← Dilmurod Quronov
|

Yangi quvvat manbai qayerda?

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

(OʻzAS gazetasi savollariga javob)

1. Kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir buning aksini tasdiqlaydi. Sizningcha, qay biri haq va nega?

2. Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng koʻp tashvishga soladi? Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yoʻlini koʻrsata olasiz?

3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan kimlarning kitoblarini oʻqidingiz? Qaysi asar sizga maʼqul keldi-yu, qaysi asardan koʻnglingiz toʻlmadi? Buning sabablari nimada?

Mazkur anketa yordamida bugungi adabiy jarayonning yutuq va kamchiliklari haqida bir qur fikrlashib olsak, foydadan xoli boʻlmas. Axir, aytadilar-ku: «Kengashli toʻy tarqamas», – deb. Shunday ezgu niyat ila anketamiz savollariga navbatdagi javobni eʼtiboringizga havola etayotirmiz.

1. Aslida, shunaqa qarama-qarshi fikrlarning boʻlishi tabiiy va bu hol, menimcha, adabiyotdagi holat bilan emas, koʻproq inson tabiati bilan bogʻliq tuyuladi. Qulogʻingizga tushgandir, el ichida gohida «falon-u falonlardek adib-u shoirlar oʻtib ketdi-ya, endi undaylar tugʻilmasa kerak» qabilidagi gaplar eshitilib qoladi. Ayonki, bunday gaplarni aytuvchilar nazdida, bugungi adabiyotimiz judayla tanazzul boʻlmasa ham, eng kamida depsinish, turgʻunlik holatida ekani shubhasiz. Ularni ham tushunsa boʻladi. Negaki kishi yoshlikda muhabbat qoʻygan adib-u shoirlarning dard-u quvonchlari, orzu-intilishlari oʻziga yaqinligi bois ularning asarlarini teran tushunadi, yutoqib oʻqiydi – alaloqibat ularga sidqidildan ixlos qoʻyadi. Vaqt esa beayov oqib boradi: yangi isteʼdodlar maydonga chiqadi, ularning minglab qalblarda aks sado bera boshlagan dard-quvonchlari, orzu-intilishlari esa, ajabki, unga begonadek, tushunarsiz boʻlib boraveradi. Xullas, bunday sharoitda avvalgilarning bugungi adabiyotda kamida depsinish, keyingilarning esa yuksalish bor deb bilishlari hech ajablanarli emas.

Umuman olganda, bugungi adabiyotda yuksalish borligiga shubha qilmayman. Biroq bu yuksalish, nazarimda, 60-yillarda boshlangan va 80-yillarga yaqin kuchli tezlanish olgan yuqoriga harakatning inersiya kuchi taʼsiridagi davomi, xolos. Shunga koʻra, muammoni biroz boshqacharoq qoʻyish kerakka oʻxshaydi:

Yaqin oʻtmish adabiyoti berib turgan quvvat manbai yana qanchaga yetarkin? Adabiyot, umuman, badiiy tafakkur rivojini taʼminlovchi yangi quvvat manbalarini ocha bilamizmi? Hozirgidek «oqqan daryo oqaveradi» degan oʻyda xotirjam oʻtiraversak, oʻsha daryo irmoqlariga suv berayotgan buloq koʻzlari yopilib ketmasmikan? Xudo koʻrsatmasin, ertaga behisob xazina ustida oʻtirganini ham fahmlamayotgan gado holiga tushib qolmaymizmi?..

