← Dilmurod Quronov
|

Tanqidda xolislik boʻlishi shart

Dilmurod Quronov

Maqola · 2013 · «Zavqimdan bir shingil» toʻplamidan

(Yozuvchi N.Jaloliddin savollariga javoblar)

N.Jaloliddin: Mamlakatimizda kechayotgan bugungi adabiy jarayon haqidagi fikrlaringiz? Sizningcha, milliy adabiyotimiz oʻz salmogʻi va qamrovi jihatidan oldinga ketyaptimi yoki?..

D.Quronov: Nazarimda, bugungi adabiy jarayonning asosiy xususiyati – turfalik. Unda sayoz, oldi-qochdi voqealarga toʻliq yozmalardan tortib to jiddiy badiiy izlanishlar, topilmalarga boy asarlargacha bor. Bu – erkinlik mevasi. Zero, hammani, jumladan, ijod ahlini ham birxillashtirishga intilgan shoʻro davrida buni xayolga keltirib ham boʻlmas edi. Biroq, «har yaxshining bir yomoni bor» deganlaridek, buning ham salbiy tomonlari koʻzga aniq tashlanib qoldi. Jumladan, matbuot nashrlari soni koʻpaygani, kitob chop etish imkoniyatining kengaygani koʻpincha badiiy jihatdan boʻsh asarlarning chiqishiga ham izn bermoqda. Boshqa tomoni, bu tabiiy hol ham: talab bor ekan, taklif boʻlaveradi, bozorning qonuni – shu. Bas, adabiy jarayondagi mavjud holdan zorlanish emas, yaxshi asarlar yozish bilan oʻquvchi uchun kurashmoq kerak. Shu oʻrinda «Nega endi yana «kurashish», kurasha-kurasha shu holga kelmadikmi?» tarzida eʼtiroz boʻlishi mumkin. Bunga izoh zarur. Bilasiz, adabiyotning rivoji uning jamiyat hayotidagi oʻrni, ommaning kitobxonlik darajasi emas, balki badiiy tafakkurdagi oʻsish-oʻzgarish bilan begilanadi. Shu maʼnoda, bugungi adabiyotda, menimcha, oʻsish bor: inson va u orqali jamiyat, umuman, mavjudlik mohiyatini chuqur idrok etish, anglangan haqiqatni yalangʻoch emas, chinakam badiiy obrazlarda ifodalashga intilish shundan dalolatdir. Afsuski, adabiyotimizning yaxshi namunalaridagi bu yutuqlar ommalasha olmayotir, ochigʻi, baʼzan bu yangiliklarga ehtiyojning oʻzi yoʻqday tuyuladi. Sir emas, hozirda televideniye va umuman, vizual sanʼatlar bilan raqobatda badiiy adabiyot oʻzining mavqeini ancha yoʻqotgan. Oʻtgan asrning soʻnggi choragida yurtimizda kitobxonlik darajasi juda yuqori boʻlgan, sababi, maʼnaviy-ruhiy, estetik yoki informatsiyaga boʻlgan ehtiyojni qondirishning asosiy manbai kitob edi. Hozir unday emas: osongina televizor murvati buraladi, vassalom... Men «kurashish» deganda shu holni nazarda tutdim. Bunda koʻpchilikning bir yoqadan bosh chiqarishi zarur. Avvalo, adib va shoirlarimiz «mening ishim asar yozish, uni targʻib qilish mening ishim emas» tarzidagi kayfiyatdan forigʻ boʻlib, «mahsulot»larining sotilishi haqida ham qaygʻurishlari kerak boʻladi. Ikkinchidan, bozor sharoitida adabiy tanqid «reklama» vazifasini yuqori saviyada uddalashi, ommaviy axborot vositalari ham bu ishga bosh qoʻshishlari zarur. Uchinchidan, taʼlim tizimida adabiyot oʻqitishning bosh maqsadi oʻquvchilarda adabiyotga, soʻzga mehr uygʻotish orqali kitob oʻqishga ehtiyojni shakllantirish boʻlmogʻi lozim.

