган сўзларда, ўша сўзларда мужассам топган ҳиссий муносабатнинг ўқувчига «юқтирилгани»да.
Хулоса ўлароқ таъкидлаш керакки, сўзнинг номинатив тасвирийлиги ва ифодавийлиги бадиий адабиётдаги ҳар қандай образнинг асоси, жавҳари демакдир. Айни ҳол бадиий адабиётни «сўз санъати» дея таърифлашга изн берувчи бош омил саналади. Сўз бадиий адабиётдагина ўзининг аслига – образли табиатига қайтади, оламни тўлақонли акс эттириш, тасавуримизда уни қайта яратишга хизмат қилади. Сўзнинг бу борадаги имконлари бениҳоя кенг, мавжуд имконларнинг қай даражада рўёбга чиқиши эса, табиийки, сўз санъаткорларининг маҳоратига боғлиқ. Шу жиҳатдан адабий ижод заргар меҳнатига монанд: заргар олмос қирраларини очиб гавҳарга айлантиргани каби, адибу шоирлар сўздаги маъно қирраларини жилолантириб образга айлантирадилар.
2018 йил
Улуғларимиз ёди
Dilmurod Quronov