← Dilmurod Quronov
|

«Taassurot»ga yozganlarimdan

Dilmurod Quronov

Maqola · 2018 · «Nazariy qaydlar» toʻplamidan

Olti-yetti yoshlar paytim, u paytlar Oʻsh viloyatining Toshkoʻmir shahrida yashardik. Norin boʻyidagi bu shahar konchilar shaharchasi boʻlib, aholisining katta qismini oʻzbeklar, qolgan qismini boshqa millat vakillari (garchi Qirgʻiziston boʻlsa-da, shaharda qirgʻizlar juda kam edi) tashkil qilar, aholi, asosan, koʻmir konida ishlar edi... Xullas, mahalla kattalari «gap» yer edilar. Dadam gap berganida koʻrganman: nuroniy bir odam «Oʻtgan kunlar»-ni oʻqigan, boshqalar someʼ oʻtirganlar. Keyin dadamdan, onamdan soʻrab bilganman: gap davra aylanguniga qadar roman oʻqib bitirilgan ekan. Esimda qolgani – qora kitob edi, keyin bilsam, romanning oʻsha 1958 yildagi ilk qayta nashri ekan...

Darvoqe, gapda romanni oʻqib bergan odam haqida. U kishi bizga bobo qatori (konchilik mutaxassisligi boʻyicha Toshkentda oʻqib, amaldagi tartibga muvofiq yoʻllanma bilan Toshkoʻmirga ishga yuborilgan dadamiz oʻzlari tugʻilib oʻsgan qishloqdan uylanib, «chilla»larini chiqariboq onamizni olib yana Andijondan Toshkoʻmirga koʻchgan va yosh oila oʻsha kishining xonadonida qoʻshni oʻtirgan ekan. Yaʼni bu odam va kampiri yosh kelinga «qaynota-qaynona»-dek boʻlganlar), shu bois «oppoqdada» derdik. Bu odamni eslasam, koʻz oldimga judayam nuroniy bir chehra keladi. U kishi mahalladagi barcha tadbirlarga ham bosh, chunki «eskicha ilmi» bor, bundaylar esa gʻoyat kamaygan vaqt edi. Andijondan bobom (u kishi madrasa tahsilini olgan, «bosmachi»lik harakatida qatnashgan va shu uchun surgunlarda boʻlgan) yoʻqlab borib qolsalar, ikkalasi koʻp suhbat qurardilar (hozir ular nima haqda gaplashganlarini juda bilgim keladi, lekin u vaqt eʼtibor qilgan emasman, bola ekanman-da). Keyin onamdan eshitganman: oppoqdada asli Toshkentdan, quvgʻinlardan qochib shu yerlarga kelib qolgan. Oʻzi katta mullalar, eshonlar avlodidan... qarindoshlaridan biri hozir Toshkentda katta olim boʻlgan: Muzayyana Alaviya. Xullas, oppoqdada nega gap-gashtaklarda «Oʻtgan kunlar» oʻqib berib yurganini tushungan boʻlsangiz kerak: ziyolilik qon-qoniga singib ketgan-da...

... balki, eshituvchilarni qiziqtirish uchun aytgan boʻlsa aytgandir ham, oppoqdada «Oʻtgan kunlar» haqiqatda boʻlgan voqea, Kumush qabri koʻrsatilgan manzilda bor...» der ekanlar. Hozir oʻylasam, u kishi bunday demagani, romanni oʻqib berganlarida eshituvchilarning shunday tushungani haqiqatga yaqinroq koʻrinadi. Lekin mana bunisi bor gap: eshituvchilar orasida «Toshkentga borib qolsam, Kumushning qabrini ziyorat qilaman» deya astoydil niyat qilganlar boʻlgan...

Yana bir gap: «Oʻtgan kunlar» kino qilinyapti ekan» degan gap chiqqanda oppoqdada juda hayajonlangan, «kinosi chiqsa, Toshkentga borib koʻrib kelaman» deya niyatlangan. Onam rahmatli aytardilar: «oʻzimizga kelishini kutmasdan, Toshkentga borib koʻrib kelaman deyishi bekorga emas ekan, rahmatli sezib qolgan ekan...» Ha, filmni koʻrish u kishiga nasib qilmagan ekan. Vafotidan soʻng koʻp oʻtmay premyera boʻldi...

... ilk oʻqigan kitobim «Oʻtgan kunlar» boʻladi desam, hozir oʻzimga ham yolgʻonga oʻxshaydi. Lekin haqiqatda shunday boʻlgan. Adabiyot bilan tanishuvimning yaxshi asardan boshlanishiga sababchi boʻlganlar: oppoqdada, onam, dadam «gap» berganlarida «Oʻtgan kunlar»ni jon qulogʻi bilan eshitgan someʼlar – hammalarining oxiratlari obod boʻlsin.

