← Dilmurod Quronov
|

Yaxshilik qil, daryoga ot

Dilmurod Quronov

Taqriz

Asli “Mehr qolur muhabbat qolur” nomli kitobga taqriz yozishga chogʻlanib oʻtirganman-u, fikrim uning dunyoga kelishiga sababchi boʻlgan odamga ogʻib ketaveradi. Yaʼni Muhammad Yusuf haqidagi maqolalar, xotiralar jamlangan ushbu kitobni shoir xotirasiga shahrimizda oʻtkaziluvchi tantanalarga tayyorlashni niyat qilgan va yugurib-yelib shu niyatini roʻyobga chiqargan Bahodir Andijoniyga...

Bahodir aka bilan shu yil 14 fevralda – Bobur tavallud kuni Bogʻishamolda oʻtkazilgan tadbirda tanishdim. Tadbir kuzayotgan mahal yonimga toʻladan kelgan odam kelib, Muhammad Yusufning 60 yilligiga andijonliklarning maqola va xotiralarni toʻplab kitobat qilmoqchi ekanini aytdi. Juda yaxshi, dedim, maʼqullagan boʻldim. Bahodir aka shu kitobga maqola yozib berishimni soʻradi. Rozi boʻldim. Lekin, rosti, kitob chiqarish, ayniqsa, jamoaning (yaʼni egasiz) kitobini chiqarishning nechogʻli mashaqqatli ekanini bilganimdan boʻlsa kerak, oʻshanda bunga jiddiy eʼtibor qilmagan ekanman – xayoldan koʻtarilibdi: vaʼdaga binoan orada bir hafta oʻtib-oʻtmay universitetga kelgan Bahodir akani birdan taniy olmadim. “Hijolatli holat, lekin tushunsa boʻlar: oʻquv jarayonini tashkil qilish bilan bogʻliq ishlar qaynab turgan payt edi-da”,- deyman oʻzimcha. Dam oʻtmay oʻzimga eʼtiroz qilaman: “Toʻgʻri, lekin sen tomondan qaralsa shunday, qarshi tomondan qaralsa-chi?” Xayolan oʻzimni Bahodir akaning oʻrniga qoʻyaman, qoʻyishim bilanoq anjanchasiga oqib kelaveradi: “bu yoqda men shoir xotirasiga kitob chiqaray deb yelib-yugurib yursam-u, adabiyotning nonini yeb yurgan sen...” Oʻylab koʻring-a: kitobga material yigʻish davomida Bahodir aka necha turfa feʼlli odamga necha xil hayotiy vaziyatda roʻbaroʻ kelgan ekan? Yaʼni, “bor-e!” deb qoʻl siltab ketmaslik uchun togʻdek boʻlmasayam tuyadek toqat kerak... agar ezgu niyat quvvatlab turmasa, tuya nima, togʻ ham yemirilmasmidi?!..

Yigitchilikda, bilasiz, “Pul odamning jigaridan boʻlur!” deya hazillashib turiladi. Tan olamizmi yo yoʻqmi, har ne hazil boʻlganida ham, buning bir chekkasi ayni haqiqatligini hammayam koʻp boradan his qilib koʻrgan chiqadi. Endi ikki yuz betli sifati durustgina kitobning nashr xarajatini xomchoʻt qilib koʻring, soʻng shu pulning hammasi choʻntagimdan chiqib ketdi deb oʻylang-da, buyogʻini oʻzingiz mushohada etavering. Xullas, viloyat teatrida yubileyning asosiy tadbiri boʻladigan kun doʻstlar bilan barvaqtroq yetib borgandik, xushnud kayfiyatda Bahodir aka peshvoz chiqdi-da, koʻrishiboq bizni mashinasi tomon boshlab bordi va har birimizga hali matbaa boʻyogʻi ufurib turgan kitobdan bittadanini tutqazdi. Chin dildan tabrikladik, tahsin aytdik. Bahodir aka tadbirdan soʻng shoshib ketib qolmasligimizni soʻragandi, chiqsak, kutib turgan ekan: “Oʻqiydigan bolalarga berasizlar!” deya qoʻlimizga yana oʻnta-oʻntadan kitob tutqazdi...

Ota-buvalarimiz keyin ham savobi borib turadi degan umidda koʻprik solganlar, yoʻl ochganlar, maktabu madrasa qurganlar. Duo qiling, Bahodir aka qilgan ish ham shular sirasida sanalsin. Zero, bir yurtdosh xotirasiga eʼzoz, adabiyotga begʻaraz mehri tufaylidangina vaqti, kuchi va molini begʻaraz sarflamoq javonmardlikdir. Shunday anʼanalari va ularni davom ettirishga qodir odamlari bor yurt iqboli baland boʻlgay, inshaolloh.

Dilmurod Quronov