← Dilmurod Quronov
|

Talqin masʼuliyati haqida

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

Adabiyotshunoslik ilmi doirasida talqin atamasi «badiiy talqin» tushunchasi maʼnosida ham, «adabiy asar talqini» maʼnosida ham birdek qoʻllanaveradi. Holbuki, bu ikki tushuncha bir-biridan farqlanadi: ularning birinchisi ijod jarayoni bilan, ikkinchisi adabiy asarni oʻqish (uqish) jarayoni bilan bogʻliq.1 Shundan kelib chiqib, masalan, bitta asarga nisbatan qoʻllangan «talqin» istilohlarining bir xil maʼnoda emasligi ham, ularning bir-biridan farqli boʻlishi ham tabiiy va qonuniyat maqomida deyishga yetarli asos bor. Negaki har ikki holda ham talqin subyektiv xaraketrga egadir.

Albatta, adabiyotshunos ham talqinni oʻquvchi sifatida boshlaydi, yaʼni u ham talqinni talqin qiladi – obrazlar vositasida aks ettirilgan voqelikni tasavvurida qayta yaratadi. Biroq uning talqini shu amalning oʻzi bilan cheklanmaydi, u tadqiq ham etadi. Adabiyotshunos, jumladan, asardagi obrazlarni tasavvurida jonlantirish asosida qayta akslangan voqelikni real voqelik (asarda aks etgan va asar oʻqilayotgan davr voqeliklari) bilan muqoyasa qilish, shu asosda muayyan xulosalar chiqarishga intiladi. Deylik, oʻrganilayotgan asar zamonaviy mavzuda, muallif bilan adabiyotshunos esa bir zamon-u bir muhit kishilari boʻlganda ham, ularning har biri koʻrgan voqelik aynan emas. Xuddi shunga oʻxshash, oʻtmish haqida aynan bir xil manbalarga tayanib hosil qilingan tasavvur ham bir xil boʻlolmaydi. Shu maʼnoda internet tarmogʻida Abudlhamid Ismoilning «Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin» romanidagi talqin yuzasidan bildirilgan eʼtirozlarni ham tabiiy, xuddi Abdulhamid Ismoilning talqini kabi mavjud boʻli­ shi mumkin boʻlgan nuqtayi nazarlardan deb qabul qilish kerak boʻladi. Zero, bu oʻrinda tomonlardan birining haqligiga hukm chiqarish mushkul, faqat har kimning oʻzi toʻgʻriroq deb bilgan talqin foydasiga shohidlik beruvchi asoslarni keltirish bilan cheklanishiga toʻgʻri keladi. Biz ham shunga jazm etdik.

Avvalo, «Jinlar bazmi...» romanidagi muallif Abdulla Qodiriy tilidan berayotgan talqinga mutlaqo qoʻshilib boʻlmasligini taʼkidlash zarur. Gap shundaki, Amir Umarxon kanizi masalasiga «Mehrobdan chayon»da Solih mahdum bahona birozgina toʻxtalib oʻtgan adib uni «Jinlar bazmi...»dagidan tamom oʻzgacha talqin qilgan. Unga koʻra, «Amir Umarxon oxir umrida oʻz saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qoʻyadir. Kaniz yosh boʻlgʻanligʻi va balogʻatka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadir. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, boyagʻi kaniz qiz balogʻatka erishadir va bir husniga oʻn husn qoʻshulib, otaning bolasi boʻlgʻan Madalixonni ham oʻziga oshiq qiladir».2 Yaʼni «Mehrobdan chayon»dagi talqinga koʻra, Umarxon kanizni koʻz ostiga olib qoʻygan-da, balogʻatga yetsa, uylanmoqni niyat qilgan. Yaʼni, garchi biroz kinoya bilan aytilgan esa-da, birisi Solih maxdumning otasi boʻlgan ulamolar hayʼati chiqargan fatvoga «otangiz marhum nikohlanaman deb aytkan boʻlsalar ham, nikohlandim deb aytmaganlar» qabilida dalil keltirilgani bejiz emas.