N.Jaloliddin: Bugungi oʻzbek nasri haqida nima deysiz? Qaysi mavzular, anʼanalar, uslublar rivoj topayapti-yu, qaysilari unutib qoldirilyapti?

D.Quronov: Yuqorida bugungi adabiyot haqida aytganlarim, asli, koʻproq nasrga taalluqli. Anʼanalar masalasiga kelsak, menimcha, anʼana hech qachon unutilmaydi, yangi deb taqdim etilayotgan narsada anʼanani koʻrmaslik yoki undagi ayrim jihatlar anʼana boʻlganini unutish mumkin, xolos.

N.Jaloliddin: Sizningcha, oʻzbek adabiyoti qachon tom maʼnoda jahonga chiqadi? Ulugʻ ustozlarimizning yutuqlarini, mehnatlarini inkor etmagan holda, falon tilda falonchining ikkita sheʼri chiqdi yoki bitta hikoyasi bosildi, deya oʻzimizni aldashimizdan naf yoʻq, nazarimda...

D.Quronov: Bu savolda, xususan, «qachon jahonga chiqamiz» deyilganda, menimcha, oʻzimizni bir oz kamsitish, past olishga moyillik bordek koʻrinadi. Biz shundogʻam jahondamiz, yaʼni, oʻzbek adabiyoti ham jahon adabiyotining bir boʻlagi. Aytaylik, dunyoda mashhur asarlarning koʻpchiligi hali oʻzbek tiliga oʻgirilmagan, oʻzbek kitobxonining maʼnaviy mulkiga aylanmagan. Shuni deb ularni «jahon adabiyotiga chiqmagan» desa boʻladimi?! Yaʼni, «jahonga chiqish» deganda sara asarlarimizning jahondagi boshqa tillariga tarjima qilinishi va suyib oʻqilishi nazarda tutilishi mumkin, biroq bu degani bizda hali «jahon talablari» darajasidagi asarlar yoʻq degani emas. Bilasiz, hozir bozorlarda turli mamlakatlardan keltirilgan sarxil mevalar sotilmoqda. Qizigʻi, ularning koʻpi oʻzimizda ham yetishtiriladi. Xoʻsh, nega ular «jahonga chiqqan»-u, biznikilar chiqmagan? Axir, mevalarimizning mazasi, tabiiiyligi ulardan ustun boʻlsa ustun, kam emas-ku?! Demak, buni «jahon»ga anglatish, mahsulotni chiroyli qilib yetkazib berish kerakki, bunda oqsoqlanayotganimiz achinarli. Shunga oʻxshash, bizning asarlarimizni ham birov «jahonga olib chiqmaydi», «oʻzing uchun oʻl yetim» deganlaridek, oʻzimizdan yaxshi tarjimonlar yetishtirshimiz lozim. Toʻgʻri, siz aytmoqchi, ayrim asarlar boshqa tillarga oʻgirilgan. Boshqalarini bilmadim-u, lekin, men rus tiliga qilingan tarjimalarni koʻrib aytamanki, ular juda ojiz. Demak, birinchi masala «kimning asarlari tarjima qilinmoqda» tarzida emas, «qanday tarjima qilinmoqda» tarzida qoʻyilishi lozim.

N.Jaloliddin: Shu maʼnoda adabiyotimizdagi qaysi asarlarni tarjima qilib, jahonga koʻrsatish mumkin, deb oʻylaysiz?

D.Quronov: «Oʻtkan kunlar»ni, Choʻlpon va Oybekning 20-yillardagi ayrim sheʼrlarini... Sanoqni davom ettirish mumkin, lekin shartmi?! Muhimi, tarjimalar biron-bir ijodkorni tanitishga emas, milliy adabiyotimizning yuzini koʻrsatishga xizmat qilsin.

