Yurtimiz tarixida, madaniyatida shunday siymolar borki, ularning nomlari milliy tafakkurimizda muay yan tushunchalarni, mavhumotlarni ifodalovchi belgiga – emblemaga aylanib qolgan. Xuddi mumtoz sheʼriyatda Yusuf alayhissalom nomi «goʻzallik», Ayyub paygʻambar nomi «sabr» belgisiga aylangani kabi. Shunday siymolar qatoriga hech ikkilanmasdan Zulfiyaxonimni ham qoʻshsa boʻladi. Zero, uning nomi milliy tafakkurimizda vafo va sadoqat belgisiga aylangandir. Albatta, bu xalqning Zulfiyaga yuksak ehtiromidan dalolat, ayni chogʻda, u tufayli shoira ijodining qabul qilinishida muayyan muammolar ham kelib chiqadi. Shulardan nazarimizda eng muhimlariga toʻxtalib oʻtamiz.
Birinchisi. Eng avval Zulfiya nomining «vafo va sadoqat» belgisiga aylanish jarayonini kuzataylik. Zulfiyaxonim peshonasiga, bir tomondan, shoirlik, ikkinchi tomondan, yuragida hijronning choʻng dardiyu sevgisidan yodgor farzandlariga bor mehrini bagʻishlab yashash qismati bitilgan ekan. Zulfiyaxonim taqdiri va sheʼr degani mohiyatan shoirning taqdir yoʻlidagi minglab katta-kichik bekatlardan biridagi koʻngil holi ifodasi ekanini eʼtiborga olsak, tuygʻulari «mangulik hijron» va «farzandlar bilan bogʻliq umidlar» orasida kechgani, bas, vafo va sadoqatdan bahs etuvchi sheʼrlari koʻp boʻlishi tabiiy. Yaʼni avval shundan kelib chiqib Zulfiyaga «vafo-sadoqat kuychisi» sifati berilyapti, soʻng shu sifat asosida Zulfiyaning oʻzi «vafo-sadoqat» timsoli – belgisiga aylanadi. Maktab taʼlimi, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, ommaviy axborot vositalari taʼsirida ongimizda Zulfiyaning belgilik xususiyati mustahkamlanib boradi. Natijada ommaviy oʻquvchining shoira ijodiga stereotip asosida yondashish, unda Zulfiya ijodi haqida anchayin tor, birgina «vafo va sadoqat kuychisi» degan tasavvur hosil boʻlishi ehtimoli ortadi. Holbuki, «vafo va sadoqat kuychisi» degani Zulfiya ijodining bir belgisi (sifati, xususiyati maʼnosida), belgi esa narsa-hodisani toʻla qamrab ololmaydi, chunki uning yana boshqa qator belgilari ham bor. Xususan, Zulfiya sheʼriyati mavzu eʼtibori bilan gʻoyat rang-barang, «vafo va sadoqat» mavzusida bitilganlari bir qism, xolos.