«Jinlar bazmi...»dagi Abdulla Qodiriy talqiniga koʻra esa, «1235nchi hijriya, sunbula oyining oʻrtalari kallai sahardan karnayu surnay ovozi» Umarxon «Gʻozixoʻjaning goʻzallikda tengi yoʻq qizi Posh­ shaxonni oʻz nikohi shariyyalariga olishlarini shahar fuqaro-yu fuzalosiga eʼlon»3 qiladi. Yaʼni, agar bu talqinga koʻnadigan boʻlsak, u holda Madalixon chindan-da oʻz otasining bevasiga – oʻgay onasiga uylangan, bu bilan Qurʼoni karimda maxsus oyat bilan belgilangan taqiqni buzgan boʻlib chiqadi. Zero, Niso surasining 22-oyatida: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari oʻtgan boʻlsa, (Islom diniga kirishdan avval uylangan boʻlsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch boʻlgan ­yomon qiliqdir», – deyiladi. Bas, agar Umarxon chindan-da Xon­po­sh­shani karnay-surnay bilan toʻy qilib xotinlikka olgan boʻlsa, har qancha iymonini yutgan ulamolardan tashkil topgan hayʼat ham Madalixonning uylanishiga fatvo qilib bermas, berolmas edi. Abdulla Qodiriy ilk romanini yozgan vaqtlaridan boshlaboq oʻziga yaqin tarixga oid manbalar bilan qiziqqani shubhasiz. Xususan, «Mehrobdan chayon»ni yozish oldidan tarixiy manbalarni oʻrganish bilan birga tasvirlanajak voqealar kechgan joylarda boʻlib, ularning jonli guvohlari bilan suhbatlar qurgani ham maʼlum. Oʻgʻlining guvohlik berishicha, adib «…tarixiy asar yozganda biror shaxsning, xoh ogʻzakidir, xoh yozmadir, bergan shohidligiga darhol ishonaverish boʻlmaydi, uni obdan tekshirib, mantiq andozasiga solib, soʻng asarga kiritish kerakkim, kitobxonda eʼtiroz, shubha tugʻilmasin…»4 deb bilgan. Hech shubha yoʻqki, bu gaplarni yozma manbalar va ogʻzaki hikoyalarda bitta voqea haqida turli-tuman, hatto bir-biriga mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarga koʻp bora duch kelgan odam aytgan. Shunday boʻlsa, uning «Mehrobdan chayon»dagi talqinni ham, «Jinlar bazmi...»dagi talqinni ham asoslovchi ogʻzaki va yozma maʼlumotlarni «mantiq andozasiga solib» koʻrgach, ulardan birin­chisini tanlashi haqiqatga yaqinroq koʻrinadi.

«Jinlar bazmi...» romanidagi talqin koʻproq Hakimxon toʻraning «Muntaxab at-tavorix» asaridagi talqinga tayanadi. Abdulla Qodiriyning ushbu asar bilan tanish boʻlganiga dalolat qiluvchi ­ishonchli shohidliklar mavjud.5 Bu oʻrinda adibning ushbu asar bilan qachon tanishgani ham, albatta, muhim ahamiyat kasb etadi. Mavjud guvohliklar adib asar bilan «Amir Umarxonning kanizi» romaniga material izlash jarayonida tanishgan degan xulosaga yetaklaydi. Agar shunday boʻlsa, «Mehrobdan chayon» yozilgan vaqtda adib voqeaning bu tarzdagi, yaʼni «Umarxon Xonposhshani toʻy qilib sharʼiy nikohiga olgan» degan talqini ham mavjudligidan bexabar boʻlgan deb oʻylashga asos bormi? Fikrimizcha, yoʻq. Agarki oʻz vaqtida bunday talqin yozma manbalarga kirgan ekan, u ogʻizdan ogʻizga koʻchib yashagan boʻlishi ham hech shub­ hasiz. Demoqchimanki, «Mehrobdan chayon» yozilgan vaqtda adib «Muntaxab at-tavorix»ni oʻqimagan boʻlishi mumkin, lekin voqea­ning undagi kabi talqinidan ham xabardor boʻlgan. Agar shu ehtimolni qabul qilsak, u holda nega bunday talqin «Mehrobdan chayon»ga kirmay qoldi degan savol koʻndalang keladi va buning eng ishonchli javobi yozuvchining yuqorida keltirilgan fikridan kelib chiqadi: yozuvchi uni ongli ravishda «mantiq andozasi»ga rost kelmaydi deb bilgani uchun kiritmagan!

Tarixchi E.Xurshutning fikricha, Abdulla Qodiriy yangi romaniga tayyorgarlik jarayonida tanishgan yozma manbalar orasida «eng nodiri va mukammali boʻlmish «Muntaxab at-tavorix» kitobi, shubhasiz, yozuvchining alohida diqqatini oʻziga jalb qilgan», negaki uning muallifi adib «oʻz romanida aks ettirmoqchi boʻlgan davrga zamondosh boʻlibgina qolmay, balki unda kechgan jami voqealarning faol qatnashchisi ham edi. Buning ustiga, u Abdulla Qodiriyning boʻlgʻusi romani qahramonlari bilan shaxsan tanish edi. Shu aytilganlarga koʻra, adib roman uchun material toʻplar ekan, tarixiy manbalar orasida «Muntaxab at-tavorix»ni alohida ajratib, unga suyanib ish koʻrgan boʻlishi tabiiy. Bu kitob yozuvchiga eng qimmatli hujjatli materiallar manbai boʻlib xizmat qilgan».6