2014 yil 14 iyun

Abduqayum Yoʻldoshev. «Parim boʻlsa...» //

Jahon adabiyoti. 2014. №5

Yoshimiz ulgʻaygani sari turmush ikir-chikirlariga boʻy berib, oʻsmirlik paytimizdagi romantikadan kun sayin uzoqlashib, koʻngilni aqlimiz izmiga tamom taslim etib boramiz. Ha, avvaliga bunga quvonib, magʻrurlanib... – har neni tushuntirishga qobil aqlimizga tasannolar aytib boramiz. Keyin birdan nimanidir butkul yoʻqotganimizni, endi taxayyul parvoziga ojizligimizni sezib qolamiz: vujudimizni sogʻinch, koʻngil izmida yurganimiz oʻsmirlik paytimizdagi romantika sogʻinchi egallaydi... Abduqayum Yoʻldoshevning «Parim boʻlsa...» hikoyasi ham, bir jihati, shu sogʻinchdan tugʻilgan, koʻnglida bir lahza boʻlsin shunday sogʻinchni tuyib koʻrganlarga uni ilindim...

«Jahon adabiyoti» jurnali hikoyani «Jahonga boʻylashib» ruknida beribdi, xoʻb qilibdi: birinchidan, yaxshi niyat – yorti mol; ikkinchidan, oʻzimiznikilarni ham yuksak baholashga oʻrganishimiz kerak.

2012 yil 18 dekabr

Ahmad Aʼzam. Roʻyo yoxud Gʻulistonga safar.

– Toshkent: Yangi asr avlodi, 2011.

... bir donishmand «Insoniyat oʻz oʻtmishi bilan kulib xayrlashadi» degan ekan. Bejiz emas, aks holda, undan qutulish mahol: oʻtmish vujudingda yashayveradi. Yaqin oʻtmishdagi hayotimiz haqida koʻp yozildi, oʻqisang, har satridan alam, nafrat silqib turgandek – mualliflari oʻtmishga qaytib olganlar-u, seni ham ergashtirib ketayotgandek... «Roʻyo» ham asli shu mavzuda, faqat muallif buni urgʻulagan emas. Asar qahramoni gʻayrioddiy tarzda Gʻulistonga tushib qoladi-da, undagi tartibotlarni, gʻulistonliklar feʼl-xoʻyini kulib-hayratlanib kuzatadi... Siz-da uning koʻzi bilan kuzatasiz, kulib-hayratlanaverasiz-u, kechagi holingizga kulayotganingizni mudom sezib turasiz. Jiddiy, ogʻriqli masalalardan oʻynoqi-samimiy ohangda ham bahs yuritish mumkinligiga amin boʻlib, qahramonni «tushimmi yo oʻngim?» savoli bilan yolgʻiz qoldirgan holda kitobni yopasiz va... miyangizda shu savol charx ura boshlagan boʻladi: «TUSHIMMIDI Yo OʻNGIM?»

2012 yil 10 noyabr

Nabi Jaloliddin. Xayyom.

– Toshkent: Oʻzbekiston, 2010.

«Sharq yulduzi»da Nabijon romanni «Surat va niqob» nomi bilan eʼlon qilgandi, kitob varianti «Xayyom» deb nomlanibdiki, tarixiy-biografik roman uchun ham, targʻibiy maqsadlar koʻzda tutilsa ham shunisi maʼqulroq. Biroq, nazarimda, roman ruhini uning yana bir – «Oraliq» degan nomi koʻproq ifodalaydi. Sirasini aytganda, muallif badiiy idrok etishga chogʻlangan romaniy muammo ham shu – keskinlashib borayotgan ziddiyatlar olamida «oltin oraliq»ni topish...

... romanni zoʻr qiziqish bilan, maza qilib oʻqidim. Mutolaa davomida ayrim nuqtalarga ayricha diqqat qilganim, xayolda yozilajak taqrizmi yo maqola uchun ayrim chizgilar tortila boshlagani ham bor gap. Rosti, asar haqida nimadir yozishni judayam xohlagandim, boz ustiga, koʻp doʻstlar yozishga daʼvat ham qildilar, lekin yozolmadim. Necha qaytalab astoydil yozishga chogʻlandim ham – boʻlmadi... Shundan beri buning sababini oʻylayman, oʻzimcha topgandekman ham. Oʻylasam, asosiy sabab muallif koʻngildan oʻtkaza olgan hollarni oʻz koʻnglimdan oʻtkaza olmaganim ekan. Axir, Nabijon biz tanigandan beri qahramoni Xay­yom kabi yoʻl izlab kelayotgan, haq yoʻlni goh ijtimoiy kurash maydonida, goh islom bagʻrida, goh eshonlar suhbatida izlagan va, nihoyat, oʻsha «oltin oraliq» sogʻinchi bilan yashay boshlagan odam. Kamina ham «oltin oraliq» maslagiga moyil esam-da, bunga Nabijon kabi iztirobli izlanishlar orqali kelgan emas, bilmadim, oʻzim tabiatan shunga moyil boʻlsam kerak. Aytmoqchimanki, romanning menga yoqqani hammaslaklik tufayli, yozolmaganim esa oʻsha tuygʻularni koʻngilda yashay olmaganimdan...

... istagim, mendagi yuqorida mazkur ojizlikdan mosuvo doʻstlar roman haqida yozsalar edi, qurgʻur, asar shunga arziydi-da!

Dilmurod Quronov