Ehtimol, ushbu mulohazalar bu kungi tantanalar ruhiga mos emasdek, xulosalarim shunchaki vahimadek tuyular. Hukm chiqarishga shoshmasdan, yaqin oʻtmish tajribasini eslab koʻraylik. Oʻz vaqtida Hamzadan «oʻzbek shoʻro adabiyotining asoschisi» degan belgi yaratilgan. Toʻgʻri, faoliyatining maʼlum bir davrida shoirning shoʻro ruhida ijod qilgani bor gap. Biroq, aqlga tayinki, jadid maʼrifatchisi boʻlmish Hamza bir yumalab «shoʻro shoiri» boʻlib qolgan emas, u shoʻroning jadidchilik ruhiga yaqin gʻoya va amallarini tarannum etgan: xotin-qizlar ozodligi, xurofotni tanqid qilish, madaniyat, sanʼat va maʼrifatni rivojlantirish kabi. Deganim, Hamza toʻntarishdan soʻng ham unga qadar qilib yurgan ishini davom ettiravergan, balki, «oʻzbek shoʻro adabiyoti»ga asos qoʻyayotirman deb oʻylab koʻrmagan ham chiqar. Birgina aybi, shoʻro mafkurachilarining targʻibiy-tashviqiy ishlarida zarur belgini yaratish uchun qulay biografiya va shoʻrocha ruhda ham talqin qilsa boʻladigan sheʼrlari borligi. Oqibat esa maʼlum: hayoti va ijodi «oʻzbek shoʻro adabiyoti asoschisi» degan belgi nuqtai nazaridangina oʻrganildi, talqinu targʻib etildiki, oʻrta maktabni bitirganki odam «Boy ila xizmatchi» dramasiyu «Yasha, Shoʻro», «Ishchilar, uygʻon» singari sheʼrlar muallifi boʻlgan Hamzani bildi. Ha, yaqin-yaqingacha Hamza haqidagi tasavvurimiz maktabda quloqqa kirib qolgan bitta-ikkita gapdan nari oʻtmasa-da, Hamzani bilishimizga aslo shubha qilmay yurdik. Shu tariqa belgi oʻzining haqiqiy Hamzadan ayro mustaqil hayoti bilan yashay boshladi, amalda ikkita Hamza paydo boʻldi. Yaʼni ommaviy oʻquvchi belginigina tanidi, Hamzani tanimay qoldi...
Yuqorida muxtasar kuzatilgan jarayon qonuniyat maqomida, xuddi soʻzning oʻz motivatsiyasidan uzilib tobora abstraktlashib borishi kabi. Masalan, hozirda Ayyub paygʻambarning sabr timsoli ekanligini bilamiz, lekin aksariyat koʻpchilik shunga asos boʻlgan rivoyatni bilmaydi. Yaʼni ular uchun «Ayyub paygʻambar» degani bilan abstrakt tushunchani ifodalovchi «sabr» soʻzi hech farq qilmaydi. Ikkinchi tomoni, Hamza misolida koʻrilgan qismat tarbiyaviy, tashviqiy va yo boshqa maqsadda nomi qayta-qayta takrorlanadigan ijodkorlarga u yoki bu darajada xosdir. Hech shubhasiz, Zulfiyaning hayoti gʻoyat ibratli va yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda shoira hayoti va ijodini targʻib qilish borasida qilinayotgan keng koʻlamli ishlarni har jihatdan maʼqullash, qoʻllab-quvvatlash darkor. Ayni chogʻda, ushbu xayrli ishlar yuqoridagi kabi nomaqbul natijalarga olib kelishi mumkinligi ehtimolini ham nazardan qochirmaslik zarur boʻladi.
Ikkinchisi. Maʼlumki, shoirning siyrati – maʼnaviy qiyofasi butun ijodi kontekstidagina toʻla namoyon boʻladi, zero, alohida olingan sheʼrda ijodkor qalbining oniy lahzalardagi holati suratlanadi, xolos. Yaʼni har bir konkret sheʼrda aks etgan HOL ijodkor siyratining muhim chizgisi, bas, usiz maʼnaviy qiyofa toʻkis boʻlolmaydi. Agarki sheʼr javhari boʻlmish HOL qalbning oniy lahzalardagi surati ekan, uning qolipini yasamoq imkondan tashqarida. Afsuski, buni har doim ham yodda tutmaymiz. Masalan, Zulfiyaxonim sheʼriyatidagi muallifiga «vafo va sadoqat» kuychisi nomini olib bergan sheʼrlarni olaylik (bunday sheʼrlar esa shoira merosida ancha salmoqli oʻrin tutadi). Hatto shu sheʼrlarga ham muallifi «vafo va sadoqat» timsoli ekanidan kelib chiqqan holda yondashish toʻgʻri boʻlmaydi. Negaki har qanday qolip sheʼr mazmun-mohiyatini toraytirishga olib keladi. Chunki qolip ongimizda shoir haqida turgʻun tasavvurni yaratib qoʻyadi, inson qalbi esa aslo statik hodisa emas, u mudom harakat-oʻzgarishdagi xilqatdir. Sheʼrda shu harakat-oʻzgarishning bir lahzasi aks etadi, xolos. Sheʼr idroki eng avval ayni shu lahzani (HOLni) qalbda qayta yashatmoq, yaʼni lirik qahramon kechinmalarini koʻngilda kechirmoq, «sheʼrning mavzusi, sheʼrning gʻoyasi» deydiganlarimiz esa shundan oʻstirib chiqariladi. Agar sheʼrga qolip asosida yondashsak, bunga batamom teskari yoʻldan borgan, goʻyo matematik misoli berilgan teoremani isbotlagan boʻlamiz – mutolaamiz badiiyat hodisasidan yiroq tushadi.