Fikrimizcha, E.Xurshutning bu fikrida «oshkoralik» davrining ruhi yaqqol sezilib turadi: nimaiki avval ommaga maʼlum boʻlmagan esa – yaxshi, xuddiki u ayni haqiqatdan soʻylaydi. Zero, agar shu ruh taʼsirini demasak, muallifining subнektiv nazari yaqqol koʻzga tashlanib turadigan bu asarni «mukammal» deb baholashga boshqa sabab koʻrilmaydi. Aksincha, unda tarixiy voqealarning xolis va haqqoniy yoritilganiga shubha uygʻotadigan holatlar koʻproq koʻrinadi. Avvalo, «Muntaxab at-tavorix» muallifi – Madalixondan jabr koʻrgan, u tufayli yurtidan chiqib ketishga majbur boʻlgan odam. Yana bir muhim jihati, asar Buxoro amiri qoʻl ostidagi hududda – Kitob va Shahrisabz shaharlarida, Qoʻqon xoni Madalixon inisi-yu ikki oʻgʻli bilan birga qatl qilinganidan bir yil oʻtib-oʻtmayoq yozib tugatilgan. Shu oʻrinda tabiiy bir savol tugʻiladi: Buxoro hukmdorini Qoʻqonga yurish qilmoqqa daʼvat etgan «oqsuyak»lardan biri, Madalixondan jabr, amir Nasrullodan esa himmat-u himoyat koʻrgan Hakimxon toʻra xolis boʻla olarmikan? Buning ustiga, hamon amir Nasrullo qoʻl ostida boʻlsa! Yana «yegan ogʻiz uyalar» qabilida amirning yurishini nafaqat oqlash, balki islom himoyasi uchun boʻlgan deya ulugʻlashi kerak boʻlsa! Yaʼni muallif qarshisida koʻndalang turgan siyosiy maqsad Madalixonni shunday tasvirlashni taqozo etardiki, toki oʻqigan odam uning «tuxmini quritgan» amir Nasrulloga tahsinlar aytsin – bu maqsad oldida ikki xonlik orasidagi urushning tub sabablari ham, tarixiy haqiqat deganlari ham oʻtaversin. Xullas, bu oʻrinda «tarixni gʻoliblar yozadi» tamoyili toʻla amal qilgan koʻrinadi. Tamsil kerak boʻlsa, ana, yaqin tariximizni eslang: hali oʻtganiga qirq yil ham toʻlmagan Sharof Rashidov haqida nelar deyilmadi...

Xullas, «Amir Umarxon kanizi» tarixini qanday tushunishi, oʻzining bu hodisaga yondashuvini Abdulla Qodiriy «Mehrobdan chayon»da ifodalab bergan. Shunday ekan, adib nomidan, yaʼni uning obrazi tilidan bunga tamom zid talqinni oldinga surish uning xotirasiga hurmatsizlik boʻlib qoladi. Toʻgʻri, Abdulla ­Qodiriy adib sifatida ham, mushtumchi jurnalist sifatida ham milliy turmushimizdagi illatlarni beayov tanqid qilgan, xonliklar davrini «tariximizning eng chirkin, eng qora» davrlari boʻlganini, xalq taʼrifida «u zamonlar «musulmonobod» boʻlsa-da», gʻayrimashru ishlarning ham gʻoyat koʻpligini eʼtirof etgan. Shunga qaramay, adib «Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin» romanidagi kabi internetda «oʻzbekcha taxt oʻyinlari» deya baholanayotgan talqinlarga, aminmizki, qoʻshilmagan boʻlur edi. Axir, el nazdida turgan xon tap tortmay otasining bevalaridan biriga uylansa, ikkinchisini zoʻrlasa; haramdagi oʻnlab koʻzlar nishonidagi saida Xonposhsha esa goh Muhammad Sharif bilan, goh ingliz Konnoli bilan don olishsa... – bularni adib aytgan «mantiq andozasi»ga aslo solib boʻlmaydi.

Izohlar

  1. Қаранг: Қуронов Д. Талқин имконлари. – Тошкент, 2015. – Б.13.
  2. Қодирий А. Меҳробдан чаён. – Тошкент: Шарқ, 2007. – Б.6 – 7.
  3. Исмоил А. Жинлар базми ёхуд катта ўйин. – Тошкент: Академнашр, 2017. – Б.11.
  4. Қодирий Х. Отам ҳақида. – Тошкент, 1983. – Б.205.
  5. Қаранг: Қодирий Х. Отам ҳақида. – Тошкент, 1983. – Б.197 – 205; Хуршут Э. Абдулла Қодирий ва тарихчи Ҳакимхон // Шарқ юлдузи. 1987. №4. – Б.198 – 200; Воҳидов Ш. Ҳакимхон тўра ва унинг «Мунтахаб ат-таворих» асари // Муҳаммадҳакимхон тўра. Мунтахаб ат-таворих. – Тошкент, 2010. – 716 б.
  6. Хуршут Э. Абдулла Қодирий ва тарихчи Ҳакимхон // Шарқ юлдузи. 1987. №4. – Б.199.

Dilmurod Quronov