2. Nazarimda, eng katta muammo – hozirgi adabiyotning oʻquvchini boy bergani. Albatta, buning turli-tuman sabablari bor: televideniye, internet rivoji, kitob nashri va savdosi tizimining izdan chiqqani-yu bozor sharoitiga rostmana moslasha olmayotgani... Unday desak, qirqqa kirmay qirqdan ziyod kitobi (kattagina tirajlarda!) chop etilgan adiblar, yiliga uch-toʻrttadan toʻplamini armugʻon etayotgan shoirlar ham bor-ku! Endi kitob muqovalaridan viqor bilan boqib turgan shu adib-u shoirlar yoniga «qirq yildan beri qalam surib kelaman, uyushma kitobimni chiqarib berarmikan», «nashriyot hisobidan kitobimni chop etsangiz» mazmunidagi arizalari bilan turli idoralar ostonasiga behuda bosh urib yurganlarni qoʻyib boqing. Yoʻq, bu holni birinchi toifa yaratgan asarlarning «ommabop», ikkinchi toifaning yozganlari «yuksak adabiyot»ga daxldorligi bilangina izohlab boʻlmaydi. Bas, oʻzini «yuksak adabiyot»ga doxil sanovchilar avom didi-yu istaklariga moslashayotgan ijodkorlar, ularning qoʻlma-qoʻl boʻlayotgan «tanqiddan tuban» asarlarini har qancha soʻksinlar, bu nav adabiy mahsulotni isteʼmol qiluvchilardan har qancha nolisinlar – hech narsa oʻzgarib qolmaydi, oʻquvchi uchun kurashmoq kerak. Oʻquvchini jalb etishning birlamchi sharti esa oʻqishli asar yozish. Faqat oʻqishlilik avom didiga moslash emas, balki hayotning teran badiiy idroki, inson qalbiga chuqur kirib borish-u badiiy mahorat hisobiga taʼminlanishi darkor. Ikkinchidan, bozor sharoitida yashayapmiz ekan – «zamon senga boqmasa, sen zamonga boq» deydilar – bozorchasiga yashash ham kerak. Yaʼni bozorga mol olib chiqar ekansiz, «Kep qoling, op qoling!..» – deya tomoqni zoʻriqtirishingiz ham zarur boʻladi. Aytmoqchimanki, «yuksak adabiyot»ni kimdir birov targʻib-u tashviq qilib bermaydi – mualliflar oʻzlari bunga yeng shimarib kirishmogʻi darkor. Qalam ahli rasmiy taklif yo alohida tayyorgarlik – poyandozlar, guldastalar, yakundagi sovgʻa-salomlar-u ziyofatlarni kutmay, oʻquvchi omma ichiga kirib borishi – yonib sheʼr oʻqishi, yozgan asarlari haqida oʻquvchi bilan fikr almashishi, ularning qalbiga yoʻl topishi-yu ularga yuragini ochishi hozir judayam kerak. Agarda «mening vazifam – yozish» deya gʻoʻddaygancha qolinsa, hademay bundan-da ayanch ahvolga tushishimiz ehtimoldan yiroq emas... Zero, kun sayin mutolaa madaniyatidan mosuvo boʻlib borayotgandekmiz: Abdulla Qahhorning «Bemor»ida daxriylik kashf etilayotgani, Abdulla Oripovning «Qachon xalq boʻlasan, ey sen, olomon?!» degan olovli misrasi sheʼr kontekstiga tamom koʻz yumgan holda «kommunistik gʻoyalarga shilta satr» deya talqin qilinishini maʼqullab «layk»lovchilar paydo boʻlayotgani shuning nishonalaridek koʻrinadi menga. Darvoqe, ilgarilari badiiy asarni ijtimoiyotdan kelib chiqib tushunish va baholashni «vulgar sotsiologizm» deya soʻkish urfda edi, yuqoridagi holni «vulgar nimaizm» desak boʻladi?!.

3. Mutaxassis sifatida oʻqishdan koʻra qayta oʻqish, diqqat bilan oʻqish kabi amallar bilan koʻproq band boʻlarkan odam. Shu jihatdan, masalan, Xurshid Doʻstmuhammad asarlarini bir sidra qayta oʻqidim, «Donishmand Sizif»ni ikki-uch qaytardim desam boʻladi. Yozuvchining Gʻarb bilan ijodiy bahsi haqida bir nima yozmoqni niyat qilgandim, hali pishib yetmadi, chogʻi, toʻkilmay turibdi. Soʻng vaqtlarda yana Ahmad Aʼzam asarlarini takror oʻqidim – ularni bir butun hodisa oʻlaroq anglashga harakat qilib koʻrdim. Luqmon Boʻrixonning «Quyosh hali botmagan» qissasi juda maʼqul kelib, shuning sabablarini qoralagim keldi, shu asnoda yozuvchining boshqa ayrim asarlarini ham qayta varaqladim – bu reja ham ortga surilib turibdi. I.Sultonning tasvirdagi oʻziga xos mahorati haqida yozmoqqa niyatlanib, tahlilga jalb etilajak parchalarni belgilab, ayrim mulohazalarni qayd qilib ham qoʻyibman, bu ish ham unmay turibdi... Aytganlarimdan adabiy jarayonni izchil kuzata olmayotganim, soʻnggi vaqtda yaratilgan asarlarning koʻpini oʻqimaganim sezilib, xullas, orqada qolayotganim yaqqol koʻrinib turibdi. Albatta, kaminani tanqidchi sanov­ chilar bu hol uchun yanishlari mumkin: «Zimmasidagi vazifani bajarmayapti ekan», – deb. Holbuki, kamina tanqidchi emas, oliy oʻquv yurtida bir meʼyor oʻqituvchiligini qilib, sababi tirikchilik vajhidan yana ancha-muncha qoʻshimcha ishlarning ham boshini tutgan, shulardan oshingachgina adabiy jarayonga nazar tashlab, azbaroyi soʻzga muhabbati bois birda-yarim matbuotda tanqidiy maqolalari bilan aralashib turadigan odam, xolos. Sirasini aytganda, tanqidchi oʻlaroq ozmi-koʻpmi tanilganki odam boʻlsa, maqomi – shu. Shuni oʻylasam, tanqidchiligimizni tanqid qiluvchilarning zabtiga olganda: «Bizda tanqid oʻlgan!» – deya iddao qilishlari gʻalat koʻrinadi: oʻzi yoʻq narsa qanday oʻladi?!

Dilmurod Quronov