Nima demoqchi boʻlayotganimni soddaroq yoʻsinda izohlashim zarurga oʻxshaydi. Zulfiya 1945 yilda, hali hayotidagi ulkan yoʻqotishga yil toʻlmagan bir paytda yozgan «Ne baloga etding mubtalo» sheʼrini «Birga qolish uchun sen bilan Kuyaman-u, boʻlmayman ado» misralari bilan yakunlaganki, bu uning Hamid Olimjondan keyingi butun hayoti dasturi desak yanglish boʻlmaydi. Zero, bu satrlar umrbod yor yodi bilan yashashga qasamdek yangraydi. Qarang, lirik qahramon «birga qolish», yaʼni yor yodi bilan yashash uchun «ado boʻlmay kuyish» – umrbod azobda yashashga hozir. Eng muhimi, mazkur qasam-misralar azobning qanchalar ekanini his etgan holda aytilgan. Sheʼrdan terib olingan quyidagi misralar buni yorqin his qildiradi:
Koʻz ochgani qoʻymaydi alam,
Boshim qoʻysam, kuydirar bolish.
Bardosh bermas iroda, idrok,
Tamoman lol aql, tushuncha.
Togʻday bor deb bilgan yuragim
Qush boshicha qolmadi, chogʻi.
Mazkur misralarda aks etgan HOLni shoira «Seni birdan jonsiz koʻrdim, Jonim chiqdi mening-da» degani oʻsha mashʼum kundan to umrining oxiriga qadar turli daraja va koʻrinishda muttasil yashab oʻtganini nazarda tutsak, «Oʻtdi oylar gʻam bilan oqib, Dil topmadi zarra tasallo» deya butun hayotiga nisbatan ham aytishga haqli ekani ayon boʻladi. Aytmoqchimanki, «vafo va sadoqat» belgisiga aylanish zaminida yoʻqotishning beadad alam-iztiroblari, atrofdagi doʻst-dushmanu murgʻak farzandlardan yashirincha toʻkilgan koʻzyoshlar, qiyomatga qadar qondirilmasligi muqarrar sogʻinch hissi kabilar yotadi. Yaʼni Zulfiya «vafo va sadoqat» timsoli degan gapni shunchaki toʻtimisol takrorlab emas, sheʼrlarida aks etgan HOLni his etish asosida aytmoq joizdir. Aks holda, Zulfiyaga yaqinlashish yoʻlidagi saʼy-harakatlar haqiqatda undan uzoqlashtirib, shunchaki «kumir» yaratilishiga olib keladi, xolos...
Yuqoridagilarni xulosalab aytish mumkinki, adabiyotshunoslik ilmi va adabiy taʼlim tizimi Zulfiya nomi oʻquvchi omma ongida shunchaki belgi boʻlib qolmasligi uchun masʼuldir. Buning esa birgina yoʻli bor – oʻquvchini Zulfiya ijodiga chinakam yaqinlashtirish, uni shoira sheʼrlarida aks etgan ulkan QALBga oshno etib, ongida u qoldirgan boy meros haqida imkon qadar toʻlaroq tasavvur hosil qilish.