N.Jaloliddin: Menimcha, bizning tanqidchiligimizda xolislik yetishmaydigandek. Goho baʼzi tanqidchilarimiz tarafkashlik qilayotganliklarini ham sezdirib qoʻyishadi. Umuman, sizningcha, yozuvchining shaxsi birinchi oʻrinda turishi kerakmi yoki asari?

D.Quronov: Tanqidda tendensiozlik boʻlishi tabiiy, chunki har kimning didi, badiiy-estetik talablari oʻziga xos. Lekin tanqidda xolislik, samimiyat boʻlishi, adabiyotning foydasi nuqtai nazaridan fikr yuritilishi shart. Shu paytgacha koʻp olimlar bilan bahslashishga toʻgʻri keldi, har vaqt shu prinsiplarga tayanishga harakat qildim. Lekin, beayb parvardigor deydilar, bahs qizigʻida baʼzan bir oz chalgʻigan boʻlishim mumkin. Siz haqsiz, afsuski, ayrim hollarda tarafkashlik boʻlayotgani, tanqidchi munosabatini asarning oʻzi emas, boshqa omillar belgilayotgani sezilib qoladi.

N.Jaloliddin: Tanqidchilikdagi mavjud holni tuzatish uchun nimalar qilish kerak deb oʻylaysiz?

D.Quronov: Badiiy asar turli kishilar tomonidan ham, turli davrlarda ham turlicha tushunilishi mumkin, bas, biz asar haqida bildirayotgan fikr subyektivlikdan xoli emas, u haqda oʻzgacha fikr ham mavjud va u yashashga haqli degan oddiy haqiqatni tan olish; tanqidning vazifasi badiiy didni tarbiyalash orqali adabiyot ravnaqiga xizmat qilish ekanligini nazarda tutgan holda fikrlashning oʻzi, nazarimda, kifoya qiladi.

N.Jaloliddin: Adabiyot bir butunlikdir. Uni falon viloyatga yoki boshqa hududga daxldor hisoblash mumkin emas. Zoʻr sanʼatkorona asar bor va havaskorona mashqlar bor. Asosiy etalon shu. Shunday boʻlsa ham, viloyatimiz ijodkorlari tomonidan yaratilayotgan, yozilayotgan asarlar haqida nima deysiz?

D.Quronov: Yaxshi aytdingiz, «adabiyot – bir butunlik». Biroq «viloyat miqyosidagi adib yo shoir» boʻlib yurgan, asarlari, A.Qahhor aytmoqchi, «Toʻytepadan nariga oʻtmayotgan» ijodkorlar qancha? Men viloyat ijodkorlarini kamsitmoqchi emasman, aslo. Faqat ularning oʻsha «bir butun» adabiyotga joʻrovoz boʻlishlarini, umummilliy adabiyotimiz pardasida ijod qilishga intilishlarini istardim. Afsuski, ayrim ijodkorlarga jurʼatdan koʻra «biz viloyatdanmiz-da» deya oʻzini ovutish, tasalli berish qulayroq koʻrinadi, chogʻi. Hozirgi adabiy jarayonda andijonlik ijodkorlarning mavqei u qadar baland emasligi shundan boʻlsa, ehtimol. Holbuki, isteʼdodlar bisyor, jurʼat va mehnat yetishmayotganga oʻxshaydi...

N.Jaloliddin: Ijodiy rejalaringiz?

D.Quronov: Rejalar ham bisyor. Afsus, ularni amalga oshirishga vaqt doim ham yetmaydi, aniqrogʻi, keyingi vaqtda oʻzimga shunday bahona topishni odat qilyapman, shekilli. Asli, bir oz dangasaroq, hafsalasizroq boʻlib qolganga oʻxshayman. Yaqinroq rejalar haqida aytsam, Abdulla Qodiriy badiiy falsafasi haqida risola, adabiyot nazariyasiga oid qoʻllanma tayyorlamoqchi boʻlib turibman.

2010 yil

Dilmurod Quronov