2015 yil
Tarjima muammolari
Юртимиз тарихида, маданиятида шундай сиймолар борки, уларнинг номлари миллий тафаккуримизда муай ян тушунчаларни, мавҳумотларни ифодаловчи белгига – эмблемага айланиб қолган. Худди мумтоз шеъриятда Юсуф алайҳиссалом номи «гўзаллик», Айюб пайғамбар номи «сабр» белгисига айлангани каби. Шундай сиймолар қаторига ҳеч иккиланмасдан Зулфияхонимни ҳам қўшса бўлади. Зеро, унинг номи миллий тафаккуримизда вафо ва садоқат белгисига айлангандир. Албатта, бу халқнинг Зулфияга юксак эҳтиромидан далолат, айни чоғда, у туфайли шоира ижодининг қабул қилинишида муайян муаммолар ҳам келиб чиқади. Шулардан назаримизда энг муҳимларига тўхталиб ўтамиз.
Биринчиси. Энг аввал Зулфия номининг «вафо ва садоқат» белгисига айланиш жараёнини кузатайлик. Зулфияхоним пешонасига, бир томондан, шоирлик, иккинчи томондан, юрагида ҳижроннинг чўнг дардию севгисидан ёдгор фарзандларига бор меҳрини бағишлаб яшаш қисмати битилган экан. Зулфияхоним тақдири ва шеър дегани моҳиятан шоирнинг тақдир йўлидаги минглаб катта-кичик бекатлардан биридаги кўнгил ҳоли ифодаси эканини эътиборга олсак, туйғулари «мангулик ҳижрон» ва «фарзандлар билан боғлиқ умидлар» орасида кечгани, бас, вафо ва садоқатдан баҳс этувчи шеърлари кўп бўлиши табиий. Яъни аввал шундан келиб чиқиб Зулфияга «вафо-садоқат куйчиси» сифати бериляпти, сўнг шу сифат асосида Зулфиянинг ўзи «вафо-садоқат» тимсоли – белгисига айланади. Мактаб таълими, турли маданий-маърифий тадбирлар, оммавий ахборот воситалари таъсирида онгимизда Зулфиянинг белгилик хусусияти мустаҳкамланиб боради. Натижада оммавий ўқувчининг шоира ижодига стереотип асосида ёндашиш, унда Зулфия ижоди ҳақида анчайин тор, биргина «вафо ва садоқат куйчиси» деган тасаввур ҳосил бўлиши эҳтимоли ортади. Ҳолбуки, «вафо ва садоқат куйчиси» дегани Зулфия ижодининг бир белгиси (сифати, хусусияти маъносида), белги эса нарса-ҳодисани тўла қамраб ололмайди, чунки унинг яна бошқа қатор белгилари ҳам бор. Хусусан, Зулфия шеърияти мавзу эътибори билан ғоят ранг-баранг, «вафо ва садоқат» мавзусида битилганлари бир қисм, холос.
Эҳтимол, ушбу мулоҳазалар бу кунги тантаналар руҳига мос эмасдек, хулосаларим шунчаки ваҳимадек туюлар. Ҳукм чиқаришга шошмасдан, яқин ўтмиш тажрибасини эслаб кўрайлик. Ўз вақтида Ҳамзадан «ўзбек шўро адабиётининг асосчиси» деган белги яратилган. Тўғри, фаолиятининг маълум бир даврида шоирнинг шўро руҳида ижод қилгани бор гап. Бироқ, ақлга тайинки, жадид маърифатчиси бўлмиш Ҳамза бир юмалаб «шўро шоири» бўлиб қолган эмас, у шўронинг жадидчилик руҳига яқин ғоя ва амалларини тараннум этган: хотин-қизлар озодлиги, хурофотни танқид қилиш, маданият, санъат ва маърифатни ривожлантириш каби. Деганим, Ҳамза тўнтаришдан сўнг ҳам унга қадар қилиб юрган ишини давом эттираверган, балки, «ўзбек шўро адабиёти»га асос қўяётирман деб ўйлаб кўрмаган ҳам чиқар. Биргина айби, шўро мафкурачиларининг тарғибий-ташвиқий ишларида зарур белгини яратиш учун қулай биография ва шўроча руҳда ҳам талқин қилса бўладиган шеърлари борлиги. Оқибат эса маълум: ҳаёти ва ижоди «ўзбек шўро адабиёти асосчиси» деган белги нуқтаи назаридангина ўрганилди, талқину тарғиб этилдики, ўрта мактабни битирганки одам «Бой ила хизматчи» драмасию «Яша, Шўро», «Ишчилар, уйғон» сингари шеърлар муаллифи бўлган Ҳамзани билди. Ҳа, яқин-яқингача Ҳамза ҳақидаги тасаввуримиз мактабда қулоққа кириб қолган битта-иккита гапдан нари ўтмаса-да, Ҳамзани билишимизга асло шубҳа қилмай юрдик. Шу тариқа белги ўзининг ҳақиқий Ҳамзадан айро мустақил ҳаёти билан яшай бошлади, амалда иккита Ҳамза пайдо бўлди. Яъни оммавий ўқувчи белгинигина таниди, Ҳамзани танимай қолди...
Юқорида мухтасар кузатилган жараён қонуният мақомида, худди сўзнинг ўз мотивациясидан узилиб тобора абстрактлашиб бориши каби. Масалан, ҳозирда Айюб пайғамбарнинг сабр тимсоли эканлигини биламиз, лекин аксарият кўпчилик шунга асос бўлган ривоятни билмайди. Яъни улар учун «Айюб пайғамбар» дегани билан абстракт тушунчани ифодаловчи «сабр» сўзи ҳеч фарқ қилмайди. Иккинчи томони, Ҳамза мисолида кўрилган қисмат тарбиявий, ташвиқий ва ё бошқа мақсадда номи қайта-қайта такрорланадиган ижодкорларга у ёки бу даражада хосдир. Ҳеч шубҳасиз, Зулфиянинг ҳаёти ғоят ибратли ва ёшларни миллий қадриятлар руҳида тарбиялашда улкан аҳамият касб этади. Шу маънода шоира ҳаёти ва ижодини тарғиб қилиш борасида қилинаётган кенг кўламли ишларни ҳар жиҳатдан маъқуллаш, қўллаб-қувватлаш даркор. Айни чоғда, ушбу хайрли ишлар юқоридаги каби номақбул натижаларга олиб келиши мумкинлиги эҳтимолини ҳам назардан қочирмаслик зарур бўлади.
Иккинчиси. Маълумки, шоирнинг сийрати – маънавий қиёфаси бутун ижоди контекстидагина тўла намоён бўлади, зеро, алоҳида олинган шеърда ижодкор қалбининг оний лаҳзалардаги ҳолати суратланади, холос. Яъни ҳар бир конкрет шеърда акс этган ҲОЛ ижодкор сийратининг муҳим чизгиси, бас, усиз маънавий қиёфа тўкис бўлолмайди. Агарки шеър жавҳари бўлмиш ҲОЛ қалбнинг оний лаҳзалардаги сурати экан, унинг қолипини ясамоқ имкондан ташқарида. Афсуски, буни ҳар доим ҳам ёдда тутмаймиз. Масалан, Зулфияхоним шеъриятидаги муаллифига «вафо ва садоқат» куйчиси номини олиб берган шеърларни олайлик (бундай шеърлар эса шоира меросида анча салмоқли ўрин тутади). Ҳатто шу шеърларга ҳам муаллифи «вафо ва садоқат» тимсоли эканидан келиб чиққан ҳолда ёндашиш тўғри бўлмайди. Негаки ҳар қандай қолип шеър мазмун-моҳиятини торайтиришга олиб келади. Чунки қолип онгимизда шоир ҳақида турғун тасаввурни яратиб қўяди, инсон қалби эса асло статик ҳодиса эмас, у мудом ҳаракат-ўзгаришдаги хилқатдир. Шеърда шу ҳаракат-ўзгаришнинг бир лаҳзаси акс этади, холос. Шеър идроки энг аввал айни шу лаҳзани (ҲОЛни) қалбда қайта яшатмоқ, яъни лирик қаҳрамон кечинмаларини кўнгилда кечирмоқ, «шеърнинг мавзуси, шеърнинг ғояси» дейдиганларимиз эса шундан ўстириб чиқарилади. Агар шеърга қолип асосида ёндашсак, бунга батамом тескари йўлдан борган, гўё математик мисоли берилган теоремани исботлаган бўламиз – мутолаамиз бадиият ҳодисасидан йироқ тушади.
Нима демоқчи бўлаётганимни соддароқ йўсинда изоҳлашим зарурга ўхшайди. Зулфия 1945 йилда, ҳали ҳаётидаги улкан йўқотишга йил тўлмаган бир пайтда ёзган «Не балога этдинг мубтало» шеърини «Бирга қолиш учун сен билан Куяман-у, бўлмайман адо» мисралари билан якунлаганки, бу унинг Ҳамид Олимжондан кейинги бутун ҳаёти дастури десак янглиш бўлмайди. Зеро, бу сатрлар умрбод ёр ёди билан яшашга қасамдек янграйди. Қаранг, лирик қаҳрамон «бирга қолиш», яъни ёр ёди билан яшаш учун «адо бўлмай куйиш» – умрбод азобда яшашга ҳозир. Энг муҳими, мазкур қасам-мисралар азобнинг қанчалар эканини ҳис этган ҳолда айтилган. Шеърдан териб олинган қуйидаги мисралар буни ёрқин ҳис қилдиради:
Кўз очгани қўймайди алам,
Бошим қўйсам, куйдирар болиш.
Бардош бермас ирода, идрок,
Тамоман лол ақл, тушунча.
Тоғдай бор деб билган юрагим
Қуш бошича қолмади, чоғи.
Мазкур мисраларда акс этган ҲОЛни шоира «Сени бирдан жонсиз кўрдим, Жоним чиқди менинг-да» дегани ўша машъум кундан то умрининг охирига қадар турли даража ва кўринишда муттасил яшаб ўтганини назарда тутсак, «Ўтди ойлар ғам билан оқиб, Дил топмади зарра тасалло» дея бутун ҳаётига нисбатан ҳам айтишга ҳақли экани аён бўлади. Айтмоқчиманки, «вафо ва садоқат» белгисига айланиш заминида йўқотишнинг беадад алам-изтироблари, атрофдаги дўст-душману мурғак фарзандлардан яширинча тўкилган кўзёшлар, қиёматга қадар қондирилмаслиги муқаррар соғинч ҳисси кабилар ётади. Яъни Зулфия «вафо ва садоқат» тимсоли деган гапни шунчаки тўтимисол такрорлаб эмас, шеърларида акс этган ҲОЛни ҳис этиш асосида айтмоқ жоиздир. Акс ҳолда, Зулфияга яқинлашиш йўлидаги саъй-ҳаракатлар ҳақиқатда ундан узоқлаштириб, шунчаки «кумир» яратилишига олиб келади, холос...
Юқоридагиларни хулосалаб айтиш мумкинки, адабиётшунослик илми ва адабий таълим тизими Зулфия номи ўқувчи омма онгида шунчаки белги бўлиб қолмаслиги учун масъулдир. Бунинг эса биргина йўли бор – ўқувчини Зулфия ижодига чинакам яқинлаштириш, уни шоира шеърларида акс этган улкан ҚАЛБга ошно этиб, онгида у қолдирган бой мерос ҳақида имкон қадар тўлароқ тасаввур ҳосил қилиш.
2015 йил
Таржима муаммолари
Dilmurod